T.Ikramov — o‘zi Namangan viloyati Chust tumanida doimiy yashab kelgan. Muqaddam firibgarlik jinoyati sodir qilib, jazo o‘tash davrida sud tomonidan unga berilgan imkoniyatlardan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarmagan ko’rinadi, «O’rgangan ko’ngil o’rtansa qo’ymas» deganlaridek, yan o‘zganing mol-mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li qo‘lga kiritish payiga tushadi.
Oson boylik orttirish maqsadida 2024 yilning 15 avgust kuni Sh.Xudayberdiyeva bilan Internet ijtimoiy tarmog‘i Telegram messenjeridagi “Sovchilar” kanali orqali tanishadi. Unga o‘zini Toshkent shahrida yashashligini, turmush o‘rtog‘i 7 yil oldin tug‘ruq vaqtida vafot etganligi, 1 nafar 7 yoshli Yodgorbek ismli farzandi borligi haqidagi yolg‘on ma’lumotlarni aytib, uning uyiga borib, uning o‘zi va onasiga uylanishligini aytib, ishonchiga kiradi. O‘rtalarida vujudga kelgan ishonch munosabatlaridan g‘arazli va boshqa past niyatlarda foydalanib, Sh.Xudayberdiyevaga o‘zining yaqinlari, ya’ni otasi va o‘g‘li og‘ir xasta bo‘lib qolganliklarini, ularni davolatishga yordam berishini so‘raydi. 27.08.2024 yildan 11.11.2024 yilga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida jami hisobda 55 mln 8 ming so‘m miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.
Bundan tashqari, T.Ikramov, 2024 yil oktyabr oyi boshlarida Samarqand tumani, «Nayzatepa» mahallasi, Shohsupa ko‘chasi, 55-uyda yashovchi Z. Narzikulova bilan ham “Telegram” messenjeridagi “Sovchilar” kanali orqali tanishib, u bilan ham yuqoridagi kabi rejasini amalga oshira boshlaydi. Ularning ishonchiga kirib, o‘rtalaridagi vujudga kelgan ishonchli munosabatlaridan foydalanib, undan 2024 yil oktyabr oyidan 15 noyabriga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida turli xil bahonalar bilan undan jami hisobda 14 mln 40 ming so‘m miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi.
Ammo, buzoqning yugurgani somonxonagacha, deganlaridek, uning bu harakatlari uzoqqa cho’zilmadi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati, Paxtachi tumani IIB huzuridagi TB tomonidan T.Ikramovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu modda bilan ayb e’lon qilindi. Unga “qamoqqa olish tarzida”gi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, jinoyat ishi sudga yuborilgan va sud tomonidan unga nisbatan 5 yil-u, 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shahzodbek SHUKUROV,
Paxtachi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tergovchisi, kapitan
30.04.2025