(…yohud bir asar va bir asr fonida “zaifa”larimiz tanazzuli)
“…Men rassom emasman, ammo menda shu san’at bo‘lg‘onda edi, so‘z bilan biljirab o‘tirmas, shu o‘rinda sizga Ra’noning rasmini tortib ko‘rsatar, qo‘yar, faqat menga Ra’no gulining suvigina ko‘proq kerak bo‘lar edi…”, degan edi o‘zbek romanchiligining otasi Abdulla Qodiriy, Ra’noga ta’rif berarkan.
Darhaqiqat, bugun Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asarini o‘qib chiqmagan yohud ushbu asar asosida ishlangan filmlarni tomosha qilmagan kishi bo‘lmasa kerak.
O‘z davrida “Jasur qiz” ta’rifi bilan e’tirof olgan Ra’no haqida o‘qirkanmiz, muallifining unga bergan ta’riflari-yu, tavsiflarini o‘qib, nafaqat lol qolamiz, balki olis o‘tmishga boqib suqlanamiz ham. Garchi o‘z davrida bo‘yi yetgan qizlarni ko‘ra olish amrimahol bo‘lgan bo‘lsa-da yozuvchi Ra’noning qiyofasini go‘yoki bir rassom yanglig‘, misli ko‘rinmas xayoliy chizgilar ostida nainki tasvirlaydi, balki yaratadi.
Xo‘sh, asrimiz Ra’nolari haqida nima deya olamiz?..
Pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa birovga, degan maqolni ilgari suraman, aynan shu jumlada va nishonga, eng avvalo, o‘zimni qo‘yaman-da, endigi “ra’no”larga yuzlanaman. Ha, soatlab oynaning oldidan jilmaydigan, o‘ziga soatlab oro beradigan o‘sha “ra’no”lar haqda!
Alloh bergan husn-u jamoli kun sayin soxtalashib borayotgan, soch, qosh, kiprik ulashlar-u, lab, yuz… boringki, boshqa a’zolariga ham ortiqcha sayqal berib, o‘zini dunyo bozorida ochiqchasiga ko‘z-ko‘z qilayotgan “ra’no”lar haqida!
Ijtimoiy tarmoqlarda ochiqchasiga pul topish yo‘lida, turli xil ochiq-sochiq mentaletitimizga zid bo‘lgan videolavhalari bilan ko‘rinish berayotgan, endigi “ra’no”larimiz haqida!..
“…Ra’no Nigora oyimning to‘ng‘ichi bu yil o‘n yetti yoshni to‘ldiradur. Savodni otasidan o‘qib, o‘n to‘rt yoshida ibtidoiy maktab prug‘ramida bo‘lg‘on barcha darslarni bitirg‘on. Masalan, diniy qismidan “Haftiyak”, “Qur’on”, “Chohar kitob”, “So‘fi Olloyor”, “Maslaki muttaqin”, adabiyotdan Navoiyning barcha asarlari devoni, Fuzuliy, Amiriy, Faziliy va shulardek Chig‘atoy o‘zbek katta shoirlarining asarlari, forsiydan – Xoja Hofiz Sheroziy va Mirzo Bedil husnixat va boshqalar…” (A. Qodiriy, “Mehrobdan chayon” romanidan).
Odatda, farzandlar tarbiyasi onaning zimmasiga ko‘proq yuklanadi.
Ular oqil bo‘lib ulg‘ayishsa, xo‘p-xo‘p, tarbiyasi oqsoq bo‘lsa-chi?
Avvalo, bu siz-u bizning loqaydligimiz, e’tiborsizligimiz in’ikosidan vujudga kelajak bir yaradir. Yara bo‘lganda ham tuzatib bo‘lmas, ildiz otib ketgan yara. Qiz bola tarbiyasini aytib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tinimsiz aylanayotgan maktab yoshidagi qizchaning ona bo‘lganligi haqidagi xabarni ming istihola bilan aytishga majburman. Xo‘sh, uning kelajagi qanday endi?.. “Eh, bugunning “Ra’no”si, jurnalistlik vajhi ostida yana bir “Ra’no” uchun qabr qazmadingmi?!”, degim keladi.
Qodiriy ta’rifiga yana bir bor qaytar ekanmiz o‘n to‘rt yoshli Ra’noning aql-u zakovati, bilim darajasining bebaholigiga yana bir bor tahsin aytamiz. Uning odob-axloqiy tarbiyasidagi inkor etib bo‘lmas darajaga o‘zimizcha baho berarkanmiz, hozirgi “ra’no”larga zimdan nazar solamiz. Xo‘sh, bugungi kunda bizning ra’nolarimizning holati qanchalik, “dard”i – eng so‘nggi rusumdagi telefon olish bo‘lgan va hattoki, hali hech bir taraddudi yo‘q kuyov bo‘lmishdan mahrga eng so‘nggi rusumdagi telefonmi, mashinami yoki uch xonali uymi so‘rayotgan qizlarimizning ahvoli, aniqrog‘i kelajagi barchamizni tashvishga solib qo‘yayotgani ayni haqiqat emasmi?!
Bizga tarixdan ma’lumki, o‘rta asrlarda turli mintaqa ayollariga buyumga qaragandek muomala qilinar, har qadamda ularning haq-huquqlari poymol etilar, hattoki bozorlarga chiqarib sotilar edi. O‘z huquqlarini talab etmoqchi bo‘lganlari esa “jodugar” sifatida qoralanib, tiriklayin yoqib yuborilar edi.
