“Temiryoʻl”dagi mavsumiy ishchi oʻz hamkasbining plastik kartasidagi pullarini oʻgʻirlab, “1Xbet”ga tikib yubordi. Bu haqda Samarqand viloyati IIBB axborot xizmati xabar berdi.
Samarqand viloyati Payariq tumanida yashovchi “Temiryoʻl” vokzalida mavsumiy ishchi 29 yoshli T.N., plastik kartasidagi 8.542.500 soʻm pullari oʻgʻirlanganligi toʻgʻrisida murojaat qilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni T.N.ning tengdoshi va hamkasbi boʻlgan A.A. sodir etganligi, u ish joyidagi kiyinish xonasida T.N.ning telefonini yashirincha olib, telefondagi mobil ilova yordamida plastikdagi pullarni “1Xbet” onlayn qimor oʻyiniga oʻtkazganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan 29 yoshli A.A. OʻzR. JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.
Qonunga muvofiq, A.A. sodir etgan jinoiy harakatlari uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.