O‘zbekistonda avtokredit: insof qay darajada?

O‘zbekistonda avtokredit: insof qay darajada?

Qadrdon aka-ukalar, opa-singillar. Bugun sizlarga oddiy qilib, mashina kreditini dehqonchasiga  tushuntirib beramiz. Bu ishni dalada ishlagandek tasavvur qiling: yer haydash uchun traktor kerak, lekin pul yo‘q – bankdan qarz olasiz. Foiz degani – qarz uchun qo‘shimcha to‘lov, xuddi urug‘lik uchun qo‘shimcha haq to‘lagandek.
Hozir, 2026-yil boshida, O‘zbekistonda mashina kreditining o‘rtacha foizi 23-24% atrofida. Eng pastlari 21-22% dan boshlanadi (masalan, Ipoteka bank yoki Orient Finansda), eng yuqorilari 28-33% gacha chiqadi. Markaziy bankning asosiy stavkasi 14% bo‘lsa ham, avtokreditlar qimmatroq – chunki banklar o‘z risklarini hisobga oladi.

Keling, buni tushunishingiz uchun qo‘shnilar bilan solishtiramiz:

Qozog‘iston: U yerda pul qimmat, Markaziy bank stavkasi 18% atrofida. Oddiy avtokreditlar 25-28% gacha, lekin davlat yordami bilan ba’zi mashinalarga 4% gacha tushadi (mahalliy ishlab chiqarilganlar uchun). Umuman, bizniki bilan o‘xshash yoki biroz qimmatroq desak ham bo‘ladi.

Qirg‘iziston: Ancha arzonroq! Markaziy bank stavkasi 9% atrofida, avtokreditlar 18-22% oralig‘ida. Bizdan pastroq, chunki u yerda inflyatsiya past va bozor ochiqroq.

Tojikiston: Eng arzoni – Markaziy bank stavkasi 7.5%, kreditlar 15-20% atrofida. Bizdan ancha insofli.

Bizning foizlar qo‘shnilarga nisbatan yuqori, ayniqsa Qirg‘iz va Tojikistonga qaraganda. Qozog‘iston bilan taxminan teng, lekin u yerda imtiyozli dasturlar ko‘proq.

Bu foizlar insofli deb ayta olamizmi?

Yo‘q, insofli emas. Nega desangiz:

– Chet elda (masalan, Yevropa yoki AQShda) mashina kreditlari 6-10% atrofida. Bizda esa 23-24% – bu mashina narxining yarmini, hatto ko‘proq qo‘shimcha to‘lash degani.

– 5 yilga 300 million so‘m kredit olsangiz, foiz bilan 500-600 million to‘laysiz. Bu – dalada bir yil mehnat qilib, hosilning yarmidan ko‘pini bankka berishdek gap.

Sababi inflyatsiya hali yuqori (8-9%), banklar riskdan qo‘rqadi, bozor hali to‘liq rivojlanmagan.

Lekin yaxshi tomoni ham bor, UzAuto Chevrolet, Onix kabi mashinalariga maxsus aktsiyalarda 18-20% gacha tushishi mumkin. Ha, bu hali bizdagi yaxshisi.

Odamlarga yoqadimi?

Umuman yo‘q! Ko‘pchilik shikoyat qiladi:

– «Qimmat, oyiga to‘lov og‘ir yuk»

– Majburiy sug‘urta (KASKO, hayot sug‘urtasi) qo‘shiladi – yana qo‘shimcha xarajat.

– Boshlang‘ich to‘lov 25-30% bo‘lishi kerak, daromadni tasdiqlash qiyin, rad etish ko‘p.

– Ijtimoiy tarmoqlarda, odamlar orasida ham kredit muammosidan nolishayotgani, uni hajviy yo‘l bilan tanqid qilayotganini ko‘p ko‘rishingiz mumkin.

Ammo xalqda alternativ yo‘q – mashina kerak bo‘lsa, shu yo‘l bilan oladi. Ko‘pchilik «majburiyat» deb hisoblaydi.

Shunaqa gaplar, hozircha…

MUHIM24