Sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar keyingi o‘quv yilidan dars bera olmaydi

Sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar keyingi o‘quv yilidan dars bera olmaydi

Xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 sertifikati lavozimga qo‘yilgan majburiy talab hisoblanadi – vazirlik

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xorijiy til fanlari o‘qituvchilarining mehnat faoliyatiga doir xabarlarga aniqlik kiritdi.

Vazirlik ma’lum qilishicha, endilikda umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish lavozim malaka talablarining asosiy shartlaridan biri sifatida belgilangan.

Bu talab Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi qarorida belgilangan bo‘lib, uning amalga kirish muddati pedagoglar va jamoatchilik murojaatlari asosida bir necha bor uzaytirilgan.

Vazirlik tomonidan sertifikat olish uchun o‘qituvchilarga bepul onlayn va oflayn tayyorlov mashg‘ulotlari tashkil etilgani xabarda eslatib o‘tilgan.

Natijada 2025 yilning sentyabr–dekabr oylarida 5 ming nafardan ortiq pedagog sertifikatga ega bo‘ldi. Hozirga kelib esa 39 ming nafardan ortiq xorijiy til o‘qituvchilari tegishli sertifikatlarga ega, deyiladi ma’lumotda.

Ma’lum qilinishicha, sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarga 2026–2027 o‘quv yili boshlanguniga qadar imtihon topshirish va hujjatni qo‘lga kiritish imkoniyati beriladi. Shu bilan birga, tayyorlov kurslari kelgusida ham davom ettiriladi.

Avvalroq, Mehnat inspeksiyasi xorijiy til o‘qituvchilarini B2 sertifikati yo‘qligi uchun ishdan bo‘shatish qonunga zid ekanini ma’lum qilgandi.
Hukumat qarorida B2 daraja talabi belgilangan bo‘lsa-da, bu xodimni ishdan bo‘shatish uchun huquqiy asos bo‘la olmaydi. Inspeksiya bunday holatlar bo‘yicha vazirlikka taqdimnoma kiritganini ma’lum qilgan.