Yangi yil kelishi bilan hamma, ayniqsa bolajonlar orzu-havaslarga to‘lib ketadi. Ular uchun eng katta quvonch – sovg‘alar, Qorbobo va Qorqizning tashrifi! Bu sehrli lahzalar bolalarning yuragida abadiy saqlanib qoladigan eng yorqin xotiralar bo‘lib qoladi.
24-dekabr kuni Paxtachi tumani 31-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida (bolalar bog‘chasi) 2-o‘rta guruh bolalari uchun unutilmas Yangi yil bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir zalini yangi yil archasi, rang-barang bezaklar va quvonchli musiqalar bilan to‘ldirib, haqiqiy bayram muhitini yaratishdi.

Bolajonlar o‘zlarining sevimli Qorbobosini kutib, sahna oldida hayajon bilan o‘tirishdi. Tadbir boshlanishi bilan kichkintoylar o‘z chiqishlarini boshlashdi: yurakdan chiqqan she’rlar, shirin qo‘shiqlari va jo‘shqin raqlari bilan mehmonlarni lol qoldirishdi. Har bir chiqishda bolalarning o‘ziga xos iste’dodi va tayyorgarligi yaqqol namoyon bo‘ldi – ular mehmonni bir lahzaga ham zeriktirishmadi!
Tadbirning eng muhim va quvonchli lahzasi – aziz mehmon Qorboboning kelishi bo‘ldi! U bolalarga tabassum bilan salom berib, ularning chiqishlarini olqishladi. Yakunda esa har bir bolajonga shirinliklar, o‘yinchoqlar va boshqa sovg‘alar ulashib, bayram kayfiyatini yanada oshirdi. Bolalarning ko‘zlarida porlagan quvonch – bu tadbirning eng katta yutug‘i edi!
Bunday tadbirlar bolalarning rivojlanishiga, ijodkorligiga va bayramona ruhiyatiga katta hissa qo‘shadi. Barcha tarbiyachilar va ota-onalarga rahmat – ularning sa’y-harakatlari tufayli bolajonlarimizning bolaligi yanada yorqin va baxtli bo‘lmoqda!
Yangi yil barchamizga sog‘liq, baxt va yangi yutuqlar olib kelsin!
Shahnoza ABDULLAYEVA,
Paxtachi tumani 31-DMTT tarbiyachisi
