Ta’lim frontining «fyurer»i

Ta’lim frontining «fyurer»i

Kunning qanday o‘tganini tun ko‘rsatadi
Olmon xalq maqoli

Ko‘chamizning qoq belida, ham­ma uylarga o‘xshagan, bir uy bor: eshikli, derazali, darvo­za­li… Shu darvozaning o‘ng biqinida, ham­ma darvozalar biqinidagi kabi, bir o‘rin­diq bor: og‘ochli, ikki “oyoq”li, suyan­chiq­siz, ko‘hna… Va shu ko‘hna o‘rindiqda yanayam ko‘hnaroq, ammo… hammaga o‘xshamagan bir inson o‘tiradi, har erta bahordan kech kuzgacha: munkayibgina, mo‘ng‘ayibgina, hassasiga suyanibgina… Agar salom bersang, quvonchdan qisiq ko‘zlari chaqnab ketadi va ancha qiynalib esa-da alik oladi: “…va… vaalaykim as…salom… ha… yaxshi… rah…mat…”. Mabodo, shunchaki og‘izda salomlashib o‘tib ketishdan istihola etib, qo‘l uzatib borsang, qadog‘u qarilik menglari bosgan kaftini titray-titray, bazo‘rgina ko‘taradiki, beixtiyor o‘zing engashib tutasan, u qo‘llarni.
Yozda ham qora choponiga o‘ranib o‘tiradigan, qayta-qayta falaj xurujlaridan tutday to‘kilayozgan, sochlarini oqlik bemahal yoqqan qorday qoplagan, kishi­ga samimiy tikilib turguvchi, salgina gapga ham go‘dakday miriqib kuladigan yo aksincha, yig‘lab yuboradigan… bu odamning ismiga el birgina so‘zni qo‘shib aytadi, esimni tanibmanki: “…nemis”.
Biz esa u kishini, avvaliga: “…diriktir”, deb, keyiniga: “…domilla”, deb ulg‘aydik. Xossatan esa u zot yolg‘iz bir maqomga munosibligini butun o‘tgan yoshligi-yu bugun o‘tayotgan 67-kuzidagi holi bilan ham birday isbotlab yashayotir: USTOZ!

“Wer? Wie? Was?”

…96-yillarda maktabga chiqqan “ilk lotinchilar” borki, bu kitobni eslashlariga ishonaman. Sodda dialoglar-u, oddiygina chizilgan rasmlardan iborat bu kitob bizga nainki nemis tilidan, balki shu yashab turganimiz dumaloq sayyoraning qayerlaridadir Germaniya degan joy borligidan, unda yashovchilar – “nemislar” atalishidan, ularning ham bolalari maktablarga borishlaridan, sho‘xliklar qilishlaridan, agar sho‘xliklari ortib, to‘polonga aylanib ketsa, ularniyam tergab turguvchi kattalar borligidan… dalolat berib turardi.
Deylik, sariq sochli, katta-katta ko‘zlari porlab turadigan, shaddodgina siyoqda chizilgan qiz – “Tanja”ni, uning g‘irt tersi qilib tasvirlangan, ya’ni qo‘ng‘ir sochli, katta ko‘zoynak taqqan, yuziga husnbuzar toshgan, qo‘llarida kitob-daftar… – “Susan”ni hamda ularga muttasil pand-nasihat qilib turguvchi, katta qorinli, shopmo‘ylov, bo‘yinbog‘ bog‘lavolgan, keng oq shim-u jigarrang kamzul kiygan, kalta sochlariyam och sariq, jilmayib turgich “amaki” – “Herr Muller”­ni… har darsda ko‘raverib-kulaverib-hijjalayverib… shuqadar “qadrdon”imizga aylanib qolishgandiki, o‘zaro hazil-hangomalarimizdayam “ishtirok etib” ketaverishardi, dars paytida:
– …domilla-a, qara-ang manuvg‘a, Herr Muller seni buvang, deyapti baynadan beri-i!, – deb qolardi, masalan, azbaroyi kitob kam kelganidan bitta partaga uchchovlashib o‘tirvolganlardan biri, yonida o‘tirgan ikkinchisini ko‘rsatib.
