Toshkent, 31-iyul, 2025-yil – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2025-yil 29-iyul kuni “Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqladi. Ushbu qaror bilan ilg‘or pedagoglar va iqtidorli o‘quvchilar uchun davlat tomonidan moliyalashtiriladigan bepul dam olish dasturlari joriy etildi.
Kimlar bepul dam olish imkoniyatidan foydalanishi mumkin?
Nizomga ko‘ra, quyidagi toifadagi shaxslar bepul dam olish maskanlarida dam olish huquqiga ega:
-
Pedagoglar:
-
Xalqaro va respublika olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni tayyorlagan o‘qituvchilar.
-
Xalqaro sertifikatlarga ega xorijiy til va STEAM (Science, Technology, Engineering, Arts, Mathematics) fanlari mutaxassislari.
-
Tanlov va musobaqalarda sovrindor bo‘lgan pedagoglar.
-
Oliy malaka toifasiga ega boshlang‘ich sinf va maktabgacha ta’lim o‘qituvchilari.
-
-
Iqtidorli o‘quvchilar:
-
Xalqaro va respublika darajasidagi olimpiada, musobaqa va tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilar.
-
Dam olish muddati va davri
-
Pedagoglar uchun dam olish sentyabr-may oylarida 12 kun davom etadi.
-
Iqtidorli o‘quvchilar uchun yozgi ta’til davrida, ya’ni iyun-avgust oylarida 12 kunlik dam olish imkoniyati taqdim etiladi.
Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalariga asoslanadi. Dastur pedagoglarning kasbiy motivatsiyasini oshirish, ularning mehnatini rag‘batlantirish hamda iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Dam olish maskanlari zamonaviy sharoitlar bilan ta’minlangan bo‘lib, ishtirokchilarga sifatli dam olish va sog‘lomlashtirish imkonini beradi.
Laylo ASHUROVA, tayyorladi