Tozalik va ozodalik oyligi boshlandi: faol bo’ling, xazonni yoqmang, ekologiyamizga daxldorlik tark etmasin!

Tozalik va ozodalik oyligi boshlandi: faol bo’ling, xazonni yoqmang, ekologiyamizga daxldorlik tark etmasin!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan, 15-oktabrdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab tozalik va ozodalik oyligi boshlandi. Ushbu oy davomida barcha mahallalar, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, ko‘chalar hamda aholi yashash hududlarida keng ko‘lamli tozalash ishlari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi vakillaridan iborat maxsus shtablar tuzilmoqda. Mazkur shtablar har bir viloyat, tuman va shahar hududida qat’iy ekologik nazorat o‘rnatib, aholiga kunlik ma’lumotlarni yetkazib boradi. Oylik davomida ekologik huquqbuzarliklarga qarshi doimiy reyd tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ekologiya vazirligi tomonidan mamlakatning barcha hududlariga o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralarining nazorati yanada kuchaytiriladi.
Shuni eslatib o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respub­li­kasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi 5-sonli Farmoniga muvofiq, hududlarni tozalash uchun mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘z vazifalarini bajarmasligi oqibatida atrof-mu­hit­ning ifloslanishiga yo‘l qo‘ysa, javobgarlikka torti­ladi. Belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning te­gish­li moddalariga binoan qat’iy choralar ko‘rili­shi­ga sabab bo‘ladi.
Ekologiya vazirligi barcha fuqarolarni tozalik oyligida faol ishtirok etishga, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlamaslikka va atrof-muhitni asrashga chaqiradi.

Agar siz atrof-muhitni ifloslantirish holat­lariga guvoh bo‘lsangiz, darhol quyidagi telefon raqamlariga xabar bering:
 (71) 207-11-07, (71) 207-11-08
1157 yoki 1207 qisqa raqamlari
 @ecogovuz_bot orqali ham murojaat qilishingiz mumkin.

Oylik davomida mamlakatimizning barcha hududlari – bolalar bog‘chalari, maktablar, oliy ta’lim muassasalari, tashkilotlar, mahallalar va ko‘chalar tozaligiga alohida e’tibor qaratiladi. Tozalik aksiyalari va plogginglarda tashkilot rahbarlari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari hamda Ekologik partiya vakillari faol ishtirok etmoqda.
Atrof-muhitning ozodaligiga qarab, jamiyat madaniyati baholanadi. Inson faqat o‘zining pokizaligiga emas, balki xonadoni, mahallasi va Vatanining tozaligiga ham mas’ul. Ba’zan chiroyli kiyimda bo‘lsa-da, atrofdagi chiqindiga e’tibor bermaydigan, mashinada ketayotib chiqindi uloqtiradigan hollar uchrab turadi. Ko‘chalarda maxsus axlat idishlari mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim fuqarolar chiqindini asabiy tarzda yo‘l chetiga tashlab ketishadi. Bankomat atroflarida sochilib yotgan chek qog‘ozlari ham dilni xira qiladi.
Masalan, Yaponiyada ko‘cha supuruvchilar yo‘q, biroq atrof har doim toza. Sababi u yurt fuqarolari uchun tozalik kundalik hayotning ajral­mas qismiga aylangan. Maktablarda o‘tiladigan ijtimoiy ong darslari esa o‘quvchilarga atrof-mu­hitni asrash va o‘zini unga daxldor his etishni o‘rgatadi.
Keling, biz ham shu oylik davomida tozalik va ozodalikni hayot tarzimizga aylantiraylik. Atrofga chiqindi tashla­maylik, ish joyimiz, mahallamiz va uyimiz atrofiga e’tiborli bo‘laylik. Har birimiz kichik hissa qo‘shsak, natija yurtimiz obodligi va ekologik barqaror­ligi uchun katta qadam bo‘ladi.
Paxtachi tuman Ekologiya, atrof-muhitni mu­hofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi raisi ta’kidlashicha, bu oylik har bir fuqaroning daxl­dorligini oshirish, atrof-muhitni asrash va farovon hayot uchun mas’uliyat hissini kuchay­tirishga qaratilgan.

Sanjar QURBON