– O‘zini buvasi Herr Muller… Jim o‘tirib, doskaga qaranglar!.. Shunday qili-ib, ne-emis tilida-a “Vo!” degan so‘z bor… Ha, shu-shu, o‘zimizam ishlatib turadi­g‘an, ani shu “Vo-o!” (bosh barmog‘ini tikka qilib, qolgan barmoqlarini musht tugib ko‘rsatardi, baland ko‘targan ko‘yi. Hozirgi ijtimoiy tarmoqlardagi “layk”ning o‘tmishdagi “qiyofadosh”i) , – deb qo‘yar­di, avvaliga, joniqqancha dars o‘tayotgan qotma, qattiqqo‘l, asabiy nemis tili dom­lamiz ham, tahsilidan chalg‘igisi kelmay.
Ammo, ko‘p o‘tmay, haligi “Herr Mullerning nevaralari” yana “hiring-hiring” qilib, darsniyam, boshqalar diqqa­tiniyam bo‘lavergach, domlamizning in-ndamay, shahd bilan partalarni oralab borayotganini ilg‘ab-ilg‘amay qolardik. Va hozirgina, bir necha nafas oldin iljayishib turgan yuzlarni ko‘z yoshi aralash qiy­shaytirib qaytardi. Shu ko‘yi bir muddatga to‘xtagan dars jadal sur’atda o‘z o‘zanida oqardi yana:
– …xo‘-o‘sh, keyingi betini ochinglar endi!

Indallo, bizga, hali boshlang‘ich sinfligimizdayoq hyotelar, herman hesselar, remarklar… tilining debochasini jamlagan kitob – “Wer? Wie? Was?” (“Kim? Qanday? Nima?”) darsligi bo‘lsa; shu kitobni tilimizda chaynab, ulkan ishtiyoq va asablar bilan bizlarga tushuntirgan inson – Shuhrat Jo‘raqulov bo‘lgandi!
Shunday, u vaqtlar biz hali bola edik. Va unda, uchora bitta qilib, parta o‘rtasiga qo‘ygancha, qaldirg‘ochday chuvillashib o‘qiyotganimiz o‘sha yumshoq muqovali, to‘q sariq, katta hajmli kitobning muallifi (Harald Seeger) ham o‘qituvchi ekanli­gini, nemis tili targ‘ibida qator kitoblar bitganini, “Wer? Wie? Was?”ni esa, huv, 1985-yilda, qishlog‘imiz “katta bola”lari ta’biricha, biz “hali plandayam bo‘mag‘an” davrlarda yozganini; shuningdek, shu kitobni bizga baqirib-qizishib-yonib… o‘qitayotgan domlamiz (Sh. Jo‘raqulov) ham hashaki “maallim”lardan emasligini, inchinun, uyida nemis tiliga, nemislar tarixiga, nemis adabiyotiga, nemislar madaniyatiga, nemislar san’atiga, nemis­lar qonunchiligiga, nemislar siyosatiga, nemislar maorifiga, nemislar jug‘rofiyasi­ga… taalluqli jild-jild kitoblardan iborat mo‘jazgina kutubxonachasi borligini, hatto, tasavvur ham qilolmasdik.
Qachonki, xiyol kattarib, o‘rta sinf bo‘lganimizda va taqdir taqozosidan, to‘rt yil o‘qigani, olatasir “g” sinfdan – o‘quv­chilari mo‘minqobilgina o‘tirguvchi, bizning “a” sinfimizga o‘tgan to‘ng‘ich o‘g‘li, tengqo‘rimiz Jasurga iyarib, uylariga bora boshlaganlarimizdagina ko‘rgandik, o‘sha ajnabiy bisotni. Hayajonda o‘zimiz­cha, garchi baloniyam tushunmasak-da, olib varaqlar, suratlariga anqayib qararkanmiz, o‘g‘li – jaydari jo‘ramiz “ko‘z-quloq” bo‘p turardi tepamizda, bir eshikka, bir bizga qarab:
– …e-e, tezraq ko‘ringlar-ey, hozir dadam kep qosa-a, silarga qo‘shib meni­yam it-taradi!
Tabiiyki, biz ham domlamizning jahlini juda yaxshi bilganimiz uchun shosha-pisha olgan joyimizga taxlardik kitoblar­ni. Holbuki, shu domlamizni, serjahl esa-da, maktabda biror marta birontasini “it-tarish” tugul urganiniyam ko‘rmagan ekanman hech, endi o‘ylasam… Yo‘q, bir marta ko‘ribman… ko‘rgan ekanman… Ha, urgandi… qarsillatib urgandi – o‘z o‘g‘lini: kuppa-kunduzi, ko‘pchilikning ko‘zi oldida!..

“…Qo‘y bo‘lishdi xohlab qoldinglarma?!”
