Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida erini tosh bilan urgan 32 yoshli ayol 4 yilga ozodlikldan mahrum qilindi.
Hukmga ko‘ra, sudlanuvchi X.H. o‘zining qonuniy nikohdan o‘tgan turmush o‘rtog‘i X.A. bilan bir ro‘zg‘orda birgalikda yashab kelgan paytda o‘zaro oilaviy kelishmovchiliklar sababli doimiy ravishda janjallashib turgan. Biroq shu janjallar ortidan so‘nggi paytlarda birga yashamagan.
Joriy yilning 11 yanvar kuni soat 12:00 larda X.H. narsalarini olish uchun Kattaqo‘rg‘on tumani “Charog‘on” MFYdagi yashash uyiga borgan. O‘sha vaqtda turmush o‘rtog‘i X.A. bilan yana janjal kelib chiqqan. Janjal vaqtida X.H. turmush o‘rtog‘ini tosh bilan chap ko‘z sohasiga qasddan urib, umumiy mehnat qobiliyatining 35 foiz turg‘un yo‘qolishiga sababchi bo‘lgan. Shu tariqa X.A. qasddan “og‘ir tan jarohati” yetkazib, oilaviy zo‘ravonlik qilgan.
Joriy yilning 3 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Shuningdek, u turmush o‘rtog‘ining doimiy spirtli ichimliklar ichishini va shu sababli o‘rtalarida doimiy janjal bo‘lib turishini aytgan. 3 nafar bolasi borligi uchun eri bilan ajrashmayotganini, hammasi “yaxshi bo‘lib ketishini” kutayotganini bildirgan.
Jabrlanuvchi X.A. ham sudda ko‘rsatma berib, ayoli X.H.ni o‘ziga aytmay uydan chiqib ketganini bildirgan va uni hiyonat qilishda ayblagan. Bir necha bor ajrashish uchun ariza berganda turmush o‘rtog‘i buni rad qilganini ma’lum qilgan. Shuningdek, u chap ko‘zining ko‘rish qobiliyati pasayganini aytib, ayoli shu paytgacha kechirim so‘ramagani uchun unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchi X.H.ga Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 7-qismining “j” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llanilib (Yengilroq jazo tayinlash), 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 62-moddasi (Ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) 1-qismining “a” bandiga muvofiq joriy yilning 9 aprel kunidan 3 iyul kuniga qadar qadar uy qamog‘ida bo‘lgan 86 kunning har bir kuni ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kuniga tenglashtirilgan va tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 3 yil 9 oy 4 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan.