Milliy g‘ururning shakllanishi va mustahkamligida an’ana va qadriyatlar, tarixiy nomlarning ahamiyati katta. Chunki ularda xalqimizning ko‘p yillik tarixi, hayoti aks etadi. Ularni bilmoq, anglamoq esa millat birligiga, uning ma’naviy qudrati yuksalishiga xizmat qiladi. Mustaqillik tufayli ko‘plab tarixiy joy nomlari, buyuk ajdodlarimiz nomi tiklanishi, diniy e’tiqoddagi evrilishlar, davlat tili siyosati fikrimiz isbotidir.
Yangi O‘zbekiston g‘oyasi bir vaqtlar ikkita Uyg‘onish davrida yetakchilik qilgan allomalarimiz qarashlari va boy ma’naviy merosiga asoslanishi bejiz emas. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – bu nomlar va atamalarning yangilanishi emas, balki taraqqiyotga asos bo‘lgan aql-zakovat va bilimning qayta tikla-
nishidir. Tariximizni puxta bilsak, uning mohiyatini anglasak, boy meros ilmini bunga tatbiq eta olsakkina maqsadimizga erishamiz.
Endi asosiy maqsadga o‘tsak. 2021 yilning 16 aprel kuni Prezidentimiz viloyat faollari bilan muloqoti chog‘ida ziyolilarning Paxtachi tumani nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklifiga ijobiy fikr bildirgan edi. Va bu muhim masala jamoatchilik, ilm ahli hamda faol ziyolilar tomonidan puxta o‘rganilishi zarurligini ta’kidlagandi.
Biz, ana shu tabarruk zamin va uning xalqi mehridan kamol topib kelayotgan ziyolilar davlatimiz rahbarining bunday e’tiboridan juda xursand bo‘ldik. Tumandagi tarix fani o‘qituvchilari, faol ziyolilar bilan birga hududdagi qishloqlar o‘tmishi yuzasidan qimmatli materiallar to‘pladik, o‘zaro muloqotlarda ularning ahamiyatli tomonlarini aniqladik.
Paxtachi tumani hududi tarixi juda uzoq moziyga borib taqaladi. Yangi nom tanlashda shu mintaqa taraqqiyotida muhim rol o‘ynagan ikkita nom – Dobusqal’a va Ziyovuddin nomlariga to‘xtalmoqchimiz.
Dobusqala qariyb uch ming yillik tarixga ega. Ishonchli manbalarda yozilishicha, X asrda Dobusqal’a raboti 70 gektarni, shahriston esa 22-23 gektarni tashkil etgan. Hali Buxoro shahri vujudga kelmagan paytda bu maskan Boykent (Poykent), shahar esa Dobusqal’a deb atalgan. Eftalitlar davrida, ya’ni V-VI asrlarda Dobus mustaqil mamlakat poytaxti bo‘lgan.
“Ziyovuddin” esa arabcha so‘z bo‘lib, Haqning, e’tiqodning nuri ma’nosini beradi. Adabiyotda, xususan, Alisher Navoiy ijodida bu so‘z
nihoyatda ulug‘langan.
Ziyovuddin Buxoro amirligining muhim bekliklaridan biri bo‘lgan. Binobarin, XIX asrning yirik shoirlaridan biri Mirza Salimiy 1870 yilda Ziyovuddin viloyati hokimligida kotib bo‘lib ishlaganligi haqida ma’lumotlar bor. 1934 yilda tuman hududida ilk arxeologik qazishmalar olib borilgan. Ziyovuddin bekligi 1920 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan. 1926 yilda u Narpay tumani nomi bilan atalgan. 1935 yilda alohida Paxtakor tumani bo‘lib chiqqan. 1963 yilda Narpay tumaniga qo‘shilgan va 1973 yilda yana Paxtachi nomi bilan ajralib chiqqan.
Shunisi muhimki, tumandoshlarimiz har ikkala nom bilan ham faxrlanishadi. Dobusqal’a keyingi yillarda ancha obod qilinib, gavjum ziyoratgohga aylandi. Ziyovuddin shaharchasi ham bugungi kunda havas qilsa arzigulik maskan.
Fikrimizcha, Paxtachi tumani ana shu nomlardan biri bilan ataladigan bo‘lsa, tarixiy adolat tiklanadi, xalqning orzu-niyatlari ushaladi.
Do‘stmurod ABDULLAYeV,
O‘zbekiston Qahramoni.
Ismat SANAYeV,
yozuvchi va shoir, filologiya fanlari nomzodi.
Salohiddin BOBOMURODOV,
mehnat faxriysi.
Farmon TOSHYeV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
(«Zarafshon» gazetasi, 2025-yil 3-iyun, 65-sonidan)