…5-sinf edik. Jismoniy tarbiya darsi. Ayonki, maktablarimizda bu fan haqida gap ketganda, butun chorak davomida to‘p tepa-tepa, choraklikda jurnalgayam, tabellarimizgayam baholarni qayerdandir olib, qo‘yib-qo‘yib yuboruvchi, badqovoq “JT maallim”lar keladi, xayolimizga. Bizda ham shunday o‘tgan bari… Sinfimizda futbolni zo‘r o‘ynovchilar boridi, misol uchun: Feruz (keyinchalik Navoiyga ko‘chib ketishdi. Va o‘sha yoqdagi futbol maktabiga qatnay boshladi. Maktabni bitirgach, ma’lum vaqt NTRKda montaj­chimi kimdir bo‘lib ishlab yurdi. Hozir estrada xonandasi), Akbar (do‘sti qiyo­mat, hozir Navoiyda ishlab ham yashaydi, mohir marksheyder), Abbos (Chirchiq oliy tank-qo‘mondon muhandislik bilim yurtini bitirgan. Harbiy hayotni tanladi, shu ko‘yi, hozirgacha)…
Jasurda esa “mansab” o‘sha mahallar­dayoq bor edi – “diriktirdi bolasi”. Biroq o‘zi bundan biror da’fa faxrlanganini, kibrlanganini, maqtanganini… bilmadik. Bil’aks, qandaydir… hijolatmi, uyalishmi, siqilishmi tuyardik kayfiyatida, bu mavz­uda gap ketgan kezlari. To‘g‘ri, qaysidir fandan qoyillatib o‘qiganiniyam eslolmas­miz, lekin… harakat qilardi, shunga, loa­qal. Uyga vazifalarni yodlab kelar, topshi­riqlarni yozar, yozuvtaxta qarshisiga chiqar va… tamom bo‘lardi, hamma-ham-masi, ana shunda. Tutilib-sutilib aytib berarkan vazifani, kimningdir “piq” etib kulib yuborishi yo mazaxli qarab o‘tir­ga­nini ko‘rib qolishi ra’yini rasvo qilardi-yu, boriniyam unutardi, aytarlarini. Faqat birgina dars bor ediki, joniga ora kirardi doim: ha, o‘sha JT! Chunki, unda qizlar alohida bo‘ladi… chunki unda miya emas – mushaklar namoyish qilinadi… chunki, unda, sinfning e-e-eng baquvvat, chayir, kuchli bolasi kimligini ko‘rsatib qo‘yish imkoni bor… va eng asosiysi, unda kimdir “piq” etib kulsa yoyinki mazax-pazax qilib qolguday bo‘lsa, shartta borib, tuyib-tuyib tashlash mumkin!..
O‘z-o‘zimiz ikki jamoaga bo‘linib o‘ynagan kunlarimiz-ku, bir na’vi, chidasa bo‘lgulik o‘tardi o‘yin. Lek boshqa sinflar bilan, ayniqsa “g” sinf bilan o‘ynagan kunimiz, o‘yin avvalida to‘pni tepgan oyoqlar, o‘yin oxirigacha qolmay, bemalol bizni tepkilashga o‘tib ketgan bo‘lardi. Bir gal o‘yindan o‘t chiqdi, axiyri: “g” sinfning ashaddiy mushtumzo‘rlariga sinfimizning qay sho‘rpeshanalari yoqmay qoldi va xumorlari bosilguncha urasi bo‘lishdi… Ikki-uchovi shimlari pochasini tirib, mushtlashuvga shay bo‘lvolishgan hamda biz tomon qarab jekirishardi, hadeb: “…davay, “a”ni birinchi “shep”i chiqsin!”. Qaysimiz balogardon bo‘lishni bilmay, bir-birimizga ilinj-la termulib turganimizda, o‘ta xotirjam, ammo o‘ziga tamoman ishongan tovush yangrab qoldi, ichimiz­dan: “…men chiqaman!”. Qarasak, Jasur. Boyagilarning tusi o‘zgardi, birdan: “…si…sen “a”ga kecha o‘tib, ular tarap bo‘p qoldingma, Jas?! Tit… to‘rt yil kimlar bilan o‘quvding, esingdan chiqdima, Jas?.. Mayli, bizar tarap bo‘ma, lekin ulardiyam oldig‘a tushma!.. Qoch o‘rtamizdan, Jas-s!.. Ulardi birinchi shepini chaqiryappan men!..”. Jasur esa o‘sha-o‘sha xotirjamligini zarracha yo‘qotmay, ularga yovuqlashdi va ko‘zilg‘amas chaqqonlik bilan birovi­ning oyog‘ini osmondan qildi. Keyingisi­ning shimini kissalariga qo‘l yugurtirdi, ayni shiddat-la. Ikki bo‘lak pishiq g‘isht dupurlab tushdi, turganimiz basketbol maydonchasi tuprog‘iga. “Qurolsiz” qolga­ni alamiga so‘kinib qochishga tushdi, ikkinchi mushtumzo‘r. U endi uchinchi sobiq sinfdoshining surobini to‘g‘rilab qo‘ygani borayotgandi hamki, qayerdan paydo bo‘lib qolganini payqamayam qoldik, Shuhrat domla muzyorar kema­day kirib keldi oraga. Birinchi navbatda… o‘g‘lining chakkasiga shapaloq tortib yubordi qarsillatib, butun izdihom guvoh­ligida. So‘ng so‘radi:
– …nimani bo‘lishalmay qoldinglar?
– O‘zi-da… birinchi shep bo‘g‘isi kep qopti.., – dedi Jasur.
– “Shep” nimaligini bilasilarma, o‘zi?, – dedi otasi, barimizga bir-bir ko‘z yugurtirib. – “Qo‘y”, degani, ingliz tilida!.. Qo‘y bo‘lishdi xohlab qoldinglarma?!.. Qani, darsga hayda, hammang!..

Chop etilmagan ORZU

…2019-yil. Navoiy viloyati bo‘yicha eng nufuzli ro‘znoma tahririyatiga ish izlab bordim. Afsuski, gazetaning u nufuzi nurab bitayozgan, qulog‘igacha qarzga botib yotgan, yangi kelgan bosh muharriri – asli kasbi shoir, lafzi butun, bosiq, halol, halimdekkina ko‘rinsa-da, g‘azabdan o‘t-olov bo‘lgan chog‘larida hech nimadan tap tortmaydigan – hali hokimiyat binosiga, hali banklarga, hali obunachi tashkilotlarga zir qatnayotganiga qaramay, baribir cho‘kib borayotgan, ishchi o‘rinlari yo‘q, bor ishchilari-da nechchi oyki, maoshsiz qatnab yurgan… davriga borib qolibman.
Shoir aka, birdan ranjitgisi kelmadimi, bir oycha sinab ko‘rishini aytib, bo‘shab yotgan xonalardan birini ko‘rsatdi. Xona o‘rtasida bir stol-u stul, stolda shaloq bir kompyuter va trubkali telefon chang bosib yotar, men shular­ga mahzun mo‘ltirab, kunni kech qilardim. O‘zimni endi Rey Bredberining bir hikoyasi qahramoni singari kurrai zaminda yakkash qolib ketgan odamzotday his eta boshlagan kunimda haligi trubkali telefon jiringlavorsa bo‘ladimi! Murdaning aksirib yuborganini ko‘rgan murdasho‘ydek sapchib tushdim. Telefonniyam chakagi tinmas, on sayin avjiga olardi. Go‘shagini olib, qulog‘imga qo‘ydim. Bosh muharrir ekan, xonasiga tez borishimni, menbop ish chiqqanini aytardi. Bordim. Prezident qarori chiqqanakan, shunga uch-to‘rt xil kasb egalaridan ikki enlikkina muno­sa­bat undirib kelishimni topshirdi.
