Mehnat, tashabbus va natija

Mehnat, tashabbus va natija

Mehnat, tashabbus va natija: Paxtachi tumanida ijtimoiy o‘zgarishlar

So‘nggi yillarda yurtimizda aholi turmush darajasini oshirish, kambag‘allikni kamaytirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bu borada har bir hududda, xususan, Paxtachi tumanida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Kambag‘allikka qarshi kurash endi faqat moddiy yordam berish bilangina cheklanmayapti – u odamlarni barqaror daromad manbaiga ega qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kasb-hunarga yo‘naltirish, yer va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish kabi kompleks choralarni o‘z ichiga olmoqda.
Bugun tumandagi har bir mahalla, har bir oila bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Prezident qarorlarida belgilan­gan vazifalar bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarilmoqda. Natijada ko‘plab oilalar o‘z mehnati evaziga mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lib, ijtimoiy yordamga muhtojlikdan chiqmoqda. Quyida 2025-yil boshidan bugungi kungacha erishilgan natijalar, amalga oshirilayotgan choratadbirlar va kelgusi rejalar haqida batafsil so‘z yuri­tamiz.

2025-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, Paxtachi tumanida 155 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda. O‘tkazilgan tahlillar natijasiga ko‘ra, hozirgi kunda “Kamba­g‘al oilalar reyestri”ga 3 ming 936 ta oila kiritilgan bo‘lib, bu jami aholi sonining qa­riyb 10,4 foizini tashkil etadi.
Mazkur ko‘rsatkichni kamaytirish, aho­lini barqaror daromad manbaiga ega qilish maqsadida joriy yilda keng ko‘lamli ishlar boshlangan. Aholi bandligini ta’­min­lash, kam ta’minlangan oilalarni kam­ba­g‘allikdan chiqarish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida davlat tomonidan belgilab berilgan moliyaviy instrument­lar, turli maqsadli jamg‘armalar mab­lag‘­lari va imtiyozli kreditlar yo‘naltirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi “2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tumanda ushbu yo‘nalishdagi ishlar uchun asosiy dastur bo‘lib xizmat qilmoqda. Qarorda belgi­lan­gan maqsadli ko‘rsatkichlarga mu­vofiq, 2025-yil yakuniga qadar 1 ming 730 ta oilaning 7 ming 925 nafar a’zosi kam­bag‘allikdan chiqarilishi rejalash­ti­ril­gan.
Bu chora-tadbirlar nafaqat vaqtin­cha­lik yordam ko‘rsatishni, balki odamlarni doimiy daromad keltiruvchi faoliyatga jalb etish, ularni tadbirkorlik, kasb-hunar va qishloq xo‘jaligi ishlariga yo‘naltirishni ham ko‘zda tutadi. Shu orqali har bir oila o‘z mehnati evaziga barqaror daromad topib, mahalla va tumanning ijtimoiy-iqti­-sodiy hayotida faol ishtirok etish imko­ni­ga ega bo‘lishi maqsad qilinmoqda.

Shuningdek, tumanda aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha aniq va manzilli chora-tadbirlar bos­qichma-bosqich amalga oshiril­moq­da.

Jumladan:

794 ta oilaning 3 727 nafar a’zosi tadbirkorlik subyektlariga doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi. Bu nafaqat oilalarning barqaror daromad topishiga, balki ularning ijtimoiy faolligini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

591 ta oilaning 2 750 nafar a’zosi oilaviy tadbirkorlik loyihalariga jalb etilib, o‘z biznesini boshlash uchun zarur sha­roit yaratildi.

129 ta oilaning 568 nafar a’zosi uchun qishloq xo‘jaligi yerlari ijaraga berilib, ularni dehqonchilik orqali doimiy daromad manbaiga ega qilish choralari ko‘rildi.

36 ta oilaning 43 nafar a’zosi kasb-hunarga o‘qitilib, malaka orttirish orqali bandligi ta’minlandi.

