12 oktyabrdan Yevropaning Shengen zonasida EES (Entry Exit System) nomli yangi elektron kirish-chiqish tizimi amalga kirdi. Yangi qoidalarga ko‘ra, endi Shengen hududiga kiruvchi barcha uchinchi davlat fuqarolari, jumladan O‘zbekiston fuqarolari ham, chegarada biometrik ma’lumotlar — yuz surati va barmoq izlarini topshirishi shart bo‘ladi.
EES tizimi fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni raqamli bazaga yozib boradi. Keyingi safarda Shengen chegarasini kesib o‘tishda ushbu ma’lumotlar avtomatik ravishda tekshiriladi. Bu orqali Yevropa Ittifoqi chegara xizmati turist yoki sayohatchi qancha vaqt qolganini aniq kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi.
Tizim chegaradagi barcha turdagi o‘tish nuqtalarida — aeroportlar, portlar, temir yo‘l vokzallari va avtomobil postlarida ishlaydi. Yangi tartib vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolariga ham tatbiq etiladi. Biroq Shengen hududida istiqomat ruxsatnomasi yoki uzoq muddatli vizaga ega shaxslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi.
EES tizimi dastlab Chexiya, Estoniya va Lyuksemburgda to‘liq ishga tushdi. Germaniya esa tizimni avval Dyusseldorf aeroportida, keyinchalik Frankfurt va Myunxenda joriy etishni rejalashtirgan. Yevropa Komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, tizim kelgusida 29 davlatning tashqi chegaralarida to‘liq faoliyat ko‘rsatadi.
EES tizimi fuqarolarning ismi, pasport ma’lumotlari, biometrik ma’lumotlari, kirish vaqti va joyi haqidagi ma’lumotlarni qayd etadi. Bu noqonuniy migratsiya va hujjat soxtalashtirish holatlarining oldini olishga, shuningdek Yevropa aholisi va sayohatchilar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yevropa Ittifoqi ma’lum qilishicha, 2026 yil 10 aprelgacha pasportlarga muhr bosish amaliyoti butunlay bekor qilinib, chegara nazorati to‘liq avtomatlashtiriladi.