O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati rekord darajada oshdi

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati rekord darajada oshdi

Markaziy bank 2025 yil fevralda mamlakat yalpi xalqaro zaxiralari qiymati 2 mlrd dollarga ko‘payganini ma’lum qildi. Bu oltin narxining 2791,50 dollardan 2861,40 dollargacha o‘sgani bilan izohlanadi.

2025-yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro zaxiralari 44 mlrd 943 mln dollardan oshdi (1-fevralda 42,9 mlrd dollar bo‘lgan). Shundan oltin qiymati 34 mlrd 860 mln dollar, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar 9,5 mlrd dollarni tashkil etgan.

Fevral oyi davomida xalqaro zaxiralarning oltin qoldig‘i 10,7 tonnaga kamayib, 345,8 tonna qolgan. Yaʼni qimmatbaho metallning fizik hajmi qisqargan, biroq narx o‘sishi hisobiga miqdor kamaysa-da, qiymat keskin pasaymagan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov faraziga ko‘ra, fevralda Markaziy bank yirik miqdorda oltin eksport qilgan bo‘lishi mumkin.

“Fevral oyi davomida xalqaro zaxiralarning oltin qoldig‘i 380 ming unsiyaga qisqargan. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilardan oy davomida sotib olingan oltin va rekord narxlar ham hisobga olinsa, chetga 700–750 ming unsiya yoki qiymatda kamida 2,1-2,3 mlrd dollarlik oltin sotilganini anglatadi. Pandemiyadan keyin bir oy ichida bundan ko‘proq qiymatda oltin sotilmagan (2020-yil avgustda 2,5 mlrd dollarlik oltin sotilgan). Aynan rekord darajada oltin sotilgani hisobiga zaxiralarning valyuta qismi 2,2 mlrd dollardan ko‘pga o‘sib, 9,5 mlrd dollardan oshgan. Xususan, qimmatli qog‘ozlar qoldig‘i 100,4 mln dollarga ko‘payib, 202,5 mln dollarni tashkil etgan”, — deya fikr bildirgan mutaxassis.

So‘ngi yetti yilning mart oylari avvalida O‘zbekiston xalqaro zaxiralari qiymati quyidagicha o‘zgargan:

  • 2018-yil — 28,3 mlrd dollar;
  • 2019-yil — 28,1 mlrd dollar;
  • 2020-yil — 30,5 mlrd dollar;
  • 2021-yil — 33,2 mlrd dollar;
  • 2022-yil — 35,3 mlrd dollar;
  • 2023-yil — 33,9 mlrd dollar;
  • 2024-yil — 32,2 mlrd dollar