Hayotimizning tez sur’atda rivojlanayotgan ritmida quloqchinlar ko‘pchiligimiz uchun ajralmas hamrohga aylangan. Avvaliga, ular atrofdagi shovqin-surondan qochish uchun ishlatilsa, yillar o‘tib, bu qurilma o‘sha ovozlarni eshitish uchun zarur bo‘lib qolishi mumkinligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Masalan, ko‘chalarda yurgan o‘smirlarning aksariyati quloqlarini band qilgan holda yurishadi. To‘g‘ri, qaysidir ma’noda bu qulaylikdir. Musiqa tinglab, hordiq olasiz, dunyo tashvishlaridan qisman qochgandek bo‘lasiz. Lekin bu “tanga”ning ikkinchi, yani salbiy oqibatlarga ham olib kelishi haqida necha bor bong urilmoqda. Ushbu maqolada quloqchinlarning tibbiy zararlari va psixologik ta’siri haqida batafsil to‘xtalishga, mutaxassislar fikrlari va ilmiy ma’lumotlar asosida tasniflab berishga harakat qildik.
Yoshlar orasida quloqchinlarning ommaviylashishi
Zamonaviy hayotda o‘smirlar va yoshlar quloqchinlarni kunlik hayotining bir qismiga aylantirgan. O‘rtacha bir inson kuniga 3-5 km masofani yo‘lda o‘tkazadi, bu taxminan 1 soatni tashkil etadi. Bir yilda bu 365 soatga, butun hayot davomida esa (70 yoshni o‘rtacha hisoblaganda) 25 550 soatga yetadi. Ko‘plab talabalar bu vaqtni samarali o‘tkazish uchun quloqchinlar orqali audiokitoblar, ilmiy ma’ruzalar yoki podkastlarni tinglashadi. Bu «ilm talab qiluvchilar» uchun qo‘shimcha “bonus” kabi bo‘lib, kun tartibiga qo‘shimcha foyda keltiradi.
Foydalari: Ovozli dunyoga kirish eshigi
Quloqchinlarning ijobiy tomonlari ham ko‘p. Ular shovqinli muhitda konsentratsiyani saqlashga yordam beradi, o‘quv jarayonini boyitadi va hatto stressni kamaytirishi mumkin. Masalan, tinchlantiruvchi musiqa yoki motivatsion podkastlar orqali kunlik hayotni yengillashtiradi. Biroq, bu foydalar me’yor saqlanmasa, zararga aylanadi.
Tibbiy zararlari: Eshitish va salomatlikka tahdid
Uzoq muddatli va yuqori ovozli quloqchin foydalanishi jiddiy tibbiy muammolarga sabab bo‘ladi. Birinchi navbatda, bu eshitish qobiliyatiga ta’sir qiladi. Inson qulog‘i tashqi, o‘rta va ichki qismlardan iborat. Tashqi quloq atrofdagi tovush to‘lqinlarini qabul qilib, quloq pardasiga, ya’ni nog‘ora pardasiga uzatadi. O‘rta quloqda uchta suyakcha mavjud bo‘lib, yuqori ovozda ular zararlanadi va miyaga uzatilayotgan signallar buziladi. Natijada, eshitish pasayishi yuz beradi.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori ovozli tovushlarga doimiy ta’sir quloq pardasini qaytarib bo‘lmas darajada shikastlaydi. Bu zarar yoshlarda darhol ko‘rinmasligi mumkin, ammo 10-15 yildan keyin yuzaga chiqadi. Masalan, shifokor Begmurod Sobirovning fikricha, bugungi yoshlarning eshitish muammolari 10-15 yildan keyin ommaviy ravishda paydo bo‘lishi holatlari tez-tez uchramoqda. Ilmiy tadqiqotlar ham buni tasdiqlaydi: uzoq muddatli quloqchin foydalanishi shovqdan kelib chiqadigan eshitish yo‘qotilishiga olib keladi, shuningdek, “tinnitus”, ya’ni quloqda doimiy shovqin paydo bo‘lishi va eshitishning pasayishiga sabab bo‘ladi. Ha, ayrimlar ko‘pincha boshlari tez-tez og‘rishini aytishadi-ya, aynan shu ham bu matohning bir zarari, aslida. Xotira susayishi, asabiylik, uyqusizlik va bosh aylanishi kabi alomatlar uning ortidan izma-iz keladi. Bu miya tomirlaridagi spazmlarga va qon bosimining oshishiga olib keladi. Tez-tez foydalanish natijasida quloqlarda mum yig‘ilishi va tiqinlar hosil bo‘lishi mumkin.
