Buxoroda 20 yoshli bolaning ichaklaridan 5 dona to‘g‘nog‘ich va 6 dona mix olib tashlandi. Bemor yigit operatsiyadan 2 kun oldin mazkur jismlarni yutib yuborgani sabab sog‘ligi yomonlashi, kasalxonaga olib kelingan.
RSHTYOIM Buxoro filiali mutaxassisi tomonidan oshqozon va 12 barmoqli ichaklariga tushgan yot jismlar muvaffaqiyatli olib tashlandi. Bu haqda RSHTYOIM Buxoro filiali Axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, kuni kecha RSHTYOIM Buxoro filialiga 2005 yilda tug‘ilgan bemor ko‘ngil aynishi, epigastral sohasidagi kuchli og‘riq va ovqat o‘tishining qiyinlashishidan shikoyat qilib murojaat qilgan.
Anamnezidan u 2 kun oldin ko‘p to‘g‘nog‘ich va mix yutganligini bildirgan. Shuningdek, bemor psixiatr nazoratida ro‘yxatda turgan.
Unda o‘tkazilgan rentgenografiya tekshiruvida oshqozon va 12 barmoqli ichakda ko‘p sonli metallsimon yot jismlar, FGDS tekshiruvi orqali oshqozonning pilorik qismida katta egriligida metallsimon ko‘p sonli 2X5 sm li metalsimon to‘g‘nog‘ich va mixlar borligi aniqlangan. Bemorda zudlik bilan endoskopik amaliyot usuli muvaffaqiyatli bajarilgan. Xirurg endoskopist A.Haydarov tomonidan maxsus endoskopik qisqich “Krokodil tishi” va maxsus endoskopik ilgaklar yordamida bosqichma-bosqich 5 dona metallsimon to‘g‘nog‘ich va 6 dona mix yot jismlari bemor oshqozoni va 12 barmoqli ichak bo‘shlig‘idan olib tashlangan.
Hozirda bemorning ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarib, oshqozon ichak traktidagi patologik muammolar bartaraf qilinishiga erishilgan.