Hozirgi kunda har bir mahalla, shaharcha va qishloqlarda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlari joriy etilmoqda. Yoshlarning muammolari mahallalarda hal etilib, ish bilan ta’minlash choralari ko’rilmoqda.
Xo’sh, bu borada mahallalar qanday ishlashmoqda? Yoshlar banligi, ularni tadbirkorlikka jalb qilish masalalarida nima ishlar amalga oshirilmoqda? Ularning qiziqish va takliflarichi.. javobgarlar bunga qanday e’tibor qaratishyapti?
Shu kabi savollarga javoblarni taqdim etish, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy jarayonlarni o’rganish maqsadida «MUHIM24.UZ» nashri yangi «Mahalla yoshlarida nima gaplar?» nomli loyihaga qo’l urdi.
Ilk sonni Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidagi «Nayman» mahallasi misolida bugun yuqoridagi jarayonlarning olib borilishi bilan yaqindan tanishdik.
Mahallada hozirda Husniddin Narzullayev raislik qilib kelmoqda. Yoshlar yetakchisi vazifasida esa Yahyo Rahmatullayev faoliyat yuritadi.
Naymanda bugungi kunda 14-30 yosh toifasida 816 nafar yoshlar istiqomat qiladi.
Shundan:
🔷 Maktab tahsilida — 592 nafar;
🔷 Oliy ta’limda — 122 nafar;
🔷 Davlat ishida bandlari — 31 nafar;
🔷 Tadbirkorlik faoliyatida — 55 nafar.
Yoshlar agentligining mahalla vakili Yahyo Rahmatullayev naymanlik yoshlar o’rtasida «Besh tashabbus» doirasida ularning taklif va qiziqishlarini doimiy inobatga olib keladi.
Jumladan, sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish maqsadida mini-futbol, voleybol, stol tennisi kabi sport musobaqalarida yoshlar muntazam ishtiroki ta’minlangan.
Salomatlik uchun 5 000 qadam marafonlari ham tashkil etish an’anaga aylangan. Albatta, bularni bir nechta natijalar bilan isbotini keltirsak bo’ladi.
Mahalla xotin-qizlari jamoasi sportning voleybol turida mamlakat miqyosida 1-o’rinni egallagan. Tumandagi mahallalar o’rtasidagi mini-futbol yigitlar musobaqasida Nayman yoshlari 4-o’rinni egallagan.
Yoshlarga berilgan imtiyozlardan foydalanish
«Nayman» mahallasi bu sohada so’nggi ikki yilda 4 nafar yoshlarga ta’lim yo’nalishida ko’mak bergan. Xususan, 2024-yilda 1 nafar talabaning oliy ta’limdagi to’lov-kontrakt puli to’lab berilgan, 2025-yilda hozircha 2 nafar. Bir nafar abituriyentga o’quv-kurs xarajatlari qoplab berilgan.
Yoshlarning bandligini ta’minlash yo’lida
Bu borada yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat ekinlari yetishtirishni ko’paytirish, aholi, shu jumladan, ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash va daromadlarni oshirish maqsadida 50 nafar ishsiz yoshlarga 30 yil muddatga yer maydonlari ijaraga berilgan.
Mahalladagi 1 nafar yosh hunarmand tikuvchi va 1 nafar avto-ta’mirlovchi faoliyati uchun ham har biriga 5 million so’mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Eng namunali yosh oila!
Xo’sh, Naymanda bu nominatsiyamizga munosib yoshlar bormikin?!
Bu ta’rifga ham oila, ham xonadon obodligiga e’tibor berishga harakat qildik. Bunda Sardor Islomov xonadonini loyiq topdik.
Sardor Islomov 4 yilga yaqinlashibdiki, o’z tadbirkorligini yo’lga qo’ygan. U mahallada avtomobillarni yuvish shahobchasini tashkil etgan. Ayoli Komila Eshmirzayeva esa hovli tomorqasini bekor qoldirmagan.
Issiqxona tashkil qilib, atirgullarning turli navlarini parvarishlab keladi. Oila yetakchilari o’z halol mehnatlari ortidan eldan kam bo’lmay kelmoqdalar.
Ha, azizlar! Loyihamizning ilk lokatsiyasi bo’lmish — «Nayman» mahallasi haqidagi qisqa hikoyamiz bilan ham birgalikda tanishdik. Xo’sh, sizchi, sizning mahallangizda yoshlar nimalar bilan band?
Keyingi lokatsiyamiz aynan sizning mahallangiz bo’lishi mumkin. Qatnashing va mahallangizni biz bilan birga taniting!
Dinora, tayyorladi. «MUHIM24»