Barchamizga maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi hamda Oliy Majlisi Senatining 14-martdagi qarorlariga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi 2023-yil 30-aprel – yakshanba kuni o‘tkazilishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish Markaziy saylov komissiyasi zimmasiga yuklatilgan.
16-mart kuni Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish kalendar rejasini tasdiqlash, referendum okruglarini tuzish, referendum xarajatlar smetasini tasdiqlash, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malaka oshirishini tashkil etish, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Bo‘lib o‘tadigan referendumni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni qonunchilikda belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda majlisda O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish kalendar rejasi tasdiqlandi.
Majlis davomida “O‘zbekiston Respublikasining referendumi okruglarini tuzish to‘g‘risida” qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlari chegaralari doirasida 14 ta okruglar tashkil etilgani haqida maʼlumot berildi.
Foto: Markaziy saylov komissiyasi
Shuningdek, majlisda referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar smetasi ham muhokama etildi.
2019-yilda bu xarajatlar vakillik organlari saylovi uchun 230,5 mlrd so‘m mablag‘ni tashkil etgan.
Joriy yilda o‘tkaziladigan referendumni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 182,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Qoʻshimcha maʼlumot sifatida shuni aytishimiz mumkinki, referendumda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 19-26-aprelda boʻlib oʻtadi.