“Navoiyazot” AJning Navoiy shahridagi havoning ifloslanishi bo‘yicha bayonot berdi

“Navoiyazot” AJning Navoiy shahridagi havoning ifloslanishi bo‘yicha bayonot berdi

So‘nggi kunlarda Navoiy shahri va uning atrofidagi hududlarda changsimon tutun kuzatilib, bu holat fuqarolar orasida norozilik uyg‘otmoqda. “Navoiyazot” AJ ushbu muammoga jiddiy yondashib, vaziyatni sinchikovlik bilan o‘rganmoqda. Korxona hududida va Navoiy shahrida o‘rnatilgan 8 ta gazoanalizatorning ko‘rsatkichlari atrof-muhitdagi ifloslantiruvchi zarrachalar (PM2.5) miqdorining me’yoridan sezilarli darajada oshganini tasdiqladi.

Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda “Navoiyazot” AJni changsimon tutunning manbai sifatida ayblovchi iddaolar tarqalmoqda. Korxona hududidagi videokuzatuv moslamalari orqali olin gan tasvirlar shuni ko‘rsatadiki, changsimon tutun shamol yo‘nalishi bo‘yicha g‘arbiy tomondan kirib kelib, korxona hududidan o‘tgan holda shahar bo‘ylab tarqalmoqda. Bu holat aholining korxonani aybdor deb hisoblashiga sabab bo‘lmoqda.

“Navoiyazot” AJ rahbariyati quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini ma’lum qiladi:

  1. Havoning sifatini monitoring qilish: Sentabr oyi yakuniga qadar Navoiy shahri va Karmana tumani hududida qo‘shimcha 22 ta gazoanalizator o‘rnatiladi. Bu tizim havoning sifatini to‘liq va doimiy monitoring qilish imkonini beradi.

  2. Uskunalarni yangilash: Ekologik muhitni muhofaza qilish maqsadida korxonadagi eskirgan uskunalar bosqichma-bosqich zamonaviy va ekologik jihatdan xavfsiz uskunalar bilan almashtirilmoqda.

  3. Avtomatik yoritish tizimi: Ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash va xodimlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida tungi vaqtda avtomatik yoritish tizimi ishga tushirilgan.

“Navoiyazot” AJ rahbariyati fuqarolarni changsimon tutun muammosini faqat korxona faoliyati bilan bog‘lab talqin qilmaslikka chaqiradi. Kompaniya ekologik muvozanatni ta’minlash uchun izchil choralar ko‘rmoqda va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha majburiyatlariga sodiq qolmoqda.