«Men zo‘ravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman», Mirziyoyeva

«Men zo‘ravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman», Mirziyoyeva

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo choralari yanada kuchaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining kenja qizi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozib qoldirdi.

“Men zo‘ravonlikni “tasodif” deb hisoblamayman. Bu  har doim kattalarning ongli tanlovidir. Demak, buning o‘rniga boshqa tanlov ham bo‘lishi kerak  uni to‘xtatish tanlovi. Oqlash emas”, deya yozgan Mirziyoyeva.

Unga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga quyidagi yo‘nalishlarda o‘zgartirishlar kiritilishi ustida ish olib borilmoqda:

bolalarga ziyon yetkazgan shaxslarga nisbatan jazoni kuchaytirish;
zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga bolalar bilan ishlash huquqini umrbod taqiqlash;
javobgarlikni tez va samarali ta’minlash uchun yagona tartibdagi tezkor protokollarni joriy etish.
Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlarning asosiy maqsadi  zo‘ravonlik qilgan shaxslar jazodan chetda qolmasligi va imkon qadar eng og‘ir jazo choralari qo‘llanilishiga erishishdir.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu o‘zgartirishlar uchun alohida ishchi guruh ham shakllantirilgan. Ishchi guruh tarkibiga Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari kiritilgan. Bu guruh amaliy mexanizmlarni ishlab chiqishga kirishib bo‘lgan.