O‘ylay ketdim: kimim bor bu shaharda, hali “yangi”lardan bo‘lsam, kimniyam tanirdim, kim meni tanirdiki, tavakkal borganim bilan menga – bor-yo‘g‘i sinov muddatdagi “patsan”-ga arzirli nimadir dermidi?.. Ittifoqo, bir ism-sharif toshdi tilimga: “…Shuhrat domilla bor-ku!”. Lash-lushimni oldim-u kvartirasiga – “yangi bozor” taraflarga yo‘l tortdim. Bora-bora qo‘ng‘iroqlashib oldim. Yanglishmabman, kvartirasida ekan: kurs o‘tayotganini, oldida bolalar borligini, kunbotarlarga tugatishini, istasam, borib biror xonada kutib turishimni, istamasam, bafurja shahar aylanib, kunni kechlatib boraverishimni aytdi. Oldiniga ozroq shahar aylangan bo‘ldim. Yo‘q, kunni kech­la­tish uchungina emas, zimmamdagi topshi­riq­dan ensam qotardi, rosti: shunday FENOMEN huzuriga… kunora potirlab chiqib yotgan qarorlardan bittasiga ikki enlikkina muno­sa­bat olish uchun borish – ummonga laychani cho‘miltirib kelish uchun borishday gap-da-yey!.. Yetmaganday g‘irromlik ham qo‘sh­gan­dim, telefonda: “…sizdan intervyu olishga borayabman!”, mazmunida, azbaroyi rad etib yuborishidan hadiksirab…
Quyosh ufqqa yaqinlashganda, ichkaridan tanish olashovur eshitilayotgan uy ostonasida turardim. Eshigi ochiq ekan. Bir qiz shiddat-la ochib, shiddat-la salomini berib, shiddat-la ichkariga urdi yana o‘zini. “Kelivur!..”, deb qo‘y­gan o‘sha yodaki tovushdan dadillanib, to‘g‘ri kurs o‘tilayotgan xonaga kirib bordim. Ustida turfa kitoblar, daftarlar, qalam-u ruchkalar sochilib yotgan xontaxta tegrasida besh-olti chog‘li yigitcha-yu qizchalar, domlamizga ulkan ishtiyoq ila qarab o‘tirishar, ora-chora bahslashib ham ketishar, savollar yog‘dirishar, kulib qo‘yishar… mutlaqo erkin bir muhit namoyon edi, xullas. Bir repitetor kursxonasi­ga emas – Nyurnberg sudi zaliga kirib qolgan­dek tuydim o‘zimni. Salomlashib sekingina ko‘rpachaning kunjagiga cho‘kkandimki, ba­ral-la yangragan tanishtiruvdan nima deyarimni bilmay qoldim: “…buyam meni o‘quv­chila­rimdan. Bugun katta jurnalist! Mendan intervyu og‘ani kepti!”. Aftidan, unda o‘tirmish qora­ko‘zlarning oppoq orzulari oldida mening tobora itning keyingi oyog‘iga do‘nib bora­yot­gan kamsuqumgina kasbim – “chepuxa”, cha­mamda, bepisand avzoda bir qarab qo‘yishdi-yu, qolgan joyidan ulab ketishdi “sud”ni. Men ham, izzat borida, boshqa xonaga astagina chiqib ketdim.

Oshxona vazifasini-da o‘tovchi balkonda kutishga qarorladim. Havo dimligiga juda chanqaganidim. U shaharning xlorga bo‘kkan suvini ho‘plagan og‘izdan boshqa ta’mlar ham “qochib ketishi”ni bilganim bois jo‘mrakka tegmadim. Bunday qarasam, katta bir xum­-ch­oynak o‘ralgan turibdi, mato bilan. Ushla­sam hali hovurli. Qopqog‘ini ochib boqsam, ko‘k choy-da. Shartta shunda turmish chinni bordoqni limillatib-limillatib, ketma-ket bo‘­shatdim. Sal boshqacharoq hidi-yu ta’mini aytmasa, joyiga bordi lekin!..
Xumchoynak bo‘shayozganda, domla ham bo‘shadi, nihoyat, shom paytlari. “Sud”ni tugatib, “hay’at a’zolari”ga vazifalar taqsimlab, barini jo‘natib yuborgach, horg‘in kulimsib kirib keldi, oshxonaga. Ayni shu damda shahar nomini sharmanda qilib, elektr o‘chdi-yu, g‘ira-shirada qoldik. Telefon fonarida nisbatan yorishgan yo‘lakdagi bir xonachada so‘ppayib o‘tirardik. Shu nimqorong‘ilikda ham domla­ning qattiq toliqqanini, charchoq qiyofatini payqash mushkul emasdi.
– O‘quvchilarimdan bittasi kiyigo‘t opkega­nakan, damlab qo‘yib ketuvdi. “E, bu jida zo‘r giyoh, domilla, dovlinani tushiradi, boshovruv­di bosadi!”, deb maqtablar ketdi… Qani, op­ke­chi, nima karamati borakan, ko‘ramiz… Ana, gazxonadag‘i katta chaynikda turuvdi.., – deb qolsa bo‘ladimi, bir mahal, menga.
Nafasim ichimga tushib, shogirdining dam­lamasini ichib qo‘yganimni aytgancha, tagida qolganini siriqtirib quyib uzatdim. Domla pinaginiyam buzmay, idishni bo‘shatdi, bir ko‘tarishda. Xafsalasi pir ohangda:
– Go‘ramasakan-ku!.., – deb qo‘ydi.
