(…botanikaga oid emas!)
U kecha yana qattiq so‘kindi: eshik oldida turgan yigitga, keyin yonidagi dugonasiga. Barmoqlari orasida siqilgan sigaret, g‘azab va alam bilan qisilgan jag‘… “Ayol nazokatli bo‘lishi kerak”, deyishadi-ku, lekin u endi nozik bo‘lolmaydi. Bo‘lishni ham istamaydi.
U bolaligidan shuni ko‘rdi: odamlar yaxshi qizlardan foydalanishadi. Ularni ezishadi, xo‘rlashadi, tahqir qilishadi. Qiz yig‘lasa, uni – “kuchsiz” deyishadi, o‘zini himoya qilsa, uni – “buzuq”, deyishadi… Xonadon burchagida o‘tirib olgan onasini esladi: so‘kong‘ich eriga – xiyonatkor otasiga biror marta keskin javob qaytarmagan ayolni. Onasi sabr qildi, onasi jim o‘tirdi. Onasi “yaxshi ayol” bo‘ldi… Faqat baxtli ayol bo‘lolmadi. Ne shomki, yaxshi ayollar hech qachon baxtli bo‘lmaydi.
Shuning uchun u o‘zini boshqacha tutdi. Birinchi marta baqirganida… o‘zini kuchli his qildi! Birinchi marta so‘kinganida… ovozi eshitildi! Unga orqasini o‘girgan yigitlarga… endi o‘zi orqasini o‘gira boshladi! Sigaret? Uning og‘zidan tutun chiqishi unga… kuch bag‘ishladi! Ichish? Ichsa, kechasi uyqu keladi, bolaligini eslamaydi!..
Lekin ba’zan… ba’zan u tunda yig‘laydi. Ana shunda bir paytlar ichidagi pok qizaloq hech qayoqqa ketmaganini sezadi. Yuragi torayib, og‘zidagi achchiq tamni his qiladi. “Men charchadim”, deydi ich-ichida. “Nega men shunday bo‘ldim?”, deya ichkin shivirlaydi boz, o‘ziga. Lekin javob yo‘q. Chunki u bu dunyoda boshqacha yashashni bilmadi.
Uni hayot shu ko‘rinishga soldi. Erkaklar istagancha yomonlik qilishdi, jamiyat ularni kechirdi, ayollarga esa… chidashni o‘rgatishdi. U chidamadi. U javob qaytardi. Unga “erkakshodasan”, deyishadi. U esa, bor-yo‘g‘i, “yaxshi qiz” bo‘lish evaziga yo‘qolib ketishni xohlamadi.
Lekin aslida u hali ham o‘sha qizaloq. Faqat shafqatsiz dunyoda yashash uchun niqob taqib yuradi, xolos.
U ko‘p narsadan voz kechdi: yoqimli gapirish, mayin jilmayish, ayolga xos muloyimlik… Chunki bu fazilatlar uni himoya qilmadi.
Botiniy g‘ulomgardish: qayg‘u va iroda o‘rtasidagi almashinuv raqsi.
Uning ichki olami, sirli labirint kabi – har bir burchagida yashirin iztiroblar va umidning porloq chaqnashi mavjud edi. Jamiyatning sovuq ko‘zlari va cheksiz talablar ostida, u o‘zining tabiiy nozikligini himoya qilish uchun gohida o‘ziga xos bir qalqon yasaydi. Shu qalqon – erkakshodalashuv shaklida ifoda topadi. Bu nafaqat tashqi ko‘rinish, balki ichki dunyosini, urishish istagini va o‘zligini saqlash uchun qilinayotgan kurash edi. Har bir qadamda u ichki yovvoyi his-tuyg‘ularni nazorat ostida saqlashga, o‘zining eng zaif va eng kuchli tomonlari o‘rtasida nozik muvozanatni tiklashga intilib kelardi.
Ko‘z yoshlari namlik ila sochilgan paytda, uning yuragi go‘yo yulduzlar o‘chib ketgan kechadek jimjit bo‘ladi. Sukut – bu uning o‘z og‘riqlarini, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, kimsaga aytolmaydigan ichki dardlarini ifodalaydi. Har bir jimlik, har bir ichki nafas, unutilgan so‘zlar va orzularni qayta jonlantirish uchun yashirin signal bo‘lib, u o‘zini ichki qorong‘ulik va yorug‘lik o‘rtasida yo‘qolgan deb his qilganda, bu sukut unga hayotiy kuch bag‘ishlardi.
Yaxshi qizning qalbi – bu yorug‘lik va zulmatning murakkab raqsi, har bir yurak urishi – bu kurash va taslim bo‘lmaslikning ifodasidir. Shu sababli, ba’zida u o‘zini himoya qilish uchun, an’anaviy noziklik o‘rniga, erkakshodalashuv orqali mustahkamlik va qat’iyatni namoyon etadi. Bu – uning ichki olamidagi yo‘qolgan ovozlarni qaytarib olish, o‘zligini mustahkamlash uchun qilinayotgan noodatiy va hayajonli bir iz yoxud harakatdir.
Uning ichki olami – bu nafaqat tashqi jilva va muloyimlik, balki dard, yolg‘izlik va qashshoq orzular bilan bezatilgan betakror bir ertakdir. U har birimizda yashirin, lekin ko‘zga tashlanmaydigan og‘riqlar va yorug‘likning o‘zaro uyg‘unligini aks ettirgan edi. Shu chuqur iztiroblar va murakkab his-tuyg‘ular orasida, inson o‘zining haqiqiy o‘zligini, o‘sha yoritilmagan yulduzlarni qayta topishga intilardi.
Endi hech kim uni sindira olmaydi. Hech kim uni oyoqosti qila olmaydi. Faqat… u tunda yolg‘iz qolganida, yuragida nimadir yetishmayotganini sezadi. Go‘yo, qayerdadir o‘zining haqiqiy “men”ini tashlab ketganday. O‘zining eng pok, eng mehribon, eng go‘zal qismidan voz kechganday.
Lekin ortga qaytish yo‘q. Chunki bu dunyo noziklarni ezadi. U esa endi ezilishdan charchagan.
Sevinch ELMURODOVA,
talaba.