Mamalakatimizda aholiga moliyaviy yordamlarni ajratish tizimini soddalashtirish va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda manzilliligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevralda “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturida belgilangan vazifalar samarali amalga oshirilishini tashkil etish hamda kambag‘al oilalarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash maqsadida Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi yangi turdagi moliyaviy yordamlar joriy etish belgilandi:
a) ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga ular tomonidan tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi aniq loyihalar amalga oshirilishi uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravarigacha miqdordagi subsidiyalar;
b) o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan ishsiz fuqarolarni yoki kambag‘al oilalar a’zolarini kasanachi sifatida ishga olgan tadbirkorlik subyektlariga ularning aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun har bir jalb qilingan kasanachi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha miqdordagi 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar.
Bunda tadbirkorlik subyekti kamida 10 nafar kasanachini ishga qabul qilishi hamda ajratiladigan ssudaning jami miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan oshmasligi talab etiladi;
v) kambag‘al oila a’zolariga o‘z faoliyatini boshlashi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xarid qilishga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdordagi 6 oydan 3 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;
g) kambag‘al oilalarga dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil qilish uchun dehqon xo‘jaliklariga suv quduqlarini burg‘ilash, nasos agregatlarini sotib olish, tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish va elektr tarmoqlarini tortish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdordagi 5 yilgacha muddatga foizsiz ssudalar;
d) mahallalarning ixtisoslashuvi va drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib, o‘z tajribasini 10 tagacha kambag‘al oilalarga o‘rgatgan va ularga doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashgan tadbirkorlik subyektlariga har bir kambag‘al oila uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarigacha miqdordagi grantlar.
Bunda tadbirkorlik subyektlariga grantning 40 foizi avans shaklida, qolgan qismi biriktirilgan kambag‘al oilalar daromad manbaiga ega bo‘lib, tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganidan keyin ajratiladi.
M.Begimqulov,
Ijtimoiy inspeksiyaning Samarqand
viloyat boshqarmasi shu’ba mudiri