Issiq ham zulmat, chanqoq ham ochlik baravariga iskanjaga olib kelayotganda, qan­daydir hukumat qaroridan gapirish u yoqda tursin, og‘iz ochishgayam malollanarkan odam. Men-ku bariga chidash bo‘yicha poy­taxtda keragidan ortiq “tajriba” to‘plab kelgandim, biroq o‘ta horigan va yoshiyam oltmishga yetgan domladan xavotir edim.
– Xotin qishloqqa ketuvdi. Endi u qacha-an keladi, qacha-an ovqati pishadi, qacha-an svet yonadi… Yurchi, xay, bir aylanib kelayikchi!..
Shahar ko‘chalari zim-ziyo, unda-bunda generatorli joylar chiroqlari hamda avtolar farasigina ko‘zga tashlanib qolardi. “Dom”lar oralab qaylargadir boshlab ketayotgan domla­ning qulfi dili ochilib borardi, dam sayin: bolalik xotiralari, o‘smirlik orzulari, yoshlik shijoati, oilali davr kechinmalari… baridan to‘lib-toshib so‘zlar, xuddiki, qabatida… qandaydir xaroba gazeta uchun bir parchagina yelvizak gap undirib ketgani kelgan muxbircha emas – hayot yo‘lini kitob qilgani kelgan yozuvchi turgan yanglig‘ yozardi ichini. Yo‘lda uchragan tanishlariga tag‘in o‘sha g‘ururli-yu sururli sasda aytardiki: “…o‘quvchim… jurnalist… mendan intervyu olishga kepti… viloyat gazitida beriymish… redaktiri jo‘natib­di shaxsan…”
Kattagina bir hovlidan tamaddixona tashkil etishgan ekan, timirskilanib bir stolini band­ladik. Dastyor yigit dasturxon tuzayotganda ham, taomnomani keltirganda ham, taom­lar­ning o‘zini opkelganda ham, ichimlik tashiyot­ganda ham, hisob qog‘ozini keltirganda ham, ilojsiz iljayib bo‘m-bo‘sh cho‘ntaklarimni pay­paslayotganimda ham, qishloqqa qaytvolgulik yo‘lkiragagina yetadigan pulimni, xudo biladi, nechchinchi karra sanayotganimda ham, to‘lash-chun kassaga yo‘nalganimizda ham, to‘lov chekiga bir nigoh yurgizib olayotganida ham, so‘ng yoniga solib qo‘yayotganida ham, tamaddixonadan chiqarimizda ham, kvartira­ga qaytayotganimizda ham, kirganimizda ham, ayoli kelganida ham, choy-poy damlab kirgiz­ganida ham, keyin choyni yana va yana va yana yangilaganda ham, o‘rnimizni solayotga­nida ham, o‘zi bo‘lak xonaga o‘rin solib, uxlashga kirib ketganida ham, qo‘yingki, soat millari yarim tundan og‘ganda ham… qaynab-jo‘shib so‘zlardi, mening favqulodda ziyoli va shuning barobarida to‘pori “respondent”im:

– …shetib desa-ang, Navoiydag‘i shu o‘n birinchi maktabga nemislar keluvdi, meni axtarib… Germaniya bilan hamkorliqdag‘i ne­mis tiliga ixtisoslashqan maktab ochasi bo‘luv­diq Navoiyda!.. Endi, ko‘rsang, ha-amma daku­mentni tap-tayyar qildiq, maktab ma’muri­yati bilan. Shahardi eng katta bir restaranida hujjatlardi birgalikda imzolab, nishonlaydig‘an bo‘ldiq. Kunini, soatig‘acha kelishib qo‘ydiq. Ani shu kun keganida, maktab direktori aynib o‘tiribdi-da, hech jayga bormiymiz, sizam bormiysiz, domilla, deydi menga… Bu nima deganing, ebey, dedim, hayran bo‘p. A, ketdik, kutib qoldi mehmonlar, desam, yana shu gap-da, bormaymiz, tamom. Sababini so‘rasam, tayin bir gap aytmiydi… Bormadiq-da-yey, qisqasi, shu kuni. Nemislar shu telefon qiladi endi… ko‘tarmadik… Ular a-ancha vaqt kutib o‘tiribdi, shundayam… Axiri, ketib jugarishibdi Germaniyag‘a qaytib…
Aradan ancha vaqt o‘tib, ishanchli bir odamdan eshitib bilishimcha, shu kuni, endi nemislardi oldig‘a borasi bo‘p turg‘animizda, xavfsizliq xizmatini odami telefon qig‘anakan, maktab direktoriga. Agar bugun shiyaqqa borsanglar, hammangdi … , depti… Nimaga?.. Nemislar – “josus”lar bo‘lishi mumkinimish… E-ebey, deyman haligacha, ular qayeri bilan o‘ylaydi-yey?.. A, unda, Samarqanddag‘i, Tosh­kentdagi, Farg‘onadagi nemis tiliga ixtisoslash-g‘an maktablardiyam jovib tashashsin borib. Ularam “josus”dir, balki, aytib bo‘lama!..?..
