29-aprel kuni Paxtachi tumani, Ziyovuddin shaharchasidagi Davlat xizmatlari markazida Adliya bo’limi tomonidan navbatdagi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tashkilot mutasaddi xodimlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
«2025-yil I chorak davomida amalga oshirilgan ishlar» sarhisobiga bag’ishlangan anjuman doirasida tashkilot mutaxassisi Zarif Quvonchbekov amalga oshirilgan ishlar hisobotini o’qib eshittirdi. Paxtachi tuman adliya bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13.04.2018-yildagi PQ-3666-sonli qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida qator ishlar sanab o’tildi.
Jumladan, mazkur davr mobaynida tuman Adliya bo‘limga jami 65 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan. Ijroda qolgan 98 ta murojaat bilan jami 163 ta murojaat ko‘rib chiqilgan, shundan 44 tasi qanoatlantirilgan, 94 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan. 11 ta murojaat taalluqliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan hamda 14 ta murojaat ijroda qolgan.
Adliya bo’limi tomonidan birinchi chorak davomida qancha qonun buzilish holatlari aniqlandi?
Savolga Adliya bo‘limi mutaxassisi Z. Quvonchbekov jami 7 ta o‘rganish va 2 ta monitoringlar o’tkazilgani, bularning natijasida 570 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanganini aytib o’tdi.
Shuningdek, o‘tkazilgan o‘rganishlar va monitoringlar natijasi bilan jami 18 ta taqdimnoma tumanning turli idoralariga kiritilgan. Shu idoralarning 7 nafar xodimlari intizomiy javobgarlikka tortilgan, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga zid ravishda qabul qilingan 63 ta hujjat bekor qilingan hamda kiritilgan taqdimnomalar bo‘yicha 58 296 000 so‘mlik mablag‘lar fuqarolarga to‘lanishi ta’minlangan.
Bundan tashqari, adliya bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va murojaatlarni qanoatlantirilishi natijasida, jami 5 ta da’vo arizalar sudlarga kiritilgan hamda fuqarolarga to‘lanilishi lozim bo‘lgan 34 430 000 so‘mlik mablag‘lar sud qarori bilan undirilgan.
Mazkur davr mobaynida, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzgan jami 9 nafar shaxslar O‘zbekiston Respubdikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining turli moddalari bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Xalq deputatlari tuman kengashi va tuman hokimligi tomonidan qabul qilingan 2 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ularga tegishli tartibda ekspertiza xulosalar berilishi ta’minlangan. Bo‘lim tomonidan amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga oid viloyat adliya boshqarmasi orqali 7 marotaba takliflar kiritilgan.
Ommaviy axborot vositalari bilan ishlash jarayonlari qanday olib borildi?
O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Prezident Farmon, Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining Qarorlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda Davlat dasturlarning ahamiyatini, maqsadini va mohiyatini yetkazish, tushuntirish, bepul huquqiy maslahatlar berish, aholini huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida, tuman adliya bo‘limi xodimlari mutassadi idoralar bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari orqali 263 marotaba shu jumladan, televideniyada 5 marotaba, radioda 10 marotaba, gazeta va jurnallarda 25 marotaba, rasmiy veb-sayt orqali 223 marotaba, ijtimoiy tarmoqlar orqali 193 marotaba va 598 marotaba og‘zaki huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan.
Bundan tashqari, adliya bo‘limi, tuman sudlari bilan hamkorlikda doimiy ravishda ijtimoiy va huquqiy yordam olishga muxtoj bo‘lgan yoshlar hamda xotin-qizlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularga tegishli huquqiy yordam va maslahatlar berilgan.
Aholi bilan ishlash borasidagi rejalashtirilgan tadbirlar, qabullar va murojaatlarning hal etilishi qanday ko’rsatkichda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi PF-80-son Farmoni hamda Adliya vazirligi tomonidan qabul qilingan qator buyruqlar asosida adliya bo‘limi tomonidan joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” hamda haftada bir marotaba “Huquqiy targ‘ibot kuni” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, 2025-yilning I choragi davomida tuman adliya bo‘limi tomonidan jami 3 marotaba “Adliya kuni”, 13 marotaba “Huquqiy targ‘ibot kuni”, 3 marotaba “Tengdoshimga huquqiy yordam” tadbirlari o‘tkazilgan. Uyma-uy o‘rganishlar davomida aniqlangan huquqiy muammolarning 77,6 foizi hal etilgan.