Bugun Samarqand viloyati hokimi qurilish masalalari bo’yicha yig’ilish o’tkazdi. Unda mutasaddilar va qurilish rahbarlari ishtirok etib, sohada yo’l qo’yilayotgan kamchiliklar tanqidga olindi, shahardagi qurilishlar vaqtincha, talablarni bajarmagunicha to’xtatilishi aytildi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Samarqandda noqonuniy qurilayotgan imoratlar ko‘payayotgani, bu holatga mas’ullar tomoshabin bo‘lib turganini tanqid qildi.
— So’nggi yillarda shaharda noqonuniy qurilmalar juda ham ko’payib ketgan. Hamma joyda o’zboshimchalik bilan ko’p qavatli uylar qurilishi boshlangan, ularning ko’pida ruxsati yo’q, — deydi Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev.
Shuningdek, viloyat hokimi buni bilib turib, kimlardir shunga sherik ekanligini tanqid qilgan. Shaharda kundan-kunga istirohat bog’lari kamayib borayotganini ta’kidlab, ertaga aholining dam olishi uchun joy qolmasligini aytib o’tgan.
— Sport bilan shug’illanaman, desa o’yingoh ham yo’q. Hamma joyni «dom» qilib qurib tashlaganmiz, o’n ikki, o’n olti qavat qilib. «Dom»ni quryapmiz, yonida maktabi ham, bog’chasi ham yo’q, nima degan gap bu? — deydi Adiz Boboyev.
Boboyev shahardagi qurilayotgan uylarning aksarida infratuzilmasi ham mavjud emasligini, ertaga konalizatsiyasi nima bo’lishidan xavotirdaligini gapirgan. Buning oqibatida yo’llarda kelgusida qanday tirbantliklar yuzaga kelishi hech kimni qiziqtirmayotganini, maktab uchun joy ham qoldirilmaganini alohida tilga olgan.
— Birorta ham bunday qurilish qilinmaydi, hammasi to’xtatiladi. Maktabini qiladi, bog’chasini qiladi, yo’lini qiladi, suvini qiladi, keyin qurilishini davom ettiradi, — degan Adiz Boboyev.