180 ta oilaning 837 nafar a’zosi esa boshqa sohalarda yaratilgan ish o‘rinlari hisobidan doimiy ish bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, 124 ta oilaga yangi yondashuvlar asosida kompleks ko‘mak ko‘rsatilib, ularning kambag‘al­lik­dan chiqishi ta’minlandi.
Yanvar-avgust oylariga mo‘ljallan­gan reja bo‘yicha 1 ming 280 ta oilaning 5 ming 868 nafar a’zosi mahalla yettiligi va biriktirilgan tashkilotlar bilan ham­kor­likda turli xizmatlar bilan qamrab olinishi lozim edi. Ammo amalda 2 ming 668 ta oila­ning 12 ming 246 nafar a’zosi bilan ishlanib, reja 208 foizga, aholiga ko‘rsa­tilgan xizmatlar hajmi esa 212 foizga bajarildi.

Natijada 3 ming 970 nafar fuqaroga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, ularning yashash sharoiti, daromad manbalari va ijtimoiy faolligini oshirishga keng yo‘l ochildi. Bu esa tumanda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar belgilangan rejadan ancha oldinda ketayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Qolaversa, tumanda kamba­g‘al­lik­ni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yanada keng ko‘­lamli va tizimli xarakter kasb etmoq­da. Jumladan:

1 ming 303 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, bu esa ko‘plab oilalar­ning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga imkon yaratdi.

483 nafar aholi vakiliga imtiyozli kreditlar ajratildi, natijada ularning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga va oilaviy daromadni oshirishiga sharoit yaratildi.

40 nafar ishsiz yoshlar kasb-hunar va tadbirkorlik asoslariga o‘qitilib, zamo­na­viy mehnat bozorida talab yuqori bo‘l­gan kasblarni egallash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2 ming 95 nafar fuqarolar tadbir­kor­lik faoliyatiga jalb etildi, bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratilib, mahalliy iqtisodiy faollik oshirildi.

49 nafar aholiga ssuda va sub­si­di­ya­lar ajratildi, bu esa ularning kichik loyi­halarini moliyalashtirishga yordam berdi.

Yangi yondashuvlar asosida amalga oshirilayotgan tashabbuslar ham e’tiborga loyiq. Xususan:

*21 ta oilaga o‘rmon fondi yerlari­dan 22 gektar maydon ajratilib, dorivor o‘simliklar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda ko‘chatxonalar tashkil etish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

*2 ta oila boshqaruv servis kompa­niya­lari hududini obodonlashtirish va ko‘­ka­lamzorlashtirish ishlariga ishga qabul qilindi, bu esa nafaqat bandlikni, balki shaharsozlik ishlarining sifatini ham oshirdi.

Ko‘rilgan amaliy chora­lar natijasida “Kambag‘al oilalar reyest­ri”ga kiritilgan 5 ming 234 ta oiladagi 21 ming 60 nafar aholining 1 ming 298 ta oilasi (4 ming 925 nafar fuqaro) kam­ba­g‘al­likdan chi­qarildi.

Natijada, tuman bo‘yicha kambag‘al­lik darajasi qisqa vaqt ichida 13,6 foiz­dan 10,4 foizgacha pasaydi. Bu esa Paxtachida olib borilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini berayotganini va aholi­ning farovonlik darajasi barqaror oshib borayotganini yaqqol isbotlaydi.

Mazkur oilalar dastlab “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilganda, ularning o‘rtacha oylik daromadi atigi 116 ming so‘mni tashkil etgan edi. Ammo tizimli chora-tadbirlar, moliyaviy ko‘mak va ijti­moiy xizmatlar natijasida 2025-yil 1-sen-tabr holatiga kelib, ularning o‘rtacha daromadi 343 ming so‘mga yetdi. Ya’ni har bir oilaning daromadi o‘rtacha 205 ming so‘mga oshdi, bu esa oilalar faro­vonligining sezilarli ravishda yaxshilan­ganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, o‘tgan bir oy davomi­da reyestrda qolgan oilalarning turmush sharoiti mahalla yettiligi tomonidan qay­ta xatlovdan o‘tkazildi. Natijada 1 ming 994 ta oilaning daromadi oshgani aniq­lan­di hamda ularni ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi. Bu jarayon aholining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash borasida amalga oshiri­la­yotgan islohotlar samaradorligini tas­diq­laydi.

Kambag‘allik darajasini kamaytirish va ishsizlikni oldini olish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshiril­moq­da. Hokim yordamchilari “Sayxunobod” tajribasi asosida aholi bandligini oshi­rish­ga qaratilgan mikroloyihalarni faol joriy etmoqda. 2025-yil yanvar-avgust oy­larida 1 ming 697 ta mikroloyiha ishga tushirildi hamda ushbu maqsadlar uchun tijorat banklari tomonidan 28,5 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.

Natijada:

= 180 ta xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida,

= 1 ming 216 ta qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha,

= 301 ta sanoat yo‘nalishida mikroloyihalar amalga oshirildi. Bu esa qisqa muddat ichida 3 ming 431 ta yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.

Bunday chora-tadbirlar nafaqat kambag‘allikni qisqartirish, balki tumanda kichik biznesni rivojlantirish, mahalliy iqtisodiy faollikni oshirish hamda aholi turmush darajasini izchil yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Misol tariqasida tumanning “Mojor” mahallasida istiqomat qiluvchi tashabbuskor Hamrayev Elbek Akmalovichning faoliyatini keltirish mumkin. U qiy­mati 90 million so‘mga teng bo‘lgan qo‘­zi­qorin yetishtirish loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Loyi­hani moliyalashtirish maqsadida unga 60 million so‘m imtiyozli kredit ajra­tildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida 2 ta yangi ish o‘rni yaratildi, yiliga esa 100-120 million so‘m miqdorida daro­mad olish imkoniyati yuzaga keldi. Bu­gungi kunda mazkur tadbirkor o‘z mah­su­lotlari bilan nafaqat ichki bozorni, balki qo‘shni vi­lo­yatlar bozorlarini ham mun­ta­zam ra­vish­da ta’minlab kelmoqda.

Shuningdek, tumanning chekka hududlaridan biri bo‘lgan “Qo‘shhovuz” mahallasida ham tashabbuskor yosh tadbirkor “Abbos Rajabov To‘lqin o‘g‘li” tomonidan sanoat yo‘nalishida diqqatga sazovor loyiha yo‘lga qo‘yildi. Qiymati 180 million so‘mlik suyuq sovun va gel ish­lab chiqarish korxonasini ishga tushi­rish uchun unga 50 million so‘m imti­yozli kredit ajratildi. Pirovard natijada bu yerda yana 2 ta yangi ish o‘rni yaratildi, korxo­naning yillik daromadi esa 120-150 million so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Bunday misollar, shubhasiz, Paxta­chi­da kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishning samarali yo‘nalishlari­dan biri sifatida kambag‘allikni qisqar­ti­rish­­ga sezilarli hissa qo‘shayotganini yaqqol namoyish etadi. Shu kabi tashab­buslar tufayli nafaqat mahalliy bozorlar, balki qo‘shni hududlar ham sifatli mahal­liy mahsulot bilan ta’minlanmoqda, bu esa tuman iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu kabi istiqbolli loyihalarni kengay­tirish maqsadida yil oxiriga qadar har bir mahallada kamida 40 tadan yangi tashabbusni amalga oshirish rejalash­ti­rilgan. Umumiy hisobda bu ko‘rsatkich 2 ming 360 ta loyihani tashkil etishi, nati­ja­da esa 4 ming 720 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Aholini bandlik bilan ta’min­lash va kambag‘allikni qisqar­tirish yo‘lida kredit­lash das­tur­lari alohida ahamiyat kasb et­moq­da. Joriy yilning yan­var-avgust oylarida tumanda 1 ming 804 ta loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida 24,5 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Bu mab­lag‘­lar, asosan, kichik biznesni rivojlantirish, oilaviy tadbirkor­lik­ni yo‘lga qo‘yish hamda yan­gi ish o‘rinlari yaratishga yo‘­nal­tirildi.

