«Kesishga kelganlarni ko‘rib yig‘lashni ham kulishni ham bilmaysan», Alisher Qodirov daraxtlar mavzusida tilga kirdi

«Kesishga kelganlarni ko‘rib yig‘lashni ham kulishni ham bilmaysan», Alisher Qodirov daraxtlar mavzusida tilga kirdi

Toshkent, 19-iyul 2025 – So‘nggi kunlarda tadbirkor Murod Nazarovning Toshkent shahrida qurilish ishlarida daraxt kesishga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish taklifi keng muhokama va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu masala atrofida turli partiyalar va deputatlar o‘rtasida qarama-qarshi fikrlar bildirilmoqda.

Ekopartiya deputatlari “qayta ekish” nomi bilan ekilgan ko‘chatlarning ko‘pi qurib qolganini ta’kidlab, daraxt kesish moratoriyini bekor qilishga qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, bu cheklovlar ekologik muvozanatni saqlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Biroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov bu masalada boshqacha yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi. U ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishida shunday dedi:

“Daraxt kesilmasin, degani, mutlaqo kesilmasin emas, zarur bo‘lsa kesilishi mumkin, degani bo‘lishi kerak. Ishxona oldidagi qurt yeb bitirgan daraxtni oldirib tashlash uchun 1 yil qog‘oz qildik, hamma bir-biriga soladi! Kesishga kelganlarni ko‘rib yig‘lashni ham kulishni ham bilmaysan, daraxt kesish emas, odamni dorga osishga kelishgandek…
Albatta, daraxt kerak, havo yetmayapti, lekin unutmaylik, daraxtni inson uchun asraymiz, insonni daraxt uchun emas! Bu ketishda kelajak avlod dinini unutib, daraxtga e’tiqod qilishni boshlab yubormasa…
Daraxtni himoyasiga birlashgandek suv, yer, energoresurslar, oziq-ovqat va vaqt, qolaversa o‘zligimizni isrofiga qarshi ham birlasha olsak edi!”, deydi Alisher Qodirov

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda 2021-yil 31-dekabrdagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan. Farmon bilan jarimalar besh baravarga, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa ikki baravarga oshirilgan. Shuningdek, daraxtlarni har qanday holatda kesish yoki yo‘q qilish bo‘yicha hukumat farmoyishlari va hokimlar qarorlarini qabul qilish taqiqlangan.

Ushbu masala bo‘yicha jamoatchilik fikri ikkiga bo‘lingan. Bir tomondan, ekologik barqarorlikni ta’minlash tarafdorlari moratoriy saqlanishi kerakligini ta’kidlasa, boshqa tomondan, qurilish va infratuzilma loyihalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlovchilar ma’lum hollarda moslashuvchan yondashuv zarurligini bildirmoqda.

Hozircha rasmiy qaror qabul qilinmagan bo‘lsa-da, bu masala kelgusi haftalarda Oliy Majlisda muhokama qilinishi kutilmoqda.