Ha, essi-iz, deyman, hali-halilargacha. Agar shu hujjatlardi imzolag‘animizdaydi borib, Navoiy bo‘yicha birinchisi bo‘liydi-da, bunday maktab!.. Nemislarma?.. Ular bir marta pand berib, ishanchdi jo‘g‘atqanlarg‘a qaytib ishan­maydiyam, ikkinchi marta eshitibam o‘tirmaydi undaylardi!..
Bitta iltimos sendan: qo‘lingdan kesa, shu niyatimdi – Navoiyda nemis tiliga ixtisoslash­gan maktab ochilishi haqidag‘i gaplarimdi gazitingda chiqartir. Gazitti hokimlar o‘qiydi, vazirlar o‘qiydi, prezident o‘qib qolishiyam mumkin..?! Zora… qaniydi…
…Tonggi to‘rtlarda oqqa ko‘chirib bo‘ldim, noutbukda. Ana, munosabat ham tayyor bo‘ldi: bir kitobga tosh bosgulik shuncha suhbat… bir listga sig‘armidi? Yo‘q, albatta. Va shu tufayli domlaning so‘nggi so‘rovini birgina xatboshiga tiqib qo‘ya qoldim. Qolgan barcha xatboshilar “ura-ura” gaplardan gurkiradi. Tahririyatga qorovuldan keyin kirib bordim-ov. Betoqat kutardim muharrirni. Kelganidan kirdim xonasiga, bitta list qog‘ozga chiqartirvolganim matnni, bayroqday hilpiratib. Bir qarab, juda kattarib ketganini, qisqartirib ke­lishimni buyurdi. Nimchoragini butab, “0,75” hajmda opkirdim, ikkinchi marta, muharrir stoliga. Yanayam qisqartirishimni aytdi. Yarim listga – “0,5”ga tushirib opkirdim, uchinchi qayta. Bunisiniyam “ko‘p” deganida, sovudim birdan. Chunki, domlaning yolg‘iz so‘nggi so‘rovi qolgandi qog‘ozda va agar uniyam optashlasam… sarlavha bilan ism-familiya qolardi faqat, matndan!..
Shu-shu, hech bir korga qo‘lim bormay qoldi butunlay, u tahririyatda. Quruqqa vaqt o‘tkazib ketardim, uzzu-kun. “Farhod” kutub­xonasi felialidan olganimni – “Don Kixot”ni o‘qirdim, nuqul, kun boshidan qosh qorayguncha… Toki gazeta bosh muharriri – Shoir aka xonasiga chaqirtib, vakant kelmaganini, meni boshqa olib o‘tirolmasligini uzxohlik-la aytib, xayrlashguniga va xona o‘rtasida og‘a-inilardek quchoqlashib, xo‘shlashgunimizga qadar.
Domla esa talay zamon so‘rab yurdi, har ko‘rishib qolganimizda. Boshida so‘zimni, oxirida o‘zimni olib qochadigan bo‘ldim. Bu gal ham ORZUsi shundayicha qolib ketganini, chop ettirolmaganimni, o‘zimniyam ishga olishmaganini, shukuhsiz sudralib yurganim­ni… aytishga bet topolmasdim sira!..
***
…Bultur bir tush ko‘ruvdim: Germaniyaning Bonn shahri ko‘chalarida yurganmishman… yonimda birinchi muallimamning jurnalist qizi tilmochlik qilib ketayotganmish… havo farahli emish o‘ta… “Wer? Wie? Was?” darslik kitobida-gi “Tanja”ga o‘xshash, sariq sochli, shaddod qizlar kulib-kulib o‘tarmish, atrofda…

Shu tushimni kimgadir yuzma-yuz aytgim kelib yuruvdim, o‘shandan beri. Ana-da, shu inson turardi yo‘limda, qora cho­ponga o‘ranib­gina, hassasiga suyanibgina, munkayibgina, mo‘ng‘ayibgina… Qo‘llaridan tutib, salom berdim. Aliginiyam oldim, zo‘rg‘a esa-da: “…va… vaalaykim as…salom… ha… yaxshi… rah…mat…”. Tushimni aytdim. Bonni hech­qa­chon va hech qayerda, hatto, internettayam biror marta ko‘rmaganimni tan olib, o‘zi qan­day shaharligini so‘radim.
