AQSh prezidenti Donald Tramp uning ma’muriyati chet elliklarga 5 million dollarga doimiy propiska olish imkonini beruvchi yangi “oltin karta” dasturini ishga tushirayotganini aytdi.
Bu haqda u seshanba kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sxema investorlarga “green kartaning qo‘shimcha imtiyozlari”ni taqdim etadi va boy odamlarni mamlakatga jalb qilish uchun rag‘bat yaratadi.
“Mamlakatimizga boy odamlar keladi, muvaffaqiyatga erishadi, pul sarflaydi, soliq to‘laydi va ish o‘rinlari yaratadi”, — dedi Tramp.
AQSh Savdo vaziri Govard Lutnikning tushuntirishicha, yangi tashabbus xorijlik investorlarga vizalar taqdim etuvchi amaldagi EB-5 sxemasini almashtiradi.
Unga ko‘ra, dastur ishtirokchilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh g‘aznasiga 5 million dollar kiritishlari va majburiy tekshiruvdan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Bunday dasturlar turli mamlakatlarda keng qo’llaniladi, lekin ko’pincha xavfsizlikka mumkin bo’lgan tahdidlar, korrupsiya xavfi va soliq to’lashdan bo’yin tovlash sxemalari tufayli xavotir uyg’otadi.
Amerika rasmiylari hozircha ishtirokchilarni tanlash tafsilotlarini oshkor qilmadi. Rossiyalik oligarxlar dasturdan foydalana oladimi, degan savolga Tramp shunday javob berdi: “Ha, bu mumkin. Men ulardan ba’zilarini bilaman, ular juda yaxshi odamlar”.
Ushbu tashabbusning e’lon qilinishi Tramp ma’muriyatining noqonuniy muhojirlarga qarshi deportatsiya siyosatini kuchaytirishi bilan bir vaqtga to’g’ri keldi. Noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashga qaramay, yangi sxema badavlat xorijliklarga Qo’shma Shtatlarda doimiy yashash huquqini qo’lga kiritishning qonuniy yo’lini taklif qiladi.