Prezident oliy ta’lim tizimidagi kamchiliklarni tanqid qildi

Prezident oliy ta’lim tizimidagi kamchiliklarni tanqid qildi

8-AVGUST, 2025-YIL, TOSHKENT: 8-avgust kuni o‘tkazilgan oliygoh bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev kadrlar tayyorlash tizimidagi jiddiy muammolarni keskin tanqid qildi. Davlat rahbari so‘nggi 7 yilda oliy ta’limga qabul 4,5 barobar oshib, qamrov 42 foizga yetganini ta’kidladi, ammo tayyorlanayotgan kadrlar mehnat bozoriga mos kelmayotganini qayd etdi.

Misol sifatida BYD avtomobil zavodi keltirildi. Yiliga 20 ming avtomobil ishlab chiqaradigan korxonada hozirda 100 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud, ulardan 25 tasi robototexnika va dasturlash sohasidagi muhandislar uchun. Mutaxassislar yetishmasligi sababli zavod 80 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilgan.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin 3–4 yilda ishga tushadigan 83 milliard dollarlik sanoat loyihalari uchun 500 mingga yaqin malakali kadr kerak bo‘ladi. Yig‘ilishda oliygohlar bitiruvchilari bilan ish beruvchilar talablari o‘rtasidagi katta tafovut muhokama qilindi. Masalan, yengil sanoatda yiliga 2,5 ming talaba bitirsa-da, ularning 42 foizi zamonaviy uskunalar bilan ishlashni bilmagani uchun ish topa olmayapti.

Bu yil 231 ming bitiruvchidan 125 ming nafari ish topgan, biroq 42 ming nafari faqat o‘zini o‘zi band qilgan. Prezidentning ta’kidlashicha, davlat har bir talabaning ta’limi uchun yiliga 25–30 million so‘m sarflaydi, lekin bitiruvchilarning yarmidan ko‘pi malaka talab etmaydigan ishlarga joylashmoqda.