Andijon davlat universitetining bir guruh mansabdorlari jinoiy jazoga tortildi.
Ushbu jinoyat ishi doirasida 13 kishi ayblangan. Ular orasida 1998-yildan beri Andijon davlat universitetida bosh hisobchi lavozimida ishlab kelgan Alimjon Mahmudov, sobiq rektor Akrom Yoʻldoshev, hisobchilar, bosh auditor, oʻqituvchi va boshqalar bor.
Sud hukmida keltirilishicha, ushbu 13 kishi birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun uyushgan guruh tuzib, vazifalarni oʻzaro taqsimlab olishgan.
Uyushgan guruh quyidagi holatlarda byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilishgan:
- 2019-2023-yillar davomida 8 ta holatda stipendiya oluvchi talabalar sonini sunʼiy ravishda oshirib, stipendiya naqd pul koʻrinishida toʻlab berilgani haqida talabalar imzosini qalbakilashtirish orqali aslida bu pullarni ularga tarqatmasdan 32 mlrd 94 mln soʻm;
- 2021-2023-yillar davomida ragʻbatlantiriluvchi talabalar sonini sunʼiy ravishda oshirib, talabalarning imzolarini qalbakilashtirish orqali takroran soxta toʻlov varaqalari tuzishib, berilgan pullarni kontrakt hisob raqamiga topshirib qoʻygan holda 2 mlrd 697 mln soʻm;
- 2019-2023-yillar davomida naqd pul koʻrinishida qabul qilib olingan 14 mlrd 408 mln soʻm toʻlov-kontrakt puli. Uyushgan guruh talabalarning UzASBO dasturiy majmuasida shakllantirilgan tarixiga goʻyoki ushbu toʻlov-kontrakt pullari toʻlanganligi toʻgʻrisida soxta maʼlumotlarni kiritib qoʻygan;
- 2019-2023-yillar davomida talabalar turar joy ijarasi uchun toʻlgan, qalbaki hujjatlar bilan universitetga kirim qilingani koʻrsatilgan, aslida kirim qilinmagan 2 mlrd 663 mln soʻm;
- Davlat xaridlari bilan bogʻliq 545 mln soʻm.
Alimjon Mahmudov 7 ta turli rusumdagi mashinalarni yaqin qarindoshlari nomiga rasmiylashtirib, jinoiy faoliyatidan olingan daromadlarni mulkka aylantirish yoʻli bilan legallashtirgan. Mashinalar orasida 2023-yilda oʻgʻlining nomiga rasmiylashtirgan 2 mlrd 64 mln soʻmlik BMW X7 mashinasi ham bor. Shuningdek, u 2023-yil oktyabr oyida jinoiy faoliyati natijasida qoʻlga kiritgan 6 mlrd 621 mln soʻm pul mablagʻini oʻgʻlining tanishi boʻlgan shaxsning bank plastik kartasiga oʻtkazib, goʻyoki uning nomidan omonatga qoʻygan.
Bundan tashqari, sud hujjatida bosh hisobchi va rektor xodimlarning ustama, ragʻbatlantirish pullarini ham qalbaki hujjatlar orqali oʻzlashtirishgani keltirilgan.
Alimjon Mahmudov sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirgan.
Universitet rektori lavozimida ishlagan Akrom Yoʻldoshev esa aybiga iqrorlik bildirmagan. U yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarda oʻzining xatosi borligini tan olgan, lekin uyushgan guruh tuzishib, hujjatlarni soxtalashtirgan holda byudjet smetasi qoidalarini buzganlikda qoʻyilgan ayblovlarga eʼtirozi borligini maʼlum qilgan.
«Biologiya yoʻnalishi boʻyicha pedagogman. Oʻzi rahbar boʻlib ishlagan davrda buhgalteriya sohasini yaxshi tushunmaganim sababli universitetning moliyaviy iqtisodiy yoʻnalishlarini nazorat qila olmadim. Asosan taʼlimni rivojlantirish, yoshlar ishlari boʻyicha ishlab, mahalliy xokimiyat topshiriqlarini bajarib keldim. Oʻzim iqtisodchi boʻlmaganim uchun bosh hisobchi A.lijon Mahmudovga ishongandim.
Oʻzlashtirish va rastrata qilingan mablagʻlardan umuman manfaatdor boʻlmaganman. Universitetda moliyaviy ishlar boʻyicha prorektor, ichki audit, moliya reja boʻlimlari faoliyat yuritib kelgan. Ularning ham ishlarini nazorat qila olmaganman. Juda koʻp miqdordagi pullarning oʻzlashtirib yuborilganida oʻzimning xatom qoʻl ostimdagi xodimlarning ishlarini nazorat qila olmaganim, deb bilaman», degan sobiq rektor oʻz koʻrsatmasida.
Shuningdek, Akrom Yoʻldoshev tergov davrida oʻz imkoniyatidan kelib chiqib, 1 mlrd soʻmdan ortiqroq zararni qoplaganini, 2019-2023-yillar davomida talabalarning UzASBO dasturida konrakt pullari toʻlangani toʻgʻrisida soxta maʼlumotlar kiritilib, 14 mlrd 408 mln soʻm kontrakt pullari oʻzlashtirib yuborilganidan xabari boʻlmaganini bildirgan.
12 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilgan hamda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan.
Xususan, bosh hisobchi lavozimida ishlagan Alimjon Mahmudovga 3-yil davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6,5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, BHMning 310 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Sobiq rektor Akrom Yoʻldoshevga esa 3-yil davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6-yil ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, BHMning 310 baravari miqdorida jarima jazosi berilgan.
Universitetda oʻqituvchi boʻlib ishlagan Aʼzam Hamroqulov ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3-yil axloq tuzatish ishlari jazosi va BHMning 300 baravari miqdoridagi jarima jazosiga tortilgan.
Jinoyat ishi boʻyicha Andijon davlat universitetiga yetkazilgan 53 mlrd 698 mln soʻm zararni qoplash uchun DXX Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi depozit hisob raqamiga Alimjon Mahmudov (bosh hisobchi) 31 mlrd 78 mln soʻm, Iskandar Isroilov (hisobchi) 5 mlrd 175 mln soʻm, Akrom Yoʻldoshev (rektor) 1 mlrd 168 mln soʻm, Nodir Roʻziboyev (ADPI ishlar boshqarmasi boshligʻi) 500 mln soʻm, Dilshod Abdimoʻminov (bosh auditor) 442 mln soʻm, Lutfullo Soliyev (moliya-reja boʻlim boshligʻi) 145 mln soʻm, Shuhrat Mamajonov (gʻaznachi) 120 mln soʻm topshirgan.
Bundan tashqari, xatlangan 7 ta mashina, bitta mehmonxona, 3 ta uy, tilla taqinchoqlar sotilib, sotuvdan tushgan pullar ham zararni qoplashga qaratilishi belgilangan.