– Yax… yaxshi shahar Bonn… Sak…kiz qavatli stayan…kalari bor, mo…shin qo‘­yish-…g‘a… to‘rt qavati… jerdi tagida… to‘rt qava­ti jerdi ustida… Betxovendi uyiyam bor…
– Qoyi-il!.. E, shu nemislar boshqacha xalq-da, qandaydir, – deyman kayfiyat uchun bir xush kalom aytmoq tusab. – Yaqinda Angela Merkel iste’foga chiqdi, masalan-da… Butun xalq kuzatgani ko‘chaga chiqibdi-yey. Umri bo‘yi xalqdi haqqini jemaganakan-da lekin. Oddiy kvartirada ijarada yashab o‘tga­nakan. Emasa, hukumat qasrda yashashini taklif qig‘anaka-an boshida, ko‘nmagana­kan-eyy… “Mutter”, dey­kan-ku xalqi, uni. “Ona”, deb biliykan-da, ya’ni…
– Hi-i… shunday… shunday.., – derkan, kayfiyati tushib borardi, nechundir.
Men esa mavzuni shartta burib qo‘ya qoldim, xursand qilmoq niyatida:

– …sizam shu Merkeldan kam ishlama­din­giz, domilla!.. Shu-uncha yil diriktirlik qilib, uyingizga maktabdan bitta mix ko‘tarib kema­ganingizdi eshitganman, domilla-a!.. Halol ishladingiz, domilla-a!..
– Iii…hia-a-a!.., – yig‘lay boshladi to‘satdan. Deganlarimdan mutaassir bo‘ldi fahmlab, qo‘l­laridan tutdim yana. Ovunish o‘rniga yanayam balandroq yig‘lashda davomladi, ammo. –…Iii… hii… hiii!..
Yelkalaridan quchib, xayrlashdim:
– Mayli, domilla, men ishga boray endi… O‘zingizdi ehtiyot qiling!..
– …Iii… hiii… hiii!.., – bir go‘dak misoli, yoshlariniyam artmasdan, yuzimga qaragancha yig‘lardi endi.
Zotan, U – go‘dak emasdi. Balki:
♦ Fredrih Ingels nomidagi Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti, nemis tili fakultetini (1976-1981 y.y) qizil diplomga bitirgan;
♦ keyin tumanimizdagi 12-maktabda o‘qituvchi (1981-1992 y.y);
♦ undan keyin tumanimizdagi 47-maktabda O‘IBDO‘ (“zavuch”, 1992-1997 y.y);
♦ undan ham keyin yana shu 12-maktabda direktor (1997-2004 y.y);
♦ nihoyati esa tumandagi 12-maktab va Navoiy shahridagi 11-maktabda nemis tili o‘qituvchisi (2004-2018 y.y) bo‘lib ishlagan;
♦ ushbu yillar orasida Germaniyada bir necha bor malaka oshirib kelgan;
♦ shuningdek, Avstriya, Fransiya, Shveysariya davlatlarida bo‘lgan;
♦ “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni olgan (2016);
♦ Umrbod oliy toifali o‘qituvchi;
♦ shogirdlaridan Hamza Tojiyev – 2003-yildan beri Germaniyada istiqomat qiladigan; Lola Suvonova – nemis tili magestranti, Germaniya parlamenti stipendiati sanalgan; Nurmuhammad Yo‘ldoshev – jahon tillari universitetini bitirgan, hozirgi kunda Germaniyada; Sadriddin Asrayev – Toshkent davlat Jahon tillari universiteti o‘qituvchisi; Dilnora Norqulova – 2015-yilda Germaniya elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ko‘rik tanlovda (ifodali o‘qish) Respublikada 1-o‘rinni olgan; Temur Temirov – O‘zbekiston respublikasida nemis tili olimpiadasida 2-o‘rinni olgan (2008-y.); Shirin Tovasharova – Respublika olimpiadasida 3-o‘rinni egallagan (2011-y.);
♦ 4 farzandning otasi, 12 nevaraning bobosi…
Muxtasar aytganda, ta’lim frontining “fyurer”i – va mutanosib dahosi… kunduz kuni, o‘tgan-qaytganning oldida, hech kimga va hech nimaga qaramasdan, bor unida uvvos tortar edi:
– …ihiaaa… haa… haaa…

Sherbek BOBOQULOV