Navoiy viloyatida oltin zaxiralari 6 tonnaga baholanayotgan “Temirchi” uchastkasi auksionda 67,8 mlrd so‘mga sotildi.
Geologik razvedka o‘tkazish huquqini Zauris kompaniyasi qo‘lga kiritdi. Bungacha xorijiy ta’sischilarga ega ikki kompaniya boshqa uchastkalar bo‘yicha lotlarni yutib olgandi.
18-avgust kuni E-auksion elektron platformasida Navoiy viloyatining Nurota tumanida joylashgan “Temirchi” oltin konida geologik razvedka o‘tkazish huquqi uchun savdolar bo‘lib o‘tdi.
G‘olib Zauris kompaniyasi bo‘ldi, u 67,78 mlrd so‘m ($5,4 mln) taklif qildi — bu boshlang‘ich narx (4,12 mlrd so‘m)dan qariyb 16,5 barobar yuqori.
“Temirchi” uchastkasi Zafarobod qishlog‘idan 26,7 km shimoli-g‘arbda va Navoiy shahridan 35 km shimolda joylashgan. Uning maydoni — 249 gektar, taxminiy oltin zaxiralari esa 6 tonna (192,9 ming tpoya unsiyasi) deb baholanmoqda. Bugungi kunda dunyo bozorida oltinning bir troya unsiyasi narxi 3389 dollarni tashkil etadi.
Korxonalar va tashkilotlarning Yagona davlat registri (KTYADR) ma’lumotlariga ko‘ra, Zauris kompaniyasi 2025-yil iyul oyida Toshkentda rangli metall rudalarini qazib olish sohasida faoliyat yuritish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kompaniyaning ta’sischisi va rahbari Feruza Fayziyeva hisoblanadi, u ustav kapitalining 100 foizi (10 mln so‘m)ga egalik qiladi.