Zamon rivojlangani sayin tadbirkorlar ham ko‘payib, shaxsiy korxonalarga ham imkoniyatlar ochilmoqda. Shu jumladan, ko‘cha-ko‘yda turli do‘konlar, restoranlar va o‘quv markazlarining afishalarida boshqa tillardan kirib kelgan so‘zlardan foydalanilganiga ko‘zimiz tushadi. Bunday turdagi muassasalardan xabardor bo‘lganimiz yaxshi abatta, ammo bu o‘z tilimiz va milliy g‘ururimizga bo‘lgan e’tibor masalasida hali ham oqsoqligimizni ko‘rsatadi. Ushbu turdagi masalalarga bugun qanchalik e’tibor qaratilmoqda? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida o‘zbek tilining ozod yurtda to‘lgan uch muchal bayrami munosabatidan mutaxassis – Paxtachi tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nargiza Shodiyeva bilan suhbatda bo‘ldik.
– Xalqimiz turli xorijiy tillardan kirib kelgan so‘zlardan keng foydalanmoqda. Ayniqsa, do‘konlar, restoranlar, o‘quv markazlari va boshqa muassasalarda bu holatni tez-tez uchratamiz. Shu boradagi sizning fikringiz, munosabatingiz qanday?
– Shunga o‘xshash xorijdan kirib kelgan so‘zlarni bartaraf etish ishlari mamlakatimiz miqyosida olib borilyapti. Masalan, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilgan holda, birinchi o‘rinda, o‘zimizning o‘zbek tilimizda katta harflar bilan yozilishi kerak, aslida. Keyin esa boshqa tilli yurtimizda yashovchilarga yoki yurtimiz mehmonlariga ham tushunarli bo‘lishi uchun o‘sha brend nomi yoki korxona peshlavhasi berilishi kerak.
Lekin tadbirkorlarimiz buning aksini bajarishmoqda, ya’ni birinchi o‘sha chetdan kirib kelgan so‘zlarni yozib, keyin o‘zbek tilidagisini yozsa, ba’zilarida esa umuman, o‘zbekchasi ham yo‘q. Biz shunga o‘xshash hollardagi tadbirkorlik obyektlariga borib, qonunchilikdagi vaziyatlarni tushuntirib, ogohlantirish berib, holatni bartaraf etishga urinamiz. Ammo ko‘p o‘tmay takroran yana shunday xatolarga yo‘l qo‘yayotganlari ham afsuski ko‘p. Ular qonunga bepisandlarcha qarashadi. Lekin qonun tadbirkorgayam, xalqqayam bir xil-ku, to‘g‘rimi. “Erta-indin” kabi bahonalar yoki “tadbirkorni hech ishlashga bermas ekansizlar” degan vajlar bilan bizdan o‘pkalashadi. Biz bunday vaziyatlarga qarshi kurashish, belgilangan jazo, ya’ni jarimalarni qo‘llashda mas’ul tashkilotlar bilan doimiy hamkorlik qilib kelyapmiz.

– O‘z tiliga mehr-muhabbat bilan qaraydigan inson o‘z xalqini, Vatanini, milliy qadriyatlari va madaniy merosini ham e’zozlaydi. Bejizga Alisher Navoiy bobomiz bundan besh asr muqaddam “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz” deb yozmagan. Ammo keling, masalaga xolis qaraylik: bugun ba’zi yurtdoshlarimiz, masalan, taksistlar orasida Ziyovuddin shaharchasini “Ziadin” deb yozib olganlarini ko‘ramiz. Bunday holatlarga siz ham guvoh bo‘lgandirsiz. Xo‘sh, bunga munosabatingiz qanday? Davlat tili to‘g‘risidagi qonunchiligimiz bu holatni qanday tartibga soladi? Agar qonunda bunday holatlarga oid normalar mavjud bo‘lsa, amaliyotda qanday choralar ko‘rilmoqda?