Shu bilan birga, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida yil yakuniga qadar yana 36,5 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish belgilangan. Mazkur moliyaviy ko‘mak nafaqat yangi ish o‘rinlarini ochishga, balki mahalliy aholining daro­mad manbaini kengaytirishga, tadbir­kor­lik­ni yangi bosqichga olib chiqishga xiz­mat qilishi kutilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kabi tizimli chora-tadbirlar tumanda kambag‘allikni izchil kamaytirish bilan birga, Paxtachining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, ayniqsa, mahalla darajasida bar­qaror iqtisodiy faollikni oshirishga katta turtki bo‘lmoqda.

Paxtachida amalga oshirilayotgan kambag‘allikni qisqartirish choralari ma­hal­liy aholi hayotida ko‘zga ko‘rinadigan ijo­biy o‘zgarishlar keltirmoqda. Buni tumanning “Mojor” mahallasida yashov­chi Javlon Qayumov oilasining misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Mahalladagi hokim yordamchisi ko‘­ma­gi bilan Javlon Qayumovga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilib, ushbu mablag‘ hisobiga unga ko‘chma savdo do‘koni olib berildi. Hozirda u tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, o‘z mehnati evaziga muntazam daromad topmoqda.

Javlonning turmush o‘rtog‘i Munira Rajabovaga ham chorvachilikni rivojlan­tirish uchun 10 million so‘mlik kredit mablag‘i ajratildi. Bu imkoniyat tufayli u oilaning chorva boshini ko‘paytirib, har oyda 5-6 million so‘m daromad olishga erishdi. Natijada, oila moliyaviy qiyinchi­lik­lardan xalos bo‘lib, farovon turmushga qadam qo‘ydi.

Xuddi shunday, “Tadbirkor” mahal­lasi­da yashovchi Furqat Muhammadiyev ham subsidiya asosida hokim yordam­chi­si ko‘magida issiqxona barpo etdi. Unda ismaloq, piyoz va boshqa sab­zavot ekinlari yetishtirilmoqda. Hozirda yig‘ib olingan hosil tuman bozorlarida sotilmoqda va bu orqali oila daromadi barqaror o‘sib bormoqda.

Furqatning turmush o‘rtog‘i Munira Ergashovaga esa subsidiya asosida tikish mashinasi berildi. U mahalladagi xotin-qizlarga xizmat ko‘rsatib, oyiga o‘rtacha 3,5–4,5 million so‘m daromad­ga ega bo‘ldi. Bu esa nafaqat oila iqti­so­di­ni mustahkamlashga, balki ayolning jamiyatdagi faolligini oshirishga xizmat qildi.

Bu kabi misollar Paxtachida olib borilayotgan “Sayxunobod” tajribasi asosidagi kompleks chora-tadbirlar oddiy fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash, ularni barqaror daromad manbaiga ega qilish va kambag‘allikni izchil qisqartirishda samarali natija berayotganini yaqqol isbotlab turibdi.

Paxtachi tumanida aholining tadbir­kor­lik bilan shug‘ullanishi va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha imkoniyatlar tobora kengaymoqda. Bu jarayonning muhim yo‘nalishlaridan biri – yer resurs­laridan oqilona foydalanishdir.

Joriy yilda tumanda 101 gektar maydon 272 ta kichik lotlarga ajratilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetish­ti­rish istagidagi fuqarolar uchun “e-auksion.uz” elektron savdo platformasi or­qali ochiq savdoga chiqarildi. Bu esa yerga ehtiyoj sezgan tashabbuskorlar uchun shaffof tartibda yer uchastkalarini ijaraga olish imkonini yaratdi.

Aholini kasb-hunarga yo‘naltirish ma­sa­lasi ham doimiy e’tiborda. Prezident­ning 2025-yil 17-yanvardagi 12-qarori asosida yilning yanvar-avgust oylarida 591 nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga o‘qitishga jalb etildi. Bu orqali ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligi oshirilib, oila budjetini mustahkamlashga zamin yaratildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-martdagi 158-qaroriga mu­vo­fiq, mahalliy aholining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 16 nafar talabgorga jami 84 million so‘mlik subsidiya va 9 nafar talabgorga 90 million so‘mlik ssuda mablag‘i ajra­til­di.

