Oʻzini choʻpon deb eʼlon qilgan Samarqand viloyat sudi raisi oʻrinbosariga xizmat tekshiruvi tayinlandi
Samarqand viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisi Shuxratjon Mamadiyarovning apellyatsiya sudlov hayʼati tarkibida oʻtgan sud jarayonlaridan birida sud protsessi ishtirokchilariga oʻzini “raislik etuvchi choʻpon sifatida” tanishtirganligi, prokurorlar va sud ishtirokchilarini kamsitganligi boʻyicha unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Viloyat sudi hayʼat raisining lavozim darajasi inobatga olinib xizmat tekshiruvi Oʻzbekiston Oliy sudining Robaxonim Maxmudova bosh Oliy malaka hayʼati tomonidan oʻtqazilmoqda.
Oʻzbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Samarqand viloyat boʻlimi xizmat tekshiruviga asos boʻlgan Samarqand viloyat sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisi Mamadiyarovning sud jarayoni davomidada yozib olingan ovozli yozuvini ochiqlashga qaror qildi.
Sud jarayonidagi ushbu audio yozuv raislik etuvchi sudya Mamadiyarovning shaxsan ruxsati bilan iqtisodiy protsessual qonunchilik talablari asosida yozib olinganligini ham eʼtiborli.
Mamadiyarov kabi yuqori darajadagi sudyalarning ham oʻz sudyalik maqomiga yetarli va professional darajada javob bermasligi va sudyaning suddagi yurish-turush va sudyalik odob-axloq meʼyorlariga rioya etmaganligi holati Oʻzbekistondagi mavjud sud tizimidagi salbiy voqelik sifatida qabul qilinishi mumkin.
Shuxratjon Mamadiyarov 2021-yil mart oyida Samarqand viloyat sudi raisining oʻrinbosari – iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisi lavozimiga tayinlangan.
Tayinlovga qadar Mamadiyarov Qashqadaryo viloyat inqtisodiy sudining raisi lavozimida ishlagan. Ochiq manbalarda uning 2008-yil avgust oyida boshqa ishga oʻtganligi munosabati bilan oʻsha paytdagi Oliy xoʻjalik sudi sudyasi lavozimidan ozod qilinganligi boʻyicha maʼlumotlar ham mavjud.
Samarqand viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisi Shuxratjon Mamadiyarovning sud jarayonidagi audio yozuvi bilan bogʻliq xizmat tekshiruvi natijasi boʻyicha qoʻshimcha ravishda maʼlumot eʼlon qilinishi rajalashtirilgan.
Mirzo Subxanov,
Oʻzbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Samarqand viloyat boʻlimi raisi.