Kecha ertalab qozog‘istonlik taniqli UFC jangchisi Shavkat Raxmonovning turmush o‘rtog‘i Gulayim Raxmonova va farzandi ishtirokida fojiali yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Voqea Jambul viloyati, Moyinkum tumani hududidan o‘tuvchi Olmota – Yekaterinburg avtomagistralining 296-kilometrida, Aqsuyek qishlog‘i yaqinida yuz bergan. Bu haqda Halyqstan nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Gulayim Raxmonova o‘g‘li va dugonalari bilan birga Toyota Land Cruiser rusumli avtomobilda Qarag‘andadan Olmotaga yo‘l olgan. Avtomobilni u o‘zi boshqargan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotgan va mashina ag‘darilib ketgan.
Hodisa oqibatida:
• 39 yoshli yo‘lovchi Z.A. voqea joyida halok bo‘lgan,
• 35 yoshli A.S. esa shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.
Gulayim Raxmonova va 2022-yilda tug‘ilgan o‘g‘li Shu shahri markaziy shifoxonasining travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlarning ma’lum qilishicha, ularning ahvoli o‘rtacha og‘ir, hozircha jarrohlik amaliyoti talab etilmaydi.
“Jarrohlik amaliyoti talab qilinmaydi. Hozirda dinamik kuzatuv olib borilmoqda”, — deya xabar bergan shifoxona vakillari.
Ushbu voqea Shavkat Raxmonovning Abu-Dabiga safari bilan bir paytga to‘g‘ri kelgani aytilmoqda. Jangchining ushbu holatdan xabardorligi va munosabati hozircha ochiqlanmadi.