O‘qituvchilar – kelajak poydevorini quruvchilar, bilim chirog‘ini yoquvchi fidoyilardir. Bugun yurtimizda minglab ustozlar yangi avlodni yurtga xizmat qiladigan komil insonlar etib tarbiyalash yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilmoqda. Shunday yoshlardan biri – Paxtachi tumanidagi 24-maktab matematika fani o‘qituvchisi Og‘abek Jumanazarovdir.
Yosh bo‘lishiga qaramay, u o‘z ustida tinmay ishlashi, bilimga chanqoqligi bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelmoqda. 2024-yilda O‘zbekiston Milliy universitetining matematika fakultetini tamomlagach, tanlov asosida 24-maktabga ishga qabul qilindi. Oradan atigi bir yil o‘tar-o‘tmas, ikki marotaba attestatsiyadan muvaffaqiyat bilan o‘tib, 1-toifali o‘qituvchi darajasini qo‘lga kiritdi.
Og‘abekning yutuqlari buning bilan cheklanib qolmadi: u milliy hamda xalqaro darajadagi sertifikatlarni egallab, vazirlikning yuqori ustama talablari bo‘yicha ham mezonlarni to‘liq bajardi. Bugungi kunda 120 foizlik ustama bilan ishlayotgan tumandagi sanoqli pedagoglardan biri sifatida u o‘z mehnati bilan faxrlanadi.
Yaqinda yosh pedagog respublika miqyosida o‘tkazilayotgan o‘qituvchilar fan olimpiadasining yakuniy bosqichida ham ishtirok etdi. Bu uning bilim darajasi, intilishi va kasbiga bo‘lgan yuksak muhabbatining yorqin isbotidir.
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Og‘abek Jumanazarovga sog‘lik, kuch-g‘ayrat, o‘quvchilarni yanada chuqurroq bilim bilan qurollantirishdagi ezgu yo‘lida ulkan zafarlar tilaymiz. Sizning yuksak maqsad sari intilishlaringiz, yosh avlodga mehr bilan berayotgan saboqlaringiz – butun tumanimiz uchun ibrat va faxrdir.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz!