Ijtimoiy tarmoqlarda tog’lar orasida kechasi tutun chiqayotgan sirli zavod faoliyat aholini bezovta qilayotgani haqidagi xabar aks etgan jarayon tarqaldi. Unda shu atrofda yashovchi aholi nafas olishga qiynalayotgani va atrofni achchiq qora tutun qoplab olish holatlari tez-tez sodir bo’lishi ham aytilgan. Zavodga borilsa, ishchilar hududni tashlab, qochib ketishi vaj qilingan.
Avvaliga odamlar buni Navoiy viloyati hududida deb o’ylashgan, ammo o’rganishlar uni Samarqand viloyati, Paxtachi tumanida ekanligini ko’rsatdi.
Tarqalgan xabar va aholi murojaati yuzasidan Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi olib borgan o’rganishlarida noqonuniy sex faoliyati Paxtachi tumanidaligi aniqlanadi. Shundan so’ng boshqarma holat bo’yicha Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasini xabardor etadi.
Ekologiya vazirligi ishonch telefoniga Navoiy viloyati Karmana tumani fuqarosi N.Ro‘ziyev Paxtachi tumani Burqut mahallasi “Qiz bibi” tog‘-tizmalari orasida noqonuniy tarzda ohak xumdonlari qurib olinganligi va bu tabiatga jiddiy ziyon yetkazayotganligi haqida murojaatidan so’ng holat Paxtachi tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarish bo‘limi davlat inspektorlari va tegishli tashkilotlar vakillari ishtirokida holat o‘rganiladi.
O‘rganishlar davomida haqiqatda ham yuqorida ko‘rsatilgan manzilda qo‘lbola ohak xumdonlari noqonuniy tarzda qurib olinganligi aniqlangan. Hududga texnika vositalari jalb etilgan holda ohak sexi buzib tashlanadi va faoliyatiga nuqta qo’yiladi.
Foto: Navoiy viloyati Ekologiya Boshqarmasi axborot xizmati
Huquqbuzar soxta tadbirkor fuqaroga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalariga muvofiq bayonnoma rasmiylashtirildi.
Jamolbek SALOMOV, tayyorladi