Foto: Samarqand viloyati, Paxtachi tumani markazidagi Pochta xizmati binosi
“…Inson bilan davlat organlarining o’zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi,
V bob, 20-modda.
(“O’zbekiston” nashriyoti, Toshkent – 2023, 14-bet)
Paxtachi tumanidagi 18-maktabning 9-sinfida a’lo baholarga o’qiydigan, Xudoyberdi ismli bola bor. Bu yigitning bir tarixiy qissa va o’ndan ortiq hikoyalari “Paxtachi” gazetasida chop etilgan. Respublikamiz yoshlarining yagona gazetasi sanalmish “Yoshlar ovozi”da esse qahramoni o’laroq e’tirof etilgan hamda Prezident de’vonxonasidagilarning e’tiboriga tushib, noutbuk va kitoblar ila taqdirlangan.
Hali yosh bo’lishiga qaramay yuksak iqtidori bilan hozirdanoq og’izlarga tushgan, ashaddiy kitobxon Xudoyberdi yaqinda Uzum market’ ilovasi orqali buyurtma qilgan navbatdagi kitobini olish uchun bir hafta davomida (3-10 sentabr orasida) sarsoni chiqmoqda. Bu orada uning talay darslari-yu kurslaridan vaqt orttirib, “chasniy ish”da ishlaydigan otasidan yo’lkiralar olib, uyida kasal yotgan onasidan ne-ne istihola-yu andishlarda izn olib, bir necha marta Ziyovuddin shaharchasidagi pochta bo’limiga qatnaganini bir o’ylang. Ammo… kitobni hamon ololmadi!
Sababimi? “Baza ishlamayapti”, deb qo’yaverishdi, har gal, pochtaga bosh suqilganida. Kamiga na salomi, na aligi bor u xodimalarning sovuqqonlik bilan bunday deb qo’ya qolishlari ortida bugungi katta hayotga endi-endi qadamlayotgan bir iqtidorli o’smirning umidlari, xafsalasi, ishonchi naqadar darz ketayotganini kimdir o’ylab ham ko’rdimikan hech?..
Ishonish qiyin, rosti!
3-sentabr soat 17.06da kelgan SMS-xabardagi jo’natma kodini ko’rsatib, ja’mi olti marta borilgan, Ziyovuddin pochtasiga. Biroq barida bir xil javob eshitilgan: “Baza ishlamayapti!”. Axiyri, 10-sentabr soat 16.35larda borilganda ham shu javob qaytgach, biroz asabiy vaziyat yuz bergan, mijoz va pochta xodimalari o’rtasida. Oqibatda, betoqat bo’lgan pochta xodimasi, kod bo’yicha jo’natmani tekshirib ko’gan (BIRINCHI MARTA). Va… jo’natma qaytib ketganini aytgan.
Sirtdan qaraganda, mijoz hech nima yo’qotmagandek, ish bor joyda ishkallar ham bo’lib turadigandek bir hol, go’yo. Ha-da, yigitcha ilovada buyurtmani naqd to’lov orqali amalga oshirishni belgilagan bo’lsa, pulini hali bermagan bo’lsa, nimayam yo’qotardi, shundaymi?..
YO’Q! U YO’QOTIB BO’LDI, ALLAQACHON: shu o’tgan bir hafta davomidagi darslari-yu kurslaridan “yulib olib” kelgan vaqtini – kelajagi yo’lidagi naqdini yo’qotdi, avvalo; har gal yo’lkiraga cho’ntagini kovlagan, “qora ishchi” otasi-yu, “…qachon kelasan, mazam yo’q?”, deya kuzatib qolgan, kasal yotgan onasini o’ylab, arosat bir kayfiyatda asablarini yo’qotdi, keyiniga; Ziyovuddin pochtasi va o’sha ilovaga nisbatan ishonchini yo’qotdi, va nihoyatida!..
Mazkur holat yuzasidan tahririyatimiz Uzum market’ operatorlari (78 150 1115) bilan bog’lanib ko’rdi (10-sentabr, jo’natma qaytib ketgani ma’lum bo’lgan sanada, soat 17.19-17.38 oralarida). Va bizni hayron qoldirgan bir nechta “javob”larni oldik:
“Uzum market” bosh chaquruv markazidagilar o’tgan bir hafta davomida biz taraflardagi hamkorlarida, ya’nikim Ziyovuddin pochtasida ba’zalari ishlamaganidan mutlaqo bexabar ekanlar (“…bo’ldi, oka, hozir siz bilan muloqotimizzi tugatgach, man silada baza ishlamavotganini tegishli bo’limlarimizga etaman iii ula(r) chora ko’rishadi!”);
Indallo, ilhaq kutgan kitobini ololmagan Xudoyberdi endi Uzum market’dan ham, Ziyovuddin pochtasidan ham qo’llarini yuvib, qo’ltig’iga urganini, qaytib ulardan hech nima buyurtma qilmasligini aytgan ko’yi uyiga qaytib ketdi, kech tushganda. Undan tashqari, qanchalab qariyalar-u ayollarning shu o’tgan bir hafta ichida, ba’za ishlamagani boisidan, ish-tashvishlari hal bo’lmasdan qaytib ketganini ko’rishgan, pochtaxonada.
Shu o’rinda bir nechta savollar shakllanadi:
«Ba’za» ishlamasligiga mijoz aybdormi? Nega hamkorlar tizimlarini, undagi muammolarni o’z vaqtida tekshirishmagan? Mijozning 6-7 kunlik ovvoragarchiliklari va sarflagan yo’l haqqichi?
Shu o’rinda O’zbekistonda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga ham bir nechta savolni tashlamoqchimiz. Bu holatda mijoz, ya’ni o’quvchi yigitchaning huquqlari himoya qilinadimi? Uning yo’qotgan vaqti va haqqi, asablari va ishonchichi? Agar bu mavzu sizga ham qiziq bo’lsa, yechim izlashingizni so’rab qolamiz…