“Tinchitib ber menga dunyoni” yoxud shoirni yig’latgan bolakay Aylan dunyoni ham titratdi(mi?)

“Tinchitib ber menga dunyoni” yoxud shoirni yig’latgan bolakay Aylan dunyoni ham titratdi(mi?)

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi a’zosi, Paxtachi tumanining farzandi bo’lmish shoir O’lmasbek Samarqandiyning «tinchitib ber, menga dunyoni» deb nomlangan BMTga murojaat she’ri bugun  yuksak xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi.

“Tinchitib ber menga dunyoni” nomli she’ri bilan BMTga murojaat qilgan shoir Ukraina Oliy ta’lim vazirligi hamda Jahon qalamkashlari Ittifoqi tomonidan Gran Pri mukofotiga munosib ko‘rildi.

Xo’sh, bu she’rning yaratilishi, uning nega aynan bugunga kelib bu minbarlargacha yetib borish yo’li qanday edi, o’zi? Shoir bugungi global vaziyatda odamlarga ijodiy materiallarning chinakamiga ta’sir etishiga qanday fikr bildira oladi? Bugun ayni shu savollarga javob berish maqsadida uning o’zi bilan qisqa suhbatni e’tiboringizga havola etmoqchimiz.

Assalomu alaykum O’lmasbek aka. Bugun sizni BMT e’tirofiga sazovor bo’lgan she’ringiz haqida qisqagina suhbatlashsak. Bu she’rning dunyoga kelish paytlari adashmasam, bundan ikki yilcha oldinroq edi shundaymi?

Assalomu alaykum. Dunyo yaralibdiki, insoniyat tinchlik uchun kurashib keladi. Har qaysi davr va jamiyat odamlarining eng qadrli ne’mat deb bilgani ham bu tinchlik, aslida.  Bugun ham bu so’z o’z ustuvorligini yo’qotmagan. Bugun atrofimizga nazar tashlasak, juda ko’p davlatlarda, atrofimizda, uzoqqa bormaylik, yon-atrofimizdagi mamlakatlarda ham qirg’inbarod urushlar kezyapti. Begunoh odamlar vafot etyapti, bolalar o’lyapti. Bunga nafaqat ijodkor, oddiy inson ham jim qarab turolmaydi. Biz ijodkorlarning qalbida ham ana shunday vaqtlarda bir tuyg’u jo’sh uradi. Endi she’rning yaratilishiga kelsak, aslida bu she’rni yaratilishi ikki yil emas, ancha, o’n yilcha vaqt bo’ldi. Chunki, e’tibor qilsangiz she’rning ichida «Aylon» degan ism bor. O’sha 2013-2014-yillar atrofida Bodurum sohillarida bo’lib o’tgan teraktda Aylan degan bolakay o’lik holatda qirg’oqqa chiqib qoladi. She’r esa o’sha vaqtlarda qalbimda uyg’ongan isyon sabab yozilgan she’r, desam ham bo’ladi.

Foto: Asli uch yoshli suriyalik Aylan Kurdi. U onasi va akasi bilan puflanuvchi qayiqda Gretsiyaning Kos oroliga oʻtmoqchi boʻlgan chogʻida halok boʻlgan 

Siz she’rni yozishda urg’u bergan mavzularga qisqa to’xtalsak. Biroz siyosiy va anchayin dolzarb mavzuga qo’l urdingiz. Aynan shu jarayonlarda sizdan o’tgan his-tuyg’ular va asosan, sizni she’rni yaratishga undagan nima edi? 

Aslida, buni bir she’r ham deya olmayman, bu – hayqiriq! Bu oddiy bir shoirni yuragidagi nolasi. She’rning sarlavhasi ham shunday «BMTga maktub» deb yozilgan. Ehtimol, bu maktub BMT minbaridan o’qilmas, ehtimol, BMT bosh kotibiga yetib bormas.. maqsad bu emas! Bugun ijtimoiy tarmoqlarda shu she’rim yanayam qayta bong urilyaptiki, bugun tinchlik degan ne’mat o’sha yildagiga qaraganda ham qadrliroq bo’lib qoldi, demak. Bugun urush maydoniga aylangan yurtlar avvalgi yillarga qaraganda ko’proq. Balki shuning uchundir she’r odamlarni qalbiga yana ham kirib borayotgani..

She’rning bu minbargacha yetib borishi qanday bo’ldi? Umuman olganda o’zingiz ham buni kutganmidingiz?

Endi, o’zingiz ham buni kutganmidingiz, degan savolingizga kelsak dastlab. Ijodkor, shoir har bitta she’rini xalqni ichiga kirib borishini, albatta, kutadi. Xalq o’qisin, millionlab qalblarni larhzaga keltirsin, jumbushga, hayajonga keltirsin, deb yozadi. Men ham kutgandim, qachon bo’lsa ham mana shu she’rim yetib boradi, deb kutgandim. O’sha o’n yilcha vaqtdan keyin bo’lsa ham shu voqea sodir bo’ldi, bugun she’r insonlar qalbiga yetib bordi. 

Bilamiz, siz tarix fanidan ham tajribali mutaxassis o’qituvchilardansiz. Keling, navbatdagi savolni biroz sizning shu tajribangiz va ijodingizga ham bog’lasak. Ayni vaqtlarda Ukraina-Rossiya, Isroilning genosid voqeliklari kabi jarayonlar ham sizni yana bir bor ilhomlantiryaptimi? 

Albatta. Bugungi kundagi voqealar ham meni ilhomlantiryapti. Hali balki yangidir, balki shu maktubning davomi bo’lar, men bugungi voqeliklarga ham qo’l urishdek bir burch turibdi, meni ichimdan. Buni mas’uliyatim ham deb bilaman. Albatta, tez orada yozaman va bu keling, «Tinchitib ber, menga dunyoni 2» bo’la qolsin. 

Xulosa o’rnida ayta olasizmi, bugun yaralayotgan bunday she’rlar, filmlar jamiyatda ta’sir kuchi yanada ortishi uchun yana nimalarga e’tibor qaratilsa yaxshi bo’ladi?

Ha. Bunday mavzuda xoh she’r, xoh biror usuldagi asar bo’lsinki, asarlar albatta, ta’sir etadi. So’z atomdan kuchli qurol, deb ustozlarimiz ko’p ta’kidlashardi. Faqat uni qanday ishlatishga bog’liq. Mana she’rda ham e’tibor bersak, tinchitib ber dunyoni jumlasi, aslida bu o’sha dunyoda tinchlikni saqlashi kerak bo’lgan BMTga bir iddao, haqli bir talab. O’sha aytilayotganidek, minbarlarda ko’p so’zlamasdan, qog’ozbozligingdaki hisobotlaringni aytmasdan, menga dunyoni tinchitib ber, degan bir qat’iy isyon aslida bu. Xulosada esa, aytishim mumkinki, xalq, odamlar bu ijodlarni qanchalik keng yoyishsa, albatta bu so’z degan atom o’z ta’sirini beradi. 

Men ishonaman va umid qilamanki, qachondir dunyoda tinchlik qaror topadi. O’sha tinchlik qaror topganida meni ham shunga dengizdan bir tomchidek ham shu ijodlarim bilan hissam qo’shilganidan hursand bo’laman…

Jamolbek SALOMOV suhbatlashdi.