Muharrir minbari: Qurilish intizomi kuchaymasa, bunyodkorlik ishlarida izchillik yo‘qoladi

Muharrir minbari: Qurilish intizomi kuchaymasa, bunyodkorlik ishlarida izchillik yo‘qoladi

So‘nggi yillarda mam­lakatimizda qurilish sohasi iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlaridan biri sifatida jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Davla­ti­miz rahbari tashabbusi bilan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, shuningdek, qurilish sohasida joriy etilayotgan zamonaviy me’yor va talablar bu yo‘nalishda sifat va xavf­sizlikni ta’minlash, yangi uy-joylar, ijtimoiy soha obyekt­la­rini barpo etishda qat’iy tar­tibni yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.

Shu bilan birga nazorat tadbirlarida bir necha bor sifatsiz qurilish materiallari­ning qo‘llanayotgani, loyiha talablariga to‘liq amal qilin­ma­yotgani, ayrim pudratchi­larning mas’uliyatsizligi va ayrim noqonuniy qurilish­lar­ning o‘z vaqtida rasmiylashtirilmayotgani kabi holatlar ham uchramoqda. Bu esa nafaqat ish sifati, balki kelgu­sida obyektlarning xavfsizligi va barqarorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, nazorat jarayonlarini yanada kuchaytirish, pudrat­chilar malakasini oshirish va noqonuniy qurilishlarga qar­shi keskinroq choralar ko‘rish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Paxtachi tumanida olib bori­layotgan keng ko‘lamli bunyod­korlik ishlari ham ana shu islo­hotlarning amaliy samarasini yaq­qol namoyon etmoqda.
Bugungi kunda tuman­da qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan 64 ta obyekt Qurilish nazorati inspeksiyasi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, yil boshidan buyon ushbu obyekt­larda jami 456 marotaba moni­toring ishlari amalga oshirildi. Nazorat tadbirlari davomida jami 410 marotaba yozma ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashganligi sababli 13 nafar qurilish ishtirokchisiga hamda yetarli sifatga ega bo‘lmagan qurilish materiallari va buyum­larini yetkazib berganligi uchun 4 ta qurilish materiallari ishlab chiqaruvchisiga nisbatan qonu­niy choralar ko‘rish yuzasidan taqdimnomalar kiritildi. Mazkur chora-tadbirlar tuman hududida olib borilayotgan qurilish-mon-taj ishlarining sifatini oshirish, me’yoriy talablar asosida barpo etilishini ta’minlash hamda qurilish materiallari bozorida mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ijrosi o‘z vaqtida ta’minlan­magan 11 ta yozma ko‘rsatma bo‘yicha jami 92 million so‘mlik 11 ta ma’muriy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, 20 ta holatda sifatsiz bajarilgan qu­ri­lish-montaj ishlari buzdirish orqali joyida bartaraf etildi.
Masalan, Paxtachi tu­manidagi 11-sonli maktab­gacha ta’lim tashkiloti ob­yek­tida asosiy bi­no­ning osh­xona qismida yuk ko‘taruv­chi devorlarga terilayotgan g‘ishtlar sifatsiz bajarilgani sababli joyida de­montaj qilindi. Yana bir ho­latda, tumandagi 36-maktabgacha ta’lim tashkilotida asosiy binoning birinchi qa­vat deraza chetlariga loyi­ha bo‘yicha sement qo­rish­ma berilishi belgilangan edi. Biroq pudratchi tomonidan ohak qorishma ishlatilgani, shuningdek, ikkinchi qa­vat­da terilayotgan par­devor­lar­da loyiha talabidan chet­la­nib, “SG-2″ setka qo‘ymasdan ish bajarilgani aniqlanib, mazkur ishlar joyida de­mon­taj qilindi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Bu kabi chora-tadbirlar qurilish-montaj ishlarining belgilangan me’yor va talablarga muvofiq bajarilishini ta’minlash, shuningdek, sifatni nazorat qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish ishlari bo‘yicha ko‘rilgan choralar

Joriy yil davomida tumanda 7 ta noqonuniy qurilish obyekti aniqlangan bo‘lib, shundan 1 ta obyekt belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazildi. 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tmagan 6 ta obyektning 1 tasini buzdirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilgan, qolgan 5 ta obyekt bo‘yicha esa da’vo arizalarini kiritish ishlari hali ta’minlanmagan.
Aniqlangan noqonuniy quri­lishlarga nisbatan 12 ta ma’mu­riy bayonnoma rasmiylashtirilib, jami 122 million so‘mlik ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Mazkur choralar tuman hudu­dida qurilish-montaj ishlarini belgilangan tartibga muvofiq tashkil etish, shuningdek, qurilish intizomini mustah­kam­lashga xizmat qilmoqda.

Uy-joy qurilish dasturi ijrosi

Davlatimiz rahbari tomoni­dan tasdiqlangan “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon asosida, Samarqand viloyatida 2025-yilda 135 ming xonadonli ko‘p xonadonli uy-joylarni qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Mazkur rejaga muvofiq, Paxtachi tumanida 230 xona­donli 4 ta ko‘p qavatli uy-joy qurib, foydalanishga topshi­ri­li­shi belgilangan. Bugungi kunga kelib, tuman hududida 65 xona­donli 2 ta uy-joy foydalanishga topshirildi. Shunday qilib, das­turning bajarilishi 28 foizni tashkil etmoqda.
Ushbu ko‘rsatkichlar tuman­da uy-joy qurilishi rejalari izchil amalga oshirilayotganidan da­lolat berib, aholi uchun zamo­na­viy turar joylar barpo etish yo‘lidagi ishlar davom etmoqda.
Tumanda olib borilayotgan qurilish ishlari nafaqat aholi uchun qulay turmush sharoitlari yaratishga, balki butun hudud infratuzilmasini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda. Qurilish sohasida nazorat mexanizmlarining kuchaytirilgani, me’yoriy talablarning qat’iy qo‘llani-lishi ham sifatli, xavfsiz va zamonaviy inshootlar barpo etilishiga zamin yaratmoqda. Shu bois, kelgusida ham tumanda bunyodkorlik ishlari izchil davom etib, yangi uy-joylar, ijtimoiy soha obyekt­la­ri va ishlab chiqarish maj-­mualari barpo etilishi, tumanning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Sanjar QURBONOV, «PAXTACHI» gazetasi bosh muharriri