Bu kabi imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan fuqarolarning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar buni yaqqol tasdiq­lay­di. Masalan, “Dabusqal’a” mahallasida yashovchi Narzullayeva Iroda Hasan qizi o‘zining tikuvchilik faoliyatini bosh­lash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida 18,7 million so‘m miqdorida ssuda mablag‘ini oldi. Bu­gun u tikuvchilikni yo‘lga qo‘yib, oyiga 4-5 million so‘m daromad topmoqda. Natijada, nafaqat oila daromadi oshdi, balki hududdagi xotin-qizlarning mehnat bilan bandligi ham mustahkamlan­moq­da.

Bu kabi amaliy chora-tadbirlar tuman­da aholining ijtimoiy himoyasini kuchay­ti­rish, kambag‘allikni qisqartirish va ma­hal­liy iqtisodiyotni mustahkamlash yo‘­na­­li­shida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

Paxtachi tumanida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar faqat moddiy ko‘mak bilan cheklanib qolmayapti. Moliyaviy instrumentlardan oqilona foydalanish bilan bir qatorda, mahalliy hokimlik va tegishli tashkilotlar tomonidan kambag‘al oilalarning har bir a’zosini qo‘llab-quvvatlash­ga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, ehtiyojmand oilalarga ijti­moiy va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, ular­ning farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish, yoshlarni turli to‘garaklar va o‘quv kurslariga jalb etish kabi ishlarga ustuvor ahamiyat beril­moqda. Bunday chora-tadbirlar na­fa­qat oila daromadini oshirishga, balki kelajak avlodning ma’naviy va intellek­tual rivojiga ham xizmat qilmoqda.

Yil yakuniga qadar ana shu kompleks yondashuv natijasida tumandagi kam­­ba­g‘al oilalar sonini 1 ming 791 taga qisqar­tirish, shuningdek kam­ba­g‘allik darajasini 4,6 foizgacha pasaytirish maq­­­sad qilingan.

Bu rejalarning amalga oshishi Paxta­chi tumanida barqaror ijtimoiy taraqqiyot­ga zamin yaratib, mahalliy aholining hayot darajasini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Natijada, ko‘rilgan chora-tadbirlar nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, yoshlar va kelajak avlod uchun keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Paxtachi tumanida kambag‘allikni kamaytirish yo‘lida amalga oshirilayot­gan keng qamrovli chora-tadbirlar – bu shunchaki qisqa muddatli ijtimoiy yor­dam emas, balki uzoq muddatli iqtisodiy va ma’naviy o‘zgarishlar sari tashlangan dadil qadamdir. Mahalliy hokimiyatning puxta rejalari, moliyaviy instrumentlar­dan oqilona foydalanish, tadbirkorlikni rag‘­batlantirish, kasb-hunarga o‘qitish va yer resurslaridan samarali foydalanish borasidagi tashabbuslar tuman hayotini tubdan yangilashga xizmat qilmoqda.

Eng muhimi, bu ishlar faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash bilangina cheklanib qolmay, yosh avlodning tarbiyasi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, farzandlar­ning sifatli ta’lim olishi kabi ijtimoiy soha­lar­ni ham qamrab olmoqda. Bu esa aho­li­ning bugungi ehtiyojlarini qondirish bi­lan birga, kelajakda mustahkam va barqaror jamiyatni barpo etishga yo‘nal­ti­ril­ganini ko‘rsatadi.

Shunday qilib, Paxtachida bosh­lan­gan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat bugun­gi kunda kambag‘allik darajasini pasaytirish, balki yoshlar, oilalar va butun jamiyatning ertangi kuniga mustahkam poydevor yaratish demakdir. Bu yonda­shuv tuman aholisi uchun farovon hayot sa­ri ochilayotgan yangi ufqlarning amaliy isbotidir.

Qayum XUSHBAQOV, Paxtachi tumani hokimi