Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov hozir Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasida 2,5 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Advokati Abdulloh Sodiqning ma’lum qilishicha, mahbusda qandli diabet II tipining insulinga muhtoj turi, artroz, stenokardiya va boshqa og‘ir hamroh kasalliklar aniqlangan.
Himoyachiga ko‘ra, Tursunovning qon bosimi tez-tez keskin ko‘tarilmoqda, oyoqlari shishib, tanasida turli yaralar paydo bo‘lyapti. Biroq u to‘liq davolanmayapti, dori-darmon bilan yetarlicha ta’minlanmayapti va sog‘ligiga qaramasdan og‘ir jismoniy mehnatga jalb qilinmoqda.
Mahbusning holati O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 75-moddasiga muvofiq, jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasallik sifatida baholanishi mumkin. Shu munosabat bilan uning buzilgan huquqlarini tiklash va salomatligini muhofaza qilish yuzasidan IIV hamda Bosh prokuraturaga murojaatlar kiritilgan.
