Paxtachi tumani Kengashida yangi rais: endi hokim raislik qilmaydi

Paxtachi tumani Kengashida yangi rais: endi hokim raislik qilmaydi

Paxtachi tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya kun tartibiga muvofiq, tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, mahalliy budjet, jinoyatchilikka qarshi kurash, xotin-qizlar bandligi, soliq va suv resurslaridan foydalanish, shuningdek, Kengash faoliyatiga oid bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Sessiya ishini ochib berar ekan, dastlab Xalq deputatlari Paxtachi tumani Kengashi raisini saylash uchun siyosiy partiyalar vakillari guruhini tashkil etish va uning tarkibini tasdiqlash masalasi muhokama qilindi. Shundan so‘ng, kun tartibidagi ikkinchi masala — Kengash raisini saylash masalasi ko‘rib chiqildi.

Ochiq va oshkora muhokamalardan so‘ng, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Paxtachi tuman ixtisoslashtirilgan maktab direktori, Xalq deputatlari Paxtachi tumani Kengashi deputati Eshonqulov Eldor Uktamovich Xalq deputatlari Paxtachi tumani Kengashi raisi etib saylandi.

Sessiyada, shuningdek, Paxtachi tumani hokimligi boshqaruv apparatining yangilangan tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash, tuman hokimining Prezident Farmoni ijrosiga doir qarorini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Doimiy komissiyalar faoliyati yuzasidan ham hisobotlar tinglandi.

Jumladan, Agrar, qurilish, kommunal sohalar, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiya hamda Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalarning 2025-yil davomida amalga oshirgan ishlari yuzasidan axborotlar berildi.

Sessiyada “Ayollar daftari” masalasi ham muhokama etilib, tumanda ro‘yxatda turgan 4 ming 198 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ul rahbarning hisoboti eshitildi.

Tumandagi kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida prokuratura hamda Ichki ishlar bo‘limi rahbarlarining axborotlari tinglanib, bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Shuningdek, 2026-yilda suv resurslaridan foydalanganlik, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga qo‘llaniladigan koeffitsiyentlar, Paxtachi tumanining 2026-yilgi mahalliy budjeti, 2025-yil to‘rtinchi choragi budjetiga o‘zgartirishlar hamda 2026-yilga mo‘ljallangan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Sessiya yakunida Paxtachi tumanida “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, xizmat va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshiriladigan drayver loyihalar bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Sessiya davomida ko‘rilgan masalalar tuman taraqqiyotini jadallashtirish, aholi turmush darajasini yaxshilash hamda mahalliy boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

«MUHIM24.UZ»