– To‘g‘ri savol berdingiz. Haqiqatan ham, biz bekatlarda turganimizda “Ziyovuddin” o‘rniga “Ziyadin”, “Ziadin” deb noto‘g‘ri yozilgan holatlarni tez-tez uchratamiz. Bugungi kunda odamlar ko‘cha-ko‘yda, ta’lim muassasalarida va kundalik muloqotlarda ko‘proq sheva so‘zlaridan foydalanayotganlari bois, adabiy nutqning mavqei biroz pasayib borayotgani sir emas. Maktablarda darslar mazmunida ham badiiylik, til madaniyatiga e’tibor yetarli emasligi seziladi. Natijada bu holat asta-sekin keng tarqalib bormoqda. Aslida, yozuv va bayonotlar sof o‘zbek tilida, to‘g‘ri imlo asosida yuritilishi qat’iy ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo amaliyotda ba’zida bu talabga yetarlicha amal qilinmayapti, qonun orqada qolib, biz yana shevaga, ba’zan esa noto‘g‘ri yozuvlarga qaytib ketayapmiz.
Ochig‘ini aytganda, biz ham hozirgacha yo‘nalishli yo‘lovchi tashuvchi taksi xizmatlari o‘rtasida joy nomlarini to‘g‘ri yozish borasida alohida tanbeh yoki tushuntirish ishlari olib bormaganmiz. Siz ko‘targan bu masala juda dolzarb – bu borada albatta tegishli ishlarni rejalashtiramiz.
– Davlat idoralari xodimlari orasida hali ham imloviy xatolar qiladigan, jumlalarni uslubiy jihatdan to‘g‘ri tuza olmaydigan holatlar uchraydi. Bunday vaziyatlarda ular bilan qanday tushuntirish yoki malaka oshirish ishlari olib borilmoqda? Umuman, bu boradagi ichki holat qanday?
– Gapingizda jon bor, ya’ni hech qaysi davlat idorasidagi xodim xato yozishi mumkin emas. Aslida, bu juda xunuk holat bo‘ladi. Agar biz imloga e’tibor qilmasak, xato yozaversak, bizdan keyingi keladigan yosh-avlod ham shu yo‘l to‘g‘ri, degan xulosaga kelib qoladi. Shu sababli biz davlat idoralari va turli tashkilot xodimlari bilan ommaviy diktantlarni tashkil qilganmiz. Bu ayniqsa, xatlar bilan ishlaydigan mas’ul xodimlar uchun juda muhim ish bo‘ldi. Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti instituti qoshida til bo‘yicha o‘qitish va sertifikat berish masalasida markaz tashkil qilingan, uni Samarqandda ham filiali bor. O‘sha filialda ham xodimlarga huj-jatlar bilan ishlash va imloviy qoidalar bilan yozish kabi jihatlar o‘qitib kelinmoqda. Imloga e’tibor qaratish maqsadidagi yuqorida ta’kidlaganimiz, ya’ni diktantlar olinganida, tumanimiz xodimlarining natijasi ham biz qo‘rqqanimizdek, yomon chiqmadi. Hech bir xodimda 2-3 baholarni uchratmadim.
– Suhbatimiz boshida tilga olingan masalaga qaytsak: tashqi reklama lavhalari, ya’ni savdo obyektlari, shahar bannerlari va e’lonlarda davlat tilining ustuvorligini ta’minlash borasida qanday monitoring va nazorat ishlari olib borilmoqda? Bunday xatoliklarni bartaraf etishda mahalliy hokimiyat organlarining mas’uliyati qay darajada?
– Qonun – hammaga barobar. Zero, biror tadbirkor o‘z reklama bannerlarida chet el so‘zlari bilan nomlangan biznesi haqida bong urayotgan bo‘lsa, u ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravarigacha jarima to‘lashiga majbur bo‘ladi.
– Davlat tilini targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni qanday? Bugungi kunda o‘z tilimizga e’tiborsizlik holatlariga qarshi OAV bilan hamkorlikda tanqidiy chiqishlar amalga oshirilayaptimi? Sizningcha, bunday doimiy hamkorlik va tanqidiy yondashuv til madaniyatini oshirishda eng to‘g‘ri yo‘l emasmi?
– Bu masalalarda tanqidiy chiqishlar halicha qilmadik. Biroq kirill alifbosida yozilgan yoki o‘zbek tili qoidalariga rioya etilmagan e’lon lavhalari kabilarni olib tashlash borasida ishlarimiz ketmoqda. Faqat bu joyida bartaraf qilingani haqida axborotlarni beryapmiz. Ammo ba’zi bir hollarda biz mana shunday tanqidiy tarzda jurnalistlar bilan hamkorlikda ham ishlashni reja qilganmiz. Shu yilda ham tumanimizdan o‘tgan M-37 avtomobil yo‘lida yoppasiga noto‘g‘ri va qonunchilikka zid peshlavhalarni olib tashlash ishlarini qilganmiz. Lekin yuqorida aytganimizdek, guvohi bo‘ldikki, ba’zi “uddaburon”lar o‘z bilganidek yana o‘sha narsani chiqarib olishyapti. Bu oddiy odamlar emas, balki tadbirkorlarimiz orasidagi mas’uliyatsizlik desak ham bo‘ladi. Ularda shu uslubda yozsak, odamlarni ongiga tezroq ta’sir qiladi, degan noto‘g‘ri fikr bor. Anglaganingizdek, bular ham bizni tilimizga bir e’tiborsizlik. Kurashish bor, faqat amal qiluvchilar juda kam, xolos.
– Raqamli asrda, ya’ni internet va ijtimoiy tarmoqlar davrida o‘zbek tilining mavqeini saqlab qolish va uni yanada rivojlantirish uchun, sizningcha, qanday chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim?
– Bu borada juda ko‘p hollarga guvoh bo‘laman: hatto bitta so‘zning o‘zini to‘rt-beshta imloviy xato bilan yozadiganlar bor. Ko‘p hollarda izohlar bo‘limida ularning so‘z yoki gapni to‘g‘ri yozish tartibini tushuntirib o‘taman. Afsuski, jamiyatimizda bunday e’tiborsizlik holatlari hali ham ko‘p uchraydi. Ayrimlar ruscha yoki boshqa tillardagi so‘zlarni aralashtirib yozishadi. Nega bunday qilishlarini o‘ylash og‘riqli, aslida. Axir, boshqa tilni bilish yoki o‘rganish insonning shaxsiy boyligidir. Ammo bu bilimni o‘z tiliga bepisandlik bilan aralashtirib ishlatish, uni past ko‘rsatish bu noto‘g‘ri. Bugun dunyoning yetakchi internet platformalari va yirik kompaniyalari o‘zbek tilini tizimlariga kiritishmoqda. Demak, biz ham o‘z tilimizni asrash, uni rivojlantirish va hurmat bilan ishlatishni o‘z mas’uliyatimiz deb bilishimiz kerak.
Ha, bugun jamiyatimizda ona tilimizga hurmat yetarli darajada emasligi har qadamimizda uchrashi bu juda achinarli holat. 1989-yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish davrida millatimiz qanchalik jon kuydirganini bugun yoshlar bilishadimi? Nega faqat bayram deb shu kun kelaversagina ona tilimizga hurmatni eslab qolamiz, tadbirlar-u, roliklar ishlashni ko‘paytiramiz? Bu kunni milliy erkimiz, tilimiz mustaqilligiga, g‘ururimiz ipidan yechilgan kun sifatida qadrlash, uni asrash zarur. Buning uchun bir qarashda “arzimas”dek ko‘rinuvchi, ammo muhim islohlardan, deylik “Ziadin”ni – “Ziyovuddin”ga almashtirish kabilardan boshlasak, eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lardi. Tadbirkorlarimiz ham o‘zbek ekanligini yoki o‘zbek zaminidaligini ich-ichidan his qilishsalar va ona tilimizni “brend”lariga aylantirsalar, balki Amerikaning “KFC”si kabi bizning “Milliy osh”imiz, “Samarqand non”nimiz chet elda ko‘zni yashnatarmidi!..
Dilnoza HAKIMOVA suhbatlashdi.