Johiliyat davriga bir nazar solib ko‘ring, o‘sha davrlarda qiz farzand tug‘ilgan oilada motam tutilmasmidi. Qanchadan-qancha qiz chaqaloqlar o‘z davrida tiriklayin ko‘mib yuborilgani chin…
Yillar o‘tib, islom dinida ayollarga e’tibor oliy qadriyat sifatida yuksak maqom bilan ko‘tarildi. Shuningdek, Alloh taolo Qur’oni Karimda ayollarga qilinajak salbiy hollarni qattiq qoraladi va ma’n etib qo‘ydi. Yaxshi tarbiya topgan qiz farzandi borlarga esa jannat eshiklari lang ochiq bo‘lishligini va’da qilib qo‘ydi. Shundan ko‘rinadiki, qiz farzand tarbiyasi nihoyatda nozik va dunyo-yu dinda eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lmog‘i zarur.
Bugun zamona zayliga qarab, erkinligimiz uchun ham o‘qib, ta’lim olib, maqsadlarimiz ro‘yobiga erishishimizga hech bir to‘siq yo‘qligini yaqqol ko‘ramiz.
Ammo… ajab, baski, shunday ekan, nega Qodiriyning RA’NOlari emas, tarmoqlarda maza-matrasiz so‘kinib, kimlarnidir haqoratlab, ayol degan buyuk nomga dog‘ tushirib kelayotganlar yohud oila atalmish bebaho dargohni arzimagan bahona bilan buzib yuborib, ota-onasining qolgan umrini notinchlik girdobiga solib qo‘yayotgan, savdoyi ra’nolarimiz soni ortib bormoqda…
Holbuki, Qodiriy zamonasining Ra’nosi o‘n yetti yoshida “bir tomondan, qizlarg‘a saboq berub, onasig‘a ko‘maklashsa, ikkinchi tarafdan, otasidan kifoya (arab, nahv va sarfi) hamda Shayx Sa’diyning “Guliston”idan dars oladir va shuning qatorida o‘zi yaxshi ko‘rgan Chig‘atoy – o‘zbek shoirlarining badia asarlaridan alohida bir majmu’a tuzib yuriydir”. Shuningdek, yana yetuk adibimiz ta’rificha, Ra’no mustaqil she’rlar yozar va yozganlarini o‘zidan boshqaga bildirmas, ahyon-ahyonda esa o‘ziga ma’quldek ko‘rinsa, yozganlarini Anvarga ko‘rsatib olar va u ham o‘zidan boshqaga bu sirni chiqarmaydigan, ishonchli kishisi edi.
Qolavdersa, Qodiriy uni: “…fazl va zakovatda ham o‘tgan xon zamonlari asrining nodir uchraydigan yagona fozila qizlaridan sanaymiz va sanashga ham o‘zimizda majburiyat his etamiz…”, deydi asarida.
Farazan, Qodiriy bobo bugun bizning zamonamizda yashaganda, o‘z asrining Ra’nosini topa olarmidi, sizningcha?.. Har qadamda zamonaviylikni targ‘ib etib, milliy urf-odatlarimizga, an’analarimizga o‘tmish sarqitidek qarayotganlar, yevropaliklar ta’siriga tushib, ularga ergashib ketayotganlar kammi oramizda.
Bu borada, avvalo, o‘zimga ayovsiz munaqqidman. “Biz zamonaviymiz”, deymiz-u, ortimizdan ergashib ulg‘ayayotgan farzandlarimizni ko‘r-ko‘rona shu zaylda, balki undan ham ortiqroqdir, tarbiya topishiga ko‘maklashib qo‘ymayapmizmikin? Joyi kelganda, oddiy haqiqatga ko‘z yummaylik: sochimiz oqarib borayapti, sariqqa bo‘yasak, farqi bilinmaydi, “…sochimni tugib yurolmayman, boshim kun bo‘yi og‘rib yuradi, shunga kesaman-da», menga o‘xshaganlarni “bahonasi” shim kiymasak bo‘lmaydi, bizga qolsa, hamma balo “ayolga kelgan”dek, bir ularni “sovuq urib ketadi”gandek…
Aslidachi, bu orqali biz o‘z tana a’zolarimizni o‘zimiz tobora zaif qilib qo‘ymayapmizmi? Vaholanki, anomal, ya’ni qahratonlar, zamharir sovuqlar ota-bobolarimiz davrida bundanda ortiqroq bo‘lgan emasmidi?!.. Bugun biz “zamona ayollarimiz”, degan vajh bilan ayollarga xos eng nozik jihatni – ojizalikni yo‘qqa chiqarib qo‘ymayapmizmi?
Aytish joiz bo‘lsa, teng huquqlilikning ham ba’zi bir tamoyillari bordir, ehtimol. Balandparvoz gaplar, erkaklarga taalluq liboslarda yurishlar, bizga erkak maqomini berib qo‘ymasligi chin haqiqat-ku. Ayol hamisha nozik hilqat, uning kiyib olgan libosi xulq-atvoridan hamisha ham aniq ma’lumot bera olmasligi mumkin. Ammo biz tarbiya qilayotgan qizlarimiz orasida haddidan oshib borayotganlar soni ko‘payib bormoqda. Har narsani me’yor darajasi bor, axir. Bugungi kun “ra’no”lari yirtiq shim kiyib yursa, “anvar”lari esa ularning ketidan tepib, ijtimoiy tarmoqlarga kontent tayyorlab joylasa… Jar yoqasiga kelib qolganimiz shu emasmi, ahli Turkiston?!..
Qodiriy bugungi zamonda yashaganda, o‘z davri Ra’nolari qolib, tug‘ilgan-u ko‘milgan “ra’noshka”lari haqida yozarmidi… bilmadim…
Gulchiroy ABDULLAYEVA,
“Paxtachi” gazetasining jamoatchi muxbiri