Yaxshi bilamiz, garov – mijozga kredit ajratishda ta’minotning bir turidir. U mulk, zakalat, huquqlar va tovar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Kredit ta’minotiga taqdim etilgan mulk, zakalat, huquqlar va tovar kredit asosiy qarzi va foizlarining to‘liq qaytarilishiga garov hisoblanadi. Shu munosabat bilan, garov bahosi kredit summasidan o‘rtacha 20-30 foizga ko‘proq bo‘lishi kerak. Kredit to‘lovlari muddatida qaytarilmagan taqdirda, kredit to‘lovlarini undirish garovga qo‘yilgan ta’minotga qaratiladi.
Sirdaryo viloyat sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor «U.O.H» MCHJdan undiruvchi AT «Ipoteka bank» foydasiga 4,1 mlrd. so‘m kredit qarzini undirish, undiruvni garov mulki bo‘lgan «M.G.S.» MCHJga tegishli bo‘lgan Mirzaobod tumanida joylashgan avtomobillarga siqilgan (metan) gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyasiga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Mirzaobod tuman bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan va tegishli tartibda ijro ishi qo‘zg‘atilib, taraflarga yuborilgan.
Bank oldidagi kredit qarzdorligi ixtiyoriy muddatda bartaraf etilmagach, majburiy ijro harakatlariga kirishildi.
Xususan, garov mulki hisoblangan mazkur kompressor stansiyasi xatlanib, 5 mlrd. so‘m boshlang‘ich qiymatda «E-AUKSION» savdo maydonchasiga kimoshdi savdosiga chiqarilgan.
Sotuvdan tushgan pul mablag‘lari kredit qarzdorligini bartaraf etish uchun yo‘naltiriladi.