«Tinchlik»da tinchlik yo’qolgan: dalalar «atayin» yoqilganmi?

«Tinchlik»da tinchlik yo’qolgan: dalalar «atayin» yoqilganmi?

17-mart kuni tumanning “Tinchlik” mahalla­si­dagi dalalarning birida sodir etilgan yong‘in haqi­da 20-mart kuni “MUHIM24″ saytining telegram sahifasi orqali xabar bergan edik.

“MUHIM24.uz” sayti jurnalistlari holat bo‘yicha dastlab Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tuman bo‘limi bilan bog‘landi. Ular vaziyat bo‘yicha O‘rmon xo‘jaligi tuman bo‘limi o‘rganish olib borayot­gani haqida ma’lum qilishdi. Shundan so‘ng tahririyat tuman O‘rmon xo‘jaligi mutasaddilari bilan ham mulo­qotda bo‘lib, vaziyatga aniqlik kiritdi.
O‘rganishlar davomida “Tinchlik” mahallasidagi dalada kelib chiqqan yong‘in Paxtachi tuman o‘rmon xo‘jaligi “Oqtepa” o‘rmon bo‘limiga tegishli maydonda sodir etilgani aniqlandi. Holat 17-mart kuni taxminan soat 18:10 larda “Paxtakor” uchastka o‘rmonchisi Tursunov Ulug‘bekning qo‘l telefoni orqali tasvirga olingan. Mazkur uchastkaning 43-konturi xo‘jalik balansidagi sun’iy baliq havzasining 2,3 gektar yer maydonida to‘liq yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in zudlik bilan xo‘jalik mutaxassislari tomonidan shu kunning o‘zida, soat 18:35 lar atrofida to‘liq bartaraf etilgan.

Foto: Paxtachi tuman O’rmon xo’jaligi tomonidan «MUHIM24.uz»ga taqdim etilgan hujjatlardan olindi

Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hamda ushbu yong‘in nima sababdan kelib chiqqanligiga yoki kim tomonidan sodir etilganligiga aniqlik kiritish maqsadida “Paxtakor” uchastkasi o‘rmonchisi Tursunov Ulug‘bek­dan tushuntirish xati olingan. Tursunov Ulug‘bek o‘z tushun­tirish xatida ushbu yong‘in “Tinchlik” mahalla­si­da yashov­chi 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro (yakka tar­tibdagi tadbirkor) R.S tomonidan qasddan sodir etilganligini bayon etgan.

Fuqaro R.Sning ushbu xatti-harakatiga huquqiy baho berilib, holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiy­lashtirilgan. Unga ko‘ra, Paxtachi tuman O‘rmon xo‘ja­ligi tomonidan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ko­deks”­ning tegishli moddalari bilan 14 mln 250 ming so’m jarima qo’llanilgan.

Foto: Paxtachi tuman O’rmon xo’jaligi tomonidan «MUHIM24.uz»ga taqdim etilgan hujjatlardan olindi

Xo‘sh, nega tadbirkor bunday harakatlarni sodir etdi?

Bunda aniq sabab bormi? Bu savollar yuzasi­dan O‘rmon xo‘jaligi bo‘limining bildirishicha, tabdirkor va tashkilotning sobiq rahbariyati o‘rtasida nizo bo‘lgan. R.Sning xonadoni orqa­sidagi yer maydoni ortidan yuzaga kelgan. Taraflar mazkur yerga davogarlik qilmoqda.

– Holatni R.Sning o‘zi yoqib, tasvirga olib ijtimoiy tarmoqqa tarqatgan. Buni shu yerdagi qa­lamcha ekayotganlar ko‘rgan, – deydi “Paxtakor” uchastkasi bo‘limi boshlig‘i Gulzoda Ravshanova.

– Ayni vaqtda tergov ishlari olib borilyapti. Bu holat tashkilotni obro‘siz­lan­tirishga harakat qilish. Oldingi rahbariyat uni uyining orqasidan uy-joy uchun noqonuniy qaror bilan yer ajratgan. R.S shu joydan uy qurib olgan, uyining orqasidagi 1 gektar yerni o‘ziniki deb o‘ylab qalamchalar qadashga qarshi chiqqan. Lekin biz bu yer xo‘jalikniki ekanligi uchun qalamchalar qadashni boshlagan­miz. R.S esa bunga qarshilik bildirib, shu ishlarga qo‘l urmoqda.

Tahririyat holat bo‘yicha yuqoridagi o‘rga­nish­lardan kelib chiqib, nima bo‘lgan taqdirda ham holatga huquqiy va adolatli baho berilishini kuzatib boradi. Ammo, shunisi aniqki, o‘zaro nizolar sabab tabiatga, Ona zaminga bunday yo‘sinda zarar yetkazishga hech kimning haqqi yo‘q.

Eslatib o’tamiz, avvalroq ham «Paxtachida 300dan oshiq daraxtlar izsiz yo’q bo’lgan»i haqida xabar bergandik.