O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (O‘zXDP) moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi masalasida rasmiy bayonot bilan chiqdi. Partiya rahbarlari bu qoida joriy etilishini qattiq qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini hisobga olgan holda, muddatni keyingi yilga qoldirishni va to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqishni taklif etmoqda.
Joriy yilning 1-oktabridan kuchga kirishi kutilayotgan yangi qoida jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Partiya bayonotida ta’kidlanishicha, hozirda 130 mingga yaqin yoshlar kuryerlik xizmatida band bo‘lib, ularning aksariyati velosiped, moped va skuterlar orqali xizmat ko‘rsatmoqda.
“Kambag‘allikni qisqartirish va barqaror ish o‘rinlari yaratish yo‘lida ko‘p choralar ko‘rilayotgan bugungi muhim davrda, o‘zini o‘zi band qilgan yurtdoshlarimizdan qattiq talablar qo‘yish maqsadga muvofiq emas”, deb hisoblaydi O‘zXDP.
Bayonotda shunday deyiladi:
“Hukumat tomonidan muddatlar uzaytirilgan bo‘lsa-da, talabgorlar sonining ko‘pligi hisobga olinsa, bu davrda hujjat talab qilish o‘rniga, muammoni hal qilishning innovatsion yo‘llarini izlash lozim. Aks holda, yuz minglab yoshlar daromadsiz va ishsiz qolishi mumkin”.
O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan kambag‘allikka qarshi tizimli kurash va o‘zini o‘zi band qilganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha e’tirof etilgan mamlakat sifatida, hamyurtlarimizni murakkab vaziyatga tushirishdan qochishi kerak. Shu munosabat bilan partiya 1-oktabr muddatini keyingi yilga qoldirish, haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.
“Ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati yuqori bo‘lgan bu masalada davlat siyosatiga munosib yechim topilishini so‘raymiz va tegishli tartibda deputatlik so‘rovini kiritamiz”, deb yakunlaydi bayonotini.