Haydovchi «zapravka» operatorini kaltakladi

Haydovchi «zapravka» operatorini kaltakladi

Jizzaxda haydovchi yoqilg‘i quyish shoxobchasi operatorini kaltakladi.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda yoqilg‘i quyish shoxobchasida ikki kishining janjali aks etgan video tarqalgan edi. Holat yuzasidan Jizzax IIBB Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, holat joriy yilning 25 mart kuni soat 14:00 larda Sharof Rashidov tumani Nurafshon mahallasida sodir bo‘lgan. 1988 yilda tug‘ilgan shaxs o‘ziga tegishli Gentra rusumli transport vositasiga yoqilg‘i quyish maqsadida AYOQSHga kelib, benzin mahsuloti uchun to‘lov qilgan.
Mazkur shoxobcha operatori — yoqilg‘i quyib bo‘lgach, avtomobilning yoqilg‘i idishi qopqog‘ini yopmagan. Natijada haydovchi unga qopqog‘ini yopmaganligiga e’tiroz bildirib, turli haqoratli so‘zlar aytgan. Shuningdek, uni qo‘li va oyog‘i bilan urib, tepib tan jarohati yetkazgan.

«Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilib, hozirda sud tibbiy ekspertiza tayinlangan va zo‘ravonni javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda»,deyiladi xabarda.