O‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov va italiyalik raqibi Janmarko Kardilo (12-1-2, 2 KO) o‘rtasida 26-iyul kuni AQShning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan jang bekor qilindi. Bu haqda “Top Rank” promouterlik kompaniyasi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Tashkilot bergan rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, Kardilo sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli jangda ishtirok eta olmaydi:
“Bahodir Jalolov va Janmarko Kardilo o‘rtasidagi og‘ir vazn toifasidagi jang bekor qilindi. Kardilo sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli jangdan voz kechishga majbur bo‘ldi”, — deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov professional boksda hozirga qadar 15 jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning 14 tasida raqiblarini nokautga uchratgan. Yagona ochkoli g‘alabasini esa 2024-yil 5-aprel kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida ukrainalik Igor Shevadzutskiy (12-3, 10 KO)ga qarshi bahsda qo‘lga kiritgan edi. O‘sha jangda hakamlar bir ovozdan Jalolovni g‘olib deb e’lon qilgandi.