Bu borada Paxtachi tumani «Fay» mahallasi aholisining murojaati va deputatlik so’rovi bo’yicha o’rganish olib borilgan.
Fayl: Ekologiya tuman bo’limi tomonidan tahririyatga taqdim etildi
Joriy yilning avgust oyi boshlarida mahalla aholisi tuman hokimi qabulida erta tongda qandaydir zaharli tutun tarqalayotgani va aholi nafas olishda qiynalayotgani bildirilgan. Shuningdek, «Fay» mahallasi nomidan tuman deputati R. Magripovaning Ekologiya vazirligi tuman bo’limiga deputatlik so’rovnomasi ham kiritilgan. Shundan so’ng murojaatlar bo’yicha Paxtachi tumani Ekologiya bo’limi xodimlari, tuman Ekopartiya hamda mahalla aholisi vakillari ishtirokida o’rganish olib borilgan.
Natijada bu zaharli tutun «Fay» mahallasiga qarashli «Nazorobod» qishlog’i (eski nomi Ziyovuddin savxozi) hududiga yaqin yerda noqonuniy faoliyat olib borayotgan ohak sexidan chiqayotgani aniqlangan. Bu soxta tadbirkorlar tomonidan ohak ishlab chiqarish jarayonida atmosfera ifloslanib, fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lgan.
Foto: Ekologiya tuman bo’limi tomonidan tahririyatga taqdim etildi
Shundan so’ng uning faoliyati to’xtatilib, sex maxsus texnikalar yordamida guvohlar oldida buzib tashlangan. Ushbu faoliyat bilan shug’llangan 4 nafar huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 88-moddasi 1-qismi bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, Ekologiya tuman bo’limining xabar berishicha, 2025-yil 15-avgust kuni maxsus texnika yordamida 9 ta noqonuniy ohak pechi buzib tashlangan.
Jamolbek SALOMOV, tayyorladi