Statistikaga ko‘ra, bugungi kunda eshitish shikastlangan bemorlar soni ko‘p emas, chunki quloqchinlar zamonaviy texnologiya. Ammo audiologlarning ogohlantirishicha, yoshlar orasida bu muammo tez orada kuchayishi mumkin. Bundan tashqari, yuqori ovozli tovushlar miyani charchatib, stressni oshirishi mumkin.
Psixologik ta’siri: Qochish mexanizmi
Quloqchinlar nafaqat jismoniy, balki psixologik ta’sirga ham ega. Psixolog Dilafruz Hasanovaning fikricha, oilaviy muammolar yoki atrof-muhitdagi salbiy holatlarda bo‘lgan yoshlar quloqchinlarga ko‘proq murojaat qiladi. Ular 10-15 daqiqa bo‘lsa-da, yoqimli musiqa orqali muammolardan qochishni afzal ko‘radi.
– Bu aslida o‘zlikdan qochishning bir shakli bo‘lib, uzoq muddatda psixologik muammolarni kuchaytirishi mumkin, – deydi Dilafruz Husanova.
Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, quloqchin foydalanishi “tinnitus” bilan bog‘liq bo‘lib, bu esa kayfiyat buzilishi, depressiya va xavotirlikni oshiradi. Bundan tashqari, eshitish yo‘qotishi muloqotni buzib, oila va do‘stlar bilan munosabatlarga salbiy ta’sir qiladi.
“Kar” bo‘lsangiz, bu kasblarni ham orzu qilmang!
Eshitish qobiliyati past bo‘lgan odamlar ko‘plab kasblarni muvaffaqiyatli egallashi mumkin, ammo ba’zi kasblar eshitish qobiliyatiga yuqori darajada bog‘liq bolib, ularda ishlash qiyinlashishi yoki mumkin bo‘lmasligi mumkin. Bu kasblar orasida musiqachi yoki ovoz muhandisi, zamonaviy va mo‘may daromad keltiruvchi audio tahrirlovchi yoki podkast prodyuseri, o‘t o‘chiruvchi, Ichki ishlar yoki tez yordam xodimi, temiryo‘l mashinisti, uchuvchi, call-center operatori kabilar ham bor.
“Asalning ham ozi shirin” deganidek, quloqchinlarda ham me’yor muhim. Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, kuniga 2-3 soatdan oshirmasdan, ovoz darajasini 60% dan yuqori qo‘ymaslik kerak. Bu quloq pardasiga zarar yetkazmaydi. Shovqin o‘chiruvchi (noise-cancelling) quloqchinlar esa boshqalarga qaraganda xavfsizroq, chunki ular yuqori ovozga muhtojlikni kamaytiradi. “Vakuumli” modellar ham qulayroq variant.
Quloqlaringizni hozirdan asrang, chunki yillar o‘tib ularni “ochish” qiyin bo‘lmasin. Me’yor saqlab, quloqchinlarni foydali vosita sifatida ishlatish, eng to‘g‘ri qaror.
Dilnoza HAKIMOVA tayyorladi,
“PAXTACHI” gazetasi qoshidagi
“Kelajak jurnalistlari” to‘garagi a’zosi.
