Rossiya 2025-yilda 902 O‘zbekiston fuqarosini urushga yolladi

Rossiya 2025-yilda 902 O‘zbekiston fuqarosini urushga yolladi

“Xochu jit” loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2025-yilda kamida 902 O‘zbekiston fuqarosini armiya bilan shartnoma asosida Ukrainadagi urushga jalb qilgan. Yollanganlar orasida 19 yoshli yigitlar ham bor.

Rossiya mehnat muhojirlarini yuqori maosh va’dasi yoki Rossiya fuqaroligi taklifi bilan jalb qilmoqda. Muhojirlar ko‘pincha qurilish yoki frontorti bo‘linmalarga ishga olinadi. Qamoqxonalarda esa tahdid va ruhiy bosim orqali yollash amalga oshirilmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinning aytishicha, 5 mingdan ortiq reydlarda 90 ming kishi “ushlangan”, ulardan 30 ming nafari shartnoma imzolab, urushga jo‘natilgan.

Hozirda Ukraina asirligida 33 davlat fuqarolari bor, bunda O‘zbekiston fuqarolari soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Aprel oyida “Xochu jit” loyihasi Rossiya armiyasida jang qilayotgan 1100 o‘zbekistonlik haqida ma’lumot e’lon qilgan, ammo bu raqam to‘liq emasligi va etnik o‘zbeklar hisobga olinsa, ularning soni bir necha mingga yetishi ta’kidlangan edi. Yollanganlarning aksariyati 25-50 yosh oralig‘ida.

O‘zbekiston rasmiylari munosabati
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu ma’lumotlarni tekshirayotganini bildirdi. Matbuot kotibi Ahror Burhonov fuqarolarning xorijiy harbiy harakatlarda ishtiroki taqiqlanganini ta’kidlab, agar ma’lumotlar tasdiqlansa, choralar ko‘rilishini aytdi. Biroq, hozircha qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

Kursk voqeasi
“Xochu jit” loyihasi xabariga ko‘ra, 2025-yil 5-iyun kuni Kursk viloyatidagi poligonda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi norasmiy tashrif buyurgan. Delegatsiyaga polkovnik Alisher Narbayev boshchilik qilgan va ularga Leningrad harbiy okrugi jangovar tayyorgarligi bo‘yicha ma’ruza berilgan.

O‘zbekiston qonunchiligi
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha, odamlarni yollash, o‘qitish yoki ulardan foydalanish esa 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 154-1-moddaga asosan, chet davlat harbiy xizmatiga yollangan fuqarolar 5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Ozarbayjon Rossiyaning “TASS” axborot agentligidan uzr so‘rashni talab qildi

Ozarbayjon Rossiyaning “TASS” axborot agentligidan uzr so‘rashni talab qildi

Ozarbayjon Rossiyaning “TASS” axborot agentligidan uzr so‘rashni talab qildi. Bunga agentlikning o‘z maqolalaridan birida Xonkendi shahri o‘rniga “Stepanakert” nomidan foydalangani sabab bo‘ldi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiya “joy nomlarini buzib ko‘rsatishni” to‘xtatmasa, Boku ham Rossiya shaharlarining “tarixiy nomlari”ni, masalan, Kyonigsberg (Kaliningrad) yoki Orenburg kabi nomlarni ishlatishni boshlashini ogohlantirdi.