2025 yilning o‘tgan davrida Raqobat qo‘mitasiga suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan bog‘liq jami 19 487 ta iste’molchi murojaati kelib tushdi. Qo‘mita ushbu murojaatlar sohada tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
“Hududgazta’minot” AJ va uning bo‘ysunuvidagi korxonalarda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida beshta viloyatda maishiy gaz ballonlarida jami 1,5 ming tonna og‘ir qoldiq (kondensat) aniqlanib, buning hisobiga iste’molchilardan 2,2 milliard so‘m atrofida asossiz haq undirilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu qoldiqlar quyidagi viloyatlarda qayd etildi:
- Navoiy: 92,9 tonna
- Surxondaryo: 490,2 tonna
- Qashqadaryo: 371,3 tonna
- Farg‘ona: 370,5 tonna
- Buxoro: 175,6 tonna
Xususan, Navoiy viloyatida “Hududgaz Navoiy” filiali tomonidan 92,9 tonna og‘ir qoldiq uchun iste’molchilardan 125,4 million so‘m ortiqcha mablag‘ undirilgan. Surxondaryo viloyatida esa “Hududgaz Surxondaryo” filiali 79 nafar iste’molchidan 766 million so‘m ortiqcha haq olgan, shundan 640,3 million so‘mi 490,2 tonna og‘ir qoldiqqa to‘g‘ri keladi.
Raqobat qo‘mitasi ushbu holatlarda qonunchilik talablari buzilganligini aniqlab, iste’molchilarga ortiqcha undirilgan mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. “Ushbu holatlar bo‘yicha hududiy gaz ta’minoti korxonalari xizmat ko‘rsatishda qonunchilik talablarini buzgan. Iste’molchilarga ortiqcha olingan mablag‘lar qayta hisoblanmoqda,” — deyiladi qo‘mita xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev suyultirilgan gaz yetkazib berishdagi uzilishlar bo‘yicha rahbarlarga ogohlantirish berib, muammoni hal qilish uchun ikki hafta muddat bergandi. Ayniqsa, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida murojaatlarning 70 foizi gaz yetkazib berishdagi 60-70 kunlik uzilishlar bilan bog‘liq edi.
“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi? Rahbarlarga so‘nggi ogohlantirish: bu masalaga ikki haftada yechim topsin, bo‘lmasa o‘zi bilib joyini bo‘shatib qo‘ysin,” — degandi prezident.
Raqobat qo‘mitasi hozirda muammolarni bartaraf etish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faol choralar ko‘rmoqda.