O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–286-son, 16.09.2025 y.) qabul qilindi. Ushbu qaror “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 2025–2026 yillarda raqamli texnologiyalarni rivojlantirishni tezlashdirishga qaratilgan.
Qarorga ko‘ra, “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyiha ishga tushiriladi va elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish maqsad qilinadi. Bu tizimni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari Yagona davlat xizmatlari portali (YAIDXP)dagi pulli elektron xizmatlarni o‘zlarining mobil ilovalari orqali taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2025 yil 1 dekabrdan nodavlat notijorat tashkilotlarga “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirish huquqi beriladi.
2026 yil 1 yanvardan esa fuqarolarning ijtimoiy yordam so‘rab murojaatlari, mahallalardagi oilalar va aholiga oid ma’lumotlarni yuritish, shuningdek, mahallalarda aholi bilan ishlash jarayonlari “Raqamli mahalla” platformasi orqali amalga oshiriladi.