Samarqand, 30-dekabr. 2025-yil Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim tizimida muhim o‘sish va rivojlanish yili bo‘ldi. Yil davomida jami 132 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti (MTT) ochildi. Bu haqda zarnews.uz sayti xabar berdi.
Shundan:
- 11 tasi davlat MTT,
- 8 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida,
- 113 tasi oilaviy nodavlat bog‘chalar.
Ushbu yangi tashkilotlar natijasida qo‘shimcha 11 761 nafar bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 3,5 foizga oshganini bildiradi.
Qamrov darajasi past bo‘lgan olis va chekka hududlarda bolalarga ta’lim yetkazib berish maqsadida “Aqlvoy” loyihasi doirasida 10 ta guruh tashkil etildi. Bundan tashqari, 2 ta zamonaviy ISUZU avtobusi negizida mobil ta’lim xizmati yo‘lga qo‘yilib, 174 nafar bog‘cha yoshidagi bolaga ta’lim berish ta’minlandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Jahon banki hamkorligida 763 ta davlat MTTga jami 8 milliard 150 million so‘mlik o‘yin maydonchalari va jihozlar yetkazib berildi. Shuningdek, 740 ta davlat MTTda bolalar ovqatlanishi bosqichma-bosqich autsorsing asosida tashkil etildi.
Inklyuziv ta’limni rivojlantirish borasida har bir davlat MTTda inklyuziv guruhlar faoliyat yuritmoqda. Bir qator tumanlarda ilk rivojlanish markazlari ishga tushirilib, qo‘shimcha 1500 o‘rin yaratildi. UNICEF bilan hamkorlikda o‘yinga asoslangan rivojlantirish loyihasi doirasida 4 ta yangi xona foydalanishga topshirildi.
Yil davomida metodik mahoratni oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi. Respublika miqyosidagi tanlovlarda samarqandlik bog‘chalar va ularning tarbiyalanuvchilari faxrli o‘rinlarni egalladi.
Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ushbu yutuqlar bolalar ta’limi sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Kelgusi yillarda qamrovni yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.
