Toshkent, 25 dekabr – Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi joriy yilning eng yirik firibgarlik ishlaridan birini ko‘rib chiqishni boshlaydi. Dastlabki sud majlisi bugun, 25 dekabr kuni soat 14:00 da belgilangan.

Oliy sudning onlayn sud majlislari jadvalidan ma’lum bo‘lishicha, mazkur ishda jabrlanuvchilar soni 1 766 nafarni tashkil etadi. Ish sudya Baxodir Qayumov raisligida ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, “Credit House” va “In Fin Stroy Invest” kompaniyalari Toshkentda oson shartlarda uy-joy sotishni va’da qilib, minglab fuqarolarni aldaganlikda ayblanmoqda. Ish doirasida jami 9 nafar shaxs ayblanmoqda:
- Baxtiyor Amzayev, Dmitriy Bajyenov, Robiya Galyamova, Klara Talipova, G‘ayrat Mirkamalov va Bahrom Hikmatullayev – JKning 168, 170, 177, 178, 184, 189, 192¹¹ va 243-moddalari bo‘yicha;
- Alisher Shamsiddinov – 168, 170, 177, 192¹¹ va 243-moddalari bo‘yicha;
- Shoira Rahimova va Shuxrat Mahamadov – 168, 170, 177, 178, 192¹¹ va 243-moddalari bo‘yicha.

Ayblovlar orasida uyushgan guruh tarkibida juda katta miqdorda firibgarlik, mulkiy zarar yetkazish, valuta operatsiyalarini qonunga xilof ravishda amalga oshirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tov lash va jinoiy daromadlarni legallashtirish bor.
Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar miqdori rasman e’lon qilinmagan, ammo manbalarga ko‘ra, u 1 trillion so‘mdan oshishi mumkin. Agar bu tasdiqlansa, bu O‘zbekiston tarixidagi eng yirik firibgarlik ishlaridan biri bo‘ladi.
Tergov harakatlari yakunlangan va ish mazmunan sudga yuborilgan. Sud jarayoni ochiq bo‘